Islom dini qoidalariga muvofiq erkakning xotiniga uch marta “taloq” aytish bilan ajralishi Qozog‘iston uchun yot hodisa emas. Ekspertlar aytishicha, muammo ko‘lamini ko‘rsatadigan rasmiy statistika yo‘q. Holbuki, bunday tajriba ayollar hayotida og‘ir asorat qoldiradi.
“Taloq” bilan ajrashgan ikki qozog‘istonlik ayol Ozodlikning qozoq xizmatiga o‘z kechmishlarini so‘zlab berdi.
GULNOR: FAQAT BIR NARSA TASKIN BERADI – U BILAN FARZAND KO‘RMADIK”
Hozir 28 yoshdaman. U bilan tanishganimda 23 yashar edim. Bozorda sotuvchi edim, yonimda namozxon bir erkak savdo qilardi. Kunlarning birida u bir do‘sti ikkinchi xotin olmoqchi bo‘lib yurganini aytdi. Bizni tanishtirdi. Qirqdan oshgan, xotinli va to‘rt bolali erkak ekan. Oilasi 80 yashar onasi bilan birga Aqto‘bedagi Kosestek qishlog‘ida yashashini va meni hech narsaga zoriqtirmasligini aytdi. “Menga ikkinchi xotin bo‘l”, deb taklif qildi u. Men rozilik berdim.
U otam huzuriga borib, meni xotinlikka so‘rashni istamadi. To‘y qilish niyati yo‘q edi chunki. “Odamlardan qarzimiz bormidiki, qorinlarini to‘ydirsak?” dedi shu haqda gap ochilganda. Otam sovet zamonida katta bo‘lgan odam, qarashlari ham shunga yarasha. U yettinchi – kenja farzandini ikkinchi xotinlikka aslo bermagan bo‘lardi. Shu bois yashirincha turmush qurdik. 2016 yilning yoz fasli edi. Kosestek masjidi mullasi nikoh o‘qib qo‘ydi, xotini guvohlikka o‘tdi.
U taqvodor, katta yoshli odam bo‘lgani uchun batamom ishondim. Nikohimizni xalqqa ma’lum qilmadik. Erim 15 kunlik vaxtadan so‘ng bir muddat Aqto‘beda men bilan birga turdi. Xotini izlab, qo‘ng‘iroq qila boshlagach Kosestekka jo‘nab ketdi.
Aqto‘bedan menga ijaraga yakka xonali uy olib bergan edi. Kvartira, oziq-ovqat xarajatlari paydo bo‘lgach uning avzoyi o‘zgardi. Uyda na mebel bor edi, na ko‘rpa-yostiq. Katta sochiqqa o‘ranib uxlardim. U vaxtaga ketganida ochin-to‘qin yashashimga to‘g‘ri kelardi. Vaxtadan qaytgach, erim bir necha kunini men bilan kechirar, ammo qora non bilan makarondan bo‘lak hech vaqo sotib olmasdi. Biror gap bo‘lsa, darhol qishlog‘iga jo‘navorar, men esa hatto televizorsiz kvartirada necha kunlar qamalib yotishga majbur bo‘lardim.
Boz ustiga, vaqti-vaqti bilan birinchi xotini qo‘ng‘iroq qilib qarg‘ishlarga ko‘mib tashlardi meni. “Senga o‘xshaganlar birovning oilasini buzishdan boshqa ishga yaramaydi”, der edi kundoshim. Bir oz so‘ng yana telefon qilar va qo‘ng‘iroq qilganini erimga aytmaslikni iltimos qilardi. Undan qattiq qo‘rqardi, chamasi.
Bir kuni erim kvartiraga onasini boshlab keldi. Qaynonamning rang-ro‘yiga qarab ko‘ngliga o‘tirmaganimni tushundim. Choy icharkanmiz, u o‘g‘liga bir necha marta takrorladi: “Bu yerga kelganimni katta xotining bilmay qo‘yaqolsin”.
Tez orada ma’lum bo‘ldiki, nobop odamga yo‘liqibman. Anchadan beri go‘sht yemaganimizni aytsam yoki tarvuz olib kelishni iltimos qilsam jerkib tashlardi. Turmushimizning uchinchi oyida qattiq janjallashib qoldik. U “derazadan uloqtiraman”, deb tahdid qildi.
