Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:22

Orzu-havas va isrofgarchilik. O‘zbekiston va mintaqada to‘y-hashamlarni tartibga solishga urinishlar


O‘zbekiston, to‘y. Illyustrativ surat.
O‘zbekiston, to‘y. Illyustrativ surat.

Qirg‘izistonda isrofgarchilikni kamaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Loyiha mualliflari davlat oilaviy marosimlar va dafn qilish bilan bog‘liq ayrim udumlarni tartibga solishini xohlashmoqda. Tojikiston va O‘zbekistonda bunaqa normalar bir necha yildan beri amal qiladi. Xo‘sh, ular qanday ishlayapti? Ishlayaptimi o‘zi?

To‘y va ta’ziyagabir novvos yoki ot

Qirg‘izistonda qonun loyihasi 27-yanvar kuni parlament saytida e’lon qilindi. U to‘y va ta’ziya marosimlarini o‘tkazish me’yorlarini tartibga soladi va hozirda muhokama bosqichida.

Loyihada to‘yga 250 dan ziyod odamni taklif qilmaslikni qonunlashtirish nazarda tutilgan. Buncha mehmonni ziyofat qilish uchun bir bosh katta qoramol yoki bitta ot so‘yish yetarli deb hisoblanmoqda. Qiz uzatish marosimi esa, loyiha mualliflariga ko‘ra, yanada kamtarona bo‘lishi lozim – bitta qoramol yoki ot so‘yilib, ko‘pi bilan 100 kishi qatnashsa, kifoya ekan. Ayni chog‘da qiz uzatish marosimi bilan to‘y ziyofati bir kunda bo‘lishi, go‘sht miqdori o‘shancha bo‘lgani holda mehmonlar soni 350 kishidan oshmasligi kerakligi belgilanmoqda.

Uzun to‘y kortejlari ham taqiqlanishi mumkin. Qonun loyihasida kelin-kuyov va mehmonlarni olib yuradigan avtomobillar soni aniq ko‘rsatilgan: ular uchtadan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Loyiha ta’ziyaga keluvchilar sonini cheklamasa-da, mayda-yu katta qoramol yoki ot so‘yishni man etadi. Agar qonun shu holicha qabul qilinsa, marhum xotirasiga ta’ziyaning faqat uchinchi kunida dasturxon yozish mumkin bo‘ladi, lekin shunda ham bittadan ortiq mol yoki ot so‘yish taqiqlanadi. “Uch”, “yetti”, “qirq”, “yil” va boshqa marosimlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, hujjat fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek to‘y-hasham va boshqa marosimlarni o‘tkazishda fuqarolarning iqtisodiy ahvoliga jiddiy zarar keltirayotgan ortiqcha isrofgarchilikni cheklashga qaratilgan.

“Loyiha milliy madaniyatimizning asl qadriyatlaridan chekinishni bartaraf etishga xizmat qiladi, zero udum va odatlar boylikni ko‘z-ko‘z qilish ko‘zlangan mantiqsiz raqobat va manmanlik vositasiga aylanib qolmoqda”, deyiladi hujjat asoslamasida.

Bu cheklovlar birinchisi emas

Qirg‘izistonda to‘y-hashamlarni cheklashga bir necha marta urinib ko‘rilgan. 2022-yilda prezident Sadir Japarov ta’ziya marosimlarida mol so‘yishni taqiqlovchi farmon chiqargan edi. Yangi qonun loyihasi, aftidan, fuqarolarning sarf-xarajatlarini nazorat qilish siyosatining davomidir.

Sobiq davlat kotibi va jamoat arbobi Cholponbek Abikeyev fikricha, davlat “shunchaki qonun yozish bilan” xalqning urf-odatlarini o‘zgartira olmaydi.

“Xalqning urf-odatlarini yo‘q qilish yoki o‘zgartirish hatto Stalinning qo‘lidan kelmagan, bularga yo‘l bo‘lsin”, deydi u.

Janoza, qirq, yil oshi, o‘g‘il uylash, qiz uzatish – bular bari ko‘p asrlardan beri davom etayotgan urf-odatlar, deydi Abikeyev. U xalq qurbi yetganicha to‘y-hasham qilayotganiga ishonchi komilligini aytadi.

“Urf-odatlar zamonga qarab o‘zgarib turadi. Odamlar to‘q bo‘lsa, “tүshtөndүrүү” (qudalarning kelin yoki kuyov qarindoshlari tomonidan mehmon qilinishi) kabi yangi odatlar chiqadi. Qurbi yetmaganida odamlar ta’ziya marosimlarini bitta echki so‘yib, bir qozon ovqat bilan o‘tkazgan bo‘lishardi. Xullas, odatlar zamonga qarab paydo bo‘ladi yoki yo‘qoladi. Ularni taqiqlash va tugatish uchun xalqning o‘z xohish-irodasi kerak. Qishloqlarda yig‘ilishlar o‘tkazib, mahalliy darajada muhokama qilish va odamlarning fikrini eshitish zarur”, deydi Abikeyev.

“Тўй қилиш”. Марказий осиёлик мигрантлар нималарни орзу қилишади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:23 0:00

Qonunni buzganga 3000 dollar jarima

To‘y va ta’ziya marosimlari sarf-xarajatlarini cheklash to‘g‘risidagi qonun Ma’muriy kodeksga tuzatishlar bilan birga muhokama qilinmoqda. Tuzatishlarda qonunni buzganlar uchun jarimalar ko‘zda tutilgan. Xususan, isrofgarchilikni cheklash to‘g‘risidagi qonunni buzish tashkilotchilariga 300 000 som (salkam 3400 dollar), qonunga zid to‘y yoki ta’ziya marosimi bo‘lib o‘tgan restoran egasiga esa 100 000 som (1100 dollar) jarima qo‘llanishi mumkin. Qonun qabul qilingan taqdirda, uning ijrosi ustidan nazorat mahalliy mulozimlar va ulamolardan tuzilajak maxsus komissiyalar zimmasiga yuklanadi.

Darvoqe, qonun loyihasini ikki deputat – Zamirbek Mamasidiqov va Shairbek Tashiyev ishlab chiqishgan. Shairbek Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning kenja ukasi bo‘ladi. Fuqarolarni to‘y-hasham marosimlarini kamtarroq o‘tkazishga majbur qilish masalasida aka-ukaning fikri bir xil. 2025-yilning ikkinchi kunida maxsus xizmat rahbari Yangi yil oldidan bo‘lgan korporativ ziyofatlar uchun davlat organlari rahbarlarini qattiq tanqid qilib, “bu yaramas an’ana”ga barham berishga chaqirgandi.

Ayrim joylarda aholi o‘zi tashabbus qilib marosimlarni ixchamlashtirmoqda. Masalan, Chuy viloyati qishloqlaridan birida 10 yil oldin aholi ta’ziya marosimlarida mol so‘ymaslikka kelishib olgan.

“Aybek qishlog‘idan ko‘chib ketganimizga ancha bo‘ldi, lekin u yerda qolgan qarindoshlar bilan bordi-keldi qilamiz. Yaqinda onam qazo qildi. Vidolashgani kelganlar janozadan so‘ng marhuma ko‘milgach, duo qilib, tarqalishdi. Mol so‘yish tugul, bir piyola choy berilmadi. Chetdan kelgan ba’zi kishilar ajablanib qarashdi. Lekin biz kelishib olganmiz: janoza kuni hech qanday chiqim bo‘lmaydi. Faqat 40-kunda dasturxon yozamiz. Mol ham so‘yiladi. Qirq qilganimizda atigi 100 tacha odam keldi – asosan qishloqdoshlar va qo‘shnilar”, deydi Aybek qishlog‘ining sobiq turg‘uni.

Bunaqa kelishuvlar boshqa joylarda ham bor. Shunga qaramay, shov-shuvli qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, to‘y-hashamlarni dabdabali qilib o‘tkazish keng tarqalgan deb hisoblashmoqda.

“Ixchamgina” oilaviy tadbir

Shunga o‘xshash me’yorlar Tojikiston va O‘zbekistonda allaqachon joriy etilgan. Xususan, O‘zbekiston to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizomni 2019-yilda, Tojikiston esa ancha oldin – 2007-yilda qabul qilgan.

O‘zbekistonda nizom nafaqat mehmonlar sonini, balki marosim vaqtini ham tartibga soladi: barcha oilaviy tantanalar 23:00 gacha tugashi lozim. Oilaviy tantanalarga keladigan mehmonlar soni 200 kishidan, osh tortiladigan marosimlarga tashrif buyuruvchilar esa 250 kishidan oshmasligi kerakligi nazarda tutilgan.

Ta’ziya bilan bog‘liq tadbirlar uzog‘i uch kun davom etishi mumkin, ammo nizom ishtirokchilar sonini cheklanmaydi.

Kafe va restoranlar ma’muriyati rejalanayotgan tantanalar haqida marosimdan eng kamida ikki kun oldin ichki ishlar idoralarini yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Hujjatda tantanalarni o‘tkazish chog‘ida ortiqcha sarf-xarajat va isrofgarchilik qilish taqiqlanishi aniq-tiniq yozib qo‘yilgan, ta’ziya marosimlarida esa “ortiqcha” urf-odatlar bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, oilaviy marosimlar chog‘ida “milliy an’analar va axloq qoidalariga zid, qo‘shimcha vaqt va sarf-xarajat talab qiladigan” udumlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Tuman kengashlari raislari oilaviy marosimlar “ixcham va isrofgarchiliksiz” o‘tishini nazorat qilishlari kerak. Nizom ijrosi bo‘yicha ularga shaxsiy javobgarlik belgilangan.