Uning qo‘pol va to‘ng fe’liga chiday olmay, nikohimizning to‘rtinchi oyida ajrashmoqchi ekanimni aytdim. Yoshgina, go‘l xotinni kim o‘z xohishi bilan qo‘yardi deysiz?! U o‘zinikini ma’qullab turaverdi. Aqto‘bening eski shahar qismidagi masjid imomi huzuriga bordik. Nikohimiz o‘qilayotganda men undan mahr o‘rnida trenajyor olib berishni so‘ragandim. Imomga erim hanuz va’da qilgan mahrini bermaganini aytdim va fe’l-atvoridan shikoyat qildim. Erim esa meni molparastlikda aybladi. Imom bizni diqqat bilan tinglagach, nikohning qadr-qimmatidan bahs etishga tushdi va bizni yarashtirib qo‘ydi. Lekin pirovardida baribir erimni tashlab, ota uyimga qaytdim. “Taloq” bilan ajralishdik.
O‘zimni baxtsiz his qilar, umidsizlikka tushgandim. Ruhiy muvozanatim izdan chiqdi, yaqinlarimni qattiq xafa qilib qo‘ydim. O‘shanda ahvolim naqadar ayanchli bo‘lganini eslasam ichimni it tirnaydi. Qarindosh-urug‘lar mendan yuz o‘girdi, oilamni, do‘stlarimni yo‘qotdim. Yomg‘irdan qochib do‘lga tutildim. Faqat bir narsa taskin beradi: umumiy farzandlarimiz yo‘qligi.
Aksiga olgandek, yuridik fakultetda o‘qib, olgan diplomimdan naf bo‘lmadi. Bir burda nonni savdo-sotiq orqasidan topaman. Aqto‘be bozorida bitta “tochka”ni ijaraga olganman: sut-qatiq, tovuq va halol kolbasa sotaman. Topganim otam ikkimizga yetadi. Keyingi paytlarda psixologiyaga qiziqib, ul-bul o‘qib yuribman. O‘zimni yaxshiroq o‘rganib, shaxsiyatimni kashf qilmoqchiman.
Endilikda hech qachon, hech kimga ikkinchi xotin bo‘lmayman, chunki qonuniy nikoh tuzilmasa, ayolning huquqlari himoya qilinmaydi. Kelgusida bolalarim himoyasiz qolishlarini xohlamayman.
Ikkinchi xotinlikka so‘rovchilar hozir ham oz emas. Meni ayol kishining yolg‘iz qolishi shariatga to‘g‘ri kelmaydi yoki hademay yoshing o‘ttizga kiradi, tug‘adigan fasling o‘tib ketadi, deb qo‘rqitmoqchi bo‘lishadi. Bunaqa sovchilarga bir xil savol beraman: “Kelajagim kafolati bo‘lishi uchun menga uy olib berasizmi?” Rost-da, kelgusida bolalarim bilan ijarama-ijara sang‘ishim kerakmi?
Erkaklar mening bu talabimdan keyin juftakni rostlab qolishadi. Ko‘p narsa talab qilyapsan, o‘zingga ortiqcha baho berasan, deb ustimdan kuladiganlar bor. Yo‘q, men ko‘p narsa so‘ramayapman. Men, shunchaki, erim nikohga mas’uliyat bilan qarashini va mumkin qadar oilasiga himoyachi bo‘lishini xohlayman xolos. Nikoh ko‘ylak emaski, dam-badam yangilasang.
MARYAM: “MUTAASSIBLIK JABRINI KO‘P TORTDIM”
14 yoshimdan namoz o‘qishni boshladim, vahhobiylik aqiydalariga berildim. Ota-onam qora ro‘mol va paranji o‘ranishimga qarshi edi, bir kuni namozni noto‘g‘ri o‘qiyotganimni sezib qolishdi, ammo men o‘z bilganimdan qolmadim.
Dugonam bilan Suriyaga ketmoqchi bo‘lganimda yoshim 16 da edi. Otlanib Aqto‘bega borganimizda ota-onam va Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tutib olib, reabilitatsiya markaziga joylashtirishdi. Hanafiya mazhabini qabul qilmadim, madrasada o‘qish taklifini rad etdim. Shunda meni uyga qamab qo‘yishdi. Keyinroq maktabga o‘zlari kuzatib, kutib oladigan bo‘ldilar.
Universitetga o‘qishga kirdim, birinchi kursdayoq meni “o‘g‘irlashdi”. Bo‘lg‘usi erimni tanimasdim, u bir tanishimning akasi bo‘lib, namoz o‘qimasdi. Uch oydan so‘ng homilador bo‘ldim. Lekin ko‘p o‘tmay ajralishib ketdik.
Yosh boshim bilan bolali ersiz xotin bo‘lib qoldim. Kunlarning birida internetda bir erkak bilan tanishdim. U mutaassib musulmon bo‘lib, nikohni rasman qayd ettirishni xohlamadi. Ko‘p o‘tmay xotini borligini, men ikkinchisi bo‘lishimni aytdi. Bir kuni telefon qilib, o‘z qarindoshlari bilan, mening ishtirokimsiz nikoh o‘qittirganini ma’lum qildi. Biz turli shaharlarda yashardik. U goh-goh kelib turar, men esa qarindoshlarim qarshiligiga qaramay uning yoniga jo‘nardim.
Boshida hammasi binoyidek edi. Men uni sevmasdim, lekin menga aytishdiki, shariat bo‘yicha ayol yolg‘iz yurmasligi kerak ekan. U moddiy ta’minotimiz va bolam tarbiyasi bilan shug‘ullanishga va’da berdi.
Bir oylardan so‘ng unda o‘zgarish ro‘y bera boshladi: kam keladigan, puldan siqadigan bo‘ldi. Bolam kasal bo‘lganida yordam so‘ragan edim, vaqti yo‘qligini bahona qildi.
Meni ota-onasi bilan tanishtirmagani kabi, menikilar bilan ham tanishmadi. Sababini so‘raganimda “Ota-onang namoz o‘qishmaydi, bizni tushunishmaydi, ular kofir”, dedi. Boshqalar bilan gaplashishimni taqiqlab qo‘ydi. Hatto singlim bilan ham. Lekin men yashirincha gaplashib turardim baribir.
Menda depressiya holati boshlandi, o‘sha kunlar bo‘yimda bo‘lganini bildim. Bir kuni uni tergab, ota-onasi bilan tanishtirmayotgani sababini so‘radim. Urishib qoldik. U itoatsizlik qilayotganim, kofirlar bilan gaplashayotganim uchun taloq qilishini aytdi.
So‘ziga kirmagan va uning amallari islom shariatiga zidligini aytganimda meni urardi. Bolamga o‘yinchoq o‘ynashni man etdi. Bolalarni bo‘lajak mujohid qilib tarbiyalash, o‘yinchoq avtomatlar olib berish kerakmish. Shu vajdan tez-tez janjallashardik. Taqiqlaganiga qaramay o‘qishimni davom ettirdim. Kunlarning birida reanimatsiyaga tushdim – homilam nobud bo‘lgandi.
Birinchi “taloq”ni hanafiy mazhabiga e’tiqod qiluvchi dugonamni mehmonga chaqirganim uchun oldim. Erim buni “itoatsizlik” deb qabul qildi. Ikkinchi “taloq” musiqa tinglaganim uchun aytildi. Qattiq urishgan kunlarimizning birida u uchinchi marta “taloq” dedi va shu bilan nikohimiz barham topdi.
Bir qancha vaqtdan so‘ng sobiq erimning bir do‘sti menga ikkinchi xotin bo‘lishni taklif qildi. Ko‘nmadim. U meni ta’qib qila boshladi. Bir kuni o‘rtoqlari bilan birga meni mashinaga bosib, olib qochdi. Bir necha marta urishdi. Qandaydir uyga keltirib, uch kun qamab qo‘yishdi. Erimning do‘sti “Baribir menga ikkinchi xotin bo‘lasan”, derdi.
Qarindoshlarim tinimsiz qo‘ng‘iroq qilishardi. Nihoyat, javob berishga izn berishdi. Men, ular tayinlagandek, “yaxshiman, xavotir olmanglar”, deyish o‘rniga dod soldim. Ular telefonni tortib olishib, zo‘rlash bilan tahdid qildi. Men tasodifan topib olganim ustara bilan qo‘limni tilib, ularni yaqin yo‘latmadim.
Haytovur, akam politsiya bilan GPS orqali meni topdi. Hammasini ushlashdi, keyin sud bo‘ldi. Men bilan psixolog va teolog shug‘ullana boshladi. Tushkunlik va shok holatida edim. O‘zimni o‘ldirsam kerak, deb o‘ylardim. Ota-onam oldida yuzim shuvut bo‘lgan edi. Uyga qaytgim kelmasdi. Bir oydan so‘ng hijobimni echdim. O‘zim shunga qaror berdim, boshimga tushgan ko‘rgiliklar takrorlanishini istamasdim.
Hayotim sekin-asta izga tushyapti. Dinshunoslikka o‘qiyapman, shu sohada ishlamoqchiman. Soqol qo‘yib, namoz o‘qiydigan barchaga birdek ishonish to‘g‘ri emasligini angladim. Ota-onam bilan birga yashayman. Bolamni katta qilyapman, muhtojlik joyim yo‘q, o‘zimdan ortib ota-onamga yordam qilib turaman.