Hujjatda aytilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turli oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazishda “shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda”.

Ҳофиз муҳожир: "Машина олиш, тўй қилиш орзусида Ўзбекистондан кетяпмиз..."
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:12 0:00

Tojikistonda “tanzim” qanday ishlaydi?

Qirg‘izistondagi qonun loyihasi bilan O‘zbekistonning amalda nizomi Dushanbe 2007-yilda qabul qilgan hujjatga juda o‘xshash. Tojikistonda u “Urf-odatlar, tantanalar va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun deb ataladi. Xalq esa uni “tartibga solish, nazorat qilish” ma’nolarini beruvchi “tanzim” nomi bilan ataydi.

Qonun prezident Emomali Rahmon hashamatli to‘ylar mamlakatda ko‘plab oilalarga og‘ir yuk bo‘layotganini tanqid qilishi ortidan tezda qabul qilingan edi.

Hujjat marosimlar davomiyligi, mehmonlar va hatto taomlar sonini ham belgilab beradi. Xususan, to‘yga 150 dan ziyod mehmon chaqirish mumkin emas. To‘y kortejiga nisbatan ham cheklov bor: avtomashinalar soni, kelin-kuyov o‘tirgan avtomobil bilan birga to‘rttadan oshmasligi kerak. Kelin tushirish ikkita marosimni – nahorgi osh va uzog‘i bilan uch soat davom etadigan kechki bazmni o‘z ichiga oladi.

Qonun kelin-kuyovning qarindoshlari bir-biriga sovg‘alar berishi, mol so‘yib xudoyi qilish va dabdabali dasturxon tuzash kabi o‘nlab odatlarni taqiqladi. To‘ydan keyingi ayrim marosimlar saqlab qolingan bo‘lsa-da, ularni tor oila davrasida, ko‘pi bilan 15 kishi ishtirokida o‘tkazishga ruxsat etilgan.

Ko‘plab tojikistonliklar o‘shanda “tanzim”ni davlatning odamlar shaxsiy ishiga aralashuvi deb hisoblagan bo‘lsa, aksar aholiga turli oilaviy marosimlar, avvalo to‘y xarajatlarini kamaytirishga imkon beruvchi ushbu qonun ma’qul bo‘ldi.

“Qonun qabul qilinguncha Tojikistonda to‘ylar nihoyatda serchiqim marosim edi. 2005-yilda to‘ng‘ich o‘g‘limni uylantirishga qariyb 10 ming dollar sarflaganman. Buning uchun bir necha yil Rossiyada ishladim, butun oila egnimizdan, tomog‘imizdan urib pul jamg‘ardik. Xonandalarga, sovg‘a-salomga bir dunyo pul ketdi, rosa 300 kishini mehmon qildik. Bunaqa xarajat odamni qattiq holdan toydiradi, ammo na chora?! El-yurt oldida uyalib qolmaylik dedik-da. O‘lsang ham, qarzga botsang ham katta to‘y qilishing kerak edi. Mana shunaqa zamon bo‘lgan”, deydi dushanbelik Farrux Salomov.

Uning aytishicha, “tanzim” chiqqanidan so‘ng u kichik o‘g‘lini uylantirganida ancha kam xarajat qilibdi. “Qarz yoki kredit olishga hojat qolmadi. Bir oz pul jamg‘arib, tezda o‘tkazib oldik. Ko‘p chiqim bo‘lmadi. Hech kim malomat qilgani ham yo‘q. “Tanzim”dan keyin ko‘pchilik yengil tin oldi”, deydi suhbatdoshimiz.

18 yil davomida qonunga bir necha marta qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Ammo har gal taqiqlar ro‘yxati uzayib, jarimalar kattalashdi.

КАРАНТИНДАГИ ТЎЙ: Бир магнитофон, 5 кило ош, тўрт қўшни ва қариялар фотиҳаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:42 0:00

Go‘yandalarsiz va kamtarona ta’ziya

Tojikiston hukumati bola tug‘ilishi bilan bog‘liq marosimlarga ham qat’iy cheklovlar kiritdi. Xususan, “aqiqa” qilish man etildi: ilgari o‘g‘il bola tug‘ilsa – ikkita, qiz farzand tug‘ilganida esa bitta qo‘y so‘yilib, go‘shti qo‘ni-qo‘shnilarga, muhtojlarga tarqatilardi.

Boshqa marosimlar, jumladan, “gahvorabandon” (beshikka yotqizish), “chillagurezon” (chaqaloqning 40 kunlik bo‘lganini nishonlash) va “mo‘ysargiron” (chaqaloqning sochini olish)ni esa oila davrasida, mol so‘ymasdan va artistlar xizmatisiz o‘tkazish mumkin. Hukumat buning o‘rniga ota-onalarga o‘z farzandlari nomiga bankda hisob ochib qo‘yishni tavsiya qiladi.