Ayollar va qizlarga ko‘maklashish niyatim bor. Chunki bizning Satpayev va Jezqozg‘an tomonlarda rasmiy nikohsiz yashab yurgan, bola-chaqali ayollar ko‘p. Erlari o‘z farzandlariga familiyasini bermagan hatto. Bunaqa bo‘lmasligi kerak. Ayrim ayollar bilan gaplashdim: hayotidan norozi ular. Erlarini qanday o‘zgartirish mumkinligini so‘rashadi. Ajralishingiz kerak, boshqa iloji yo‘q, o‘z boshimdan o‘tgan, deb javob beraman.
TEOLOG VA PSIXOLOG IZOHI
Qarag‘andalik teolog Aray Bakirova islomda er-xotin “taloq” orqali ajralishsa-da, din bu ishni yoqlamasligini aytadi.
“Taloq eng so‘nggi chora, bu Allohga xush kelmaydi. Biroq “taloq” ruxsat etilgan holatlar bor, ammo buning uchun arzirli sabab bo‘lishi kerak. Erning shunchaki jahli chiqishi, biron mayda-chuyda maishiy hodisa yoki xotinining biron jihatidan ko‘ngli to‘lmasligi sabab bo‘la olmaydi.
Kattalar, shariatni tushunadiganlar bilan maslahatlashib va oilaviy psixologlar yordamida ko‘p muammolarga yechim topish mumkin. Urinib ko‘rish kerak. Bular kor qilmasa, boshqa hech iloj qolmagan bo‘lsa, nachora, “taloq” aytishga ruxsat etiladi”, tushuntiradi Bakirova.
Ammo, shunday vaziyatlar bo‘ladiki, uqtiradi teolog, “taloq” ayol uchun xayrli bo‘lishi mumkin.
“Ayol chindan ham erining zulmi ostida qolgan bo‘lsa, xo‘rlansa, bunaqa holatda “taloq”da yaxshilik bor. Oila buzilishi Allohga xush kelmaydi. Biroq ayol kaltaklanadigan va uning huquqlari poymol etiladigan oilada bolalar to‘g‘ri oilaviy munosabatlarni topa olmaydilar. Farzandlarni o‘ylab ajrashmaslik esa – mas’uliyatni ular zimmasiga yuklashdir”, deydi teolog.
Aqto‘bedagi “Ansar” maslahat-reabilitatsiya markazi psixologi Elmira Adilxanovaga ko‘ra, bu tarzda ajrashish ko‘pincha ayol ruhiyatiga katta zarba beradi, chunki bunday ayollar aksari hollarda eriga tamoman itoatda yashab, nafaqat iqtisodiy, balki intellektual tomonlama ham unga qaram bo‘ladi.
“Ajrashgandan so‘ng u aybni o‘zidan izlaydi. “Yaxshi xotin bo‘la olmadim, ro‘zg‘orni uning ko‘nglidagidek tutmadim”, deb o‘ylaydi va muvaffaqiyatsiz nikoh uchun 100 foiz javobgarlikni o‘z bo‘yniga oladi. Ularning yangi hayotga moslashishi qiyin. Ota-onalari va yaqinlari oldida qattiq uyat hissini tuyishadi va bundan badtar azoblanishadi.
Yaqinda bir yosh ayolga yordam berdik. Eri bilan yarim yilgina yashab, “taloq” bilan ajrashishibdi. Bu ayol birinchi kelganida “yoqtirgan rangingiz qaysi?” degan jo‘ngina savolga ham tezda javob bera olmagan. Tutilinqirab, qora edi, shekilli, deb javob bergan. Psixolog bilan bir muddat shug‘ullangach, ilgari pushti rangni xush ko‘rishini esladi.
Eri mutaassib odam ekan: xotiniga rangdor kiyim kiyishni taqiqlab, libosi faqat qora rangda bo‘lishini talab qilibdi. Ayol o‘z istaklarini unutgan. Ong muayyan narsalarni unutish bilan o‘zini himoya qiladi. Erining bosimi ostida ayol ongida o‘sha himoya mexanizmi ishga tushgan. Aslida qaysi rang yoqishini eslaganida bundan ayol o‘zi ham hayratlandi.
“Taloq” – katta mavzu. Bu jamiyatimizdagi keng tarqalgan ajralish shakllaridan biri, unda odamlar din ortiga yashirinishga harakat qilishadi. Qonuniy nikoh bekor qilinganda mas’ul idora statistikaga kiritadi. Ammo “taloq” bo‘yicha statistika hech qaerda yo‘q”, deydi psixolog.