Qonun dafn marosimlari, ehson va ma’rakalarga ham qattiq cheklovlar solib, o‘limning yettinchi, yigirmanchi kunida va olti oy to‘lganda ta’ziya marosimlari o‘tkazishni taqiqladi. “Uch”, “qirq” va “yil oshi” kabi marosimlarga ruxsat bor, ammo mol so‘yish va to‘kin dasturxon tuzash man etilgan.

Qolaversa, ta’ziyalarda dod solib, boshidan tuproq sochib, kiyimni yirtib va sochlarni yulib, yuzlarni tirnab yig‘lash yoki maxsus yig‘lab beruvchi ayollar – go‘yandalarni chaqirish taqiqlangan. Marhumning qarindoshlari yig‘lashlari mumkin, lekin pastroq tovushda.

Qonun ijrosini maxsus komissiyalar hamda Tojikiston din ishlari va urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasi nazorat qiladi. Qo‘mita aniqlangan qonunbuzarlar va solingan jarimalar summasi haqida har hafta ijtimoiy tarmoqlarda hisobot berib turadi. Mulozimlarga ko‘p hollarda marosimlarda qatnashgan “xabarchilar” yordamlashadi.

Qonunni buzganlar uchun katta jarimalar belgilangan. Masalan, farzand tug‘ilishi va dafn qilish bilan bog‘liq marosimlarni o‘tkazishda qonunbuzarlik qilgan fuqaro kamida 8640 somoniy (qariyb 800 dollar), mansabdor shaxs esa 25 200 somoniy (2,2 ming dollar)gacha jarima to‘laydi. To‘y marosimlarini o‘tkazish tartibini buzganlardan ko‘proq undiriladi: fuqarolardan – kamida 15 840 somoniy (1400 dollar), mansabdor shaxslardan – 39 600 somoniy (3600 dollar)gacha. Artistlar va to‘yxona-restoran egalari uchun esa 108 000 somoniy (9800 dollar)gacha jarima ko‘zda tutilgan.

“Odamlar nima deydi?”

Sotsiolog Nodira Islomova fikricha, tojikistonliklar “to‘ymi yoki qatnami, nimaligidan qat’i nazar barcha marosimlarni hashamat bilan va to‘kin-sochin o‘tkazish kerak” degan soxta aqidaga berilib o‘zlariga ko‘p jabr qilishgan.

“Kishi marosimga qancha ko‘p pul sarflasa, shuncha obro‘yi oshadi deb hisoblangan. Shu soxta obro‘ni deb odamlar yillab qarz yoki kredit to‘laganlar, qarz yukidan xalos bo‘lguncha oilalari bilan chalaqursoq yashaganlar. Butun jabr-jafo jamiyatning “Falonchi zo‘r to‘y qildi!” deb maqtashi uchun qilingan”, deydi olima.

Islomova “ommadan olqish olishga intilib, hashamatli to‘y qilish uchun hayotiy muhim narsalar, masalan, ovqatdan, tibbiy sarf-xarajatlardan o‘zini siqishi jiddiy oqibatlarga olib kelgan”ini aytadi.

Davlat idorasida xizmat qiluvchi dushanbelik Zamira Xudoyorova olimaning fikriga qo‘shiladi. “Tojikistonda ko‘pchilik odamlarning gap-so‘ziga qarab ish tutadi, shu bois hech qachon tojik jamiyatida bo‘lmagan to‘qima odatlarga rioya qilinadi”, deydi u.

“Odamlar nima deydi?” – biron-bir marosimni qanday o‘tkazish ustidagi bahslar odatda shu so‘zlar bilan boshlanadi va to‘y tartibi, kelin yoki kuyovga qanday sovg‘a olish to‘g‘risidagi qarorlarda qo‘shnilar va qarindoshlarning fikri hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham “tanzim” haqidagi qonunning qabul qilinishi keraksiz chiqimlarning oldini olish va odamlarning o‘z turmushini yaxshilab olishiga imkon berishda juda zarur qadam bo‘ldi”, davom etadi suhbatdoshimiz.

Biroq ayrimlar qonun mulozimlar va puldor odamlar uchun yozilmagan, deb hisoblashadi. “To‘y-tantanalarini as’asa-yu dabdaba bilan o‘tkazayotganlar hozir ham bor. Masalan, 150 kishidan mehmon chaqirib ikki kun to‘y qilishyapti. Yoki tug‘ilgan kunini restoranlarni to‘ldirib nishonlayotgan boyvachchalar ham ko‘p”, deydi ismini ochiqlashni istamagan dushanbelik erkak.

Ayni chog‘da OAVlar vaqti-vaqti bilan “tanzim”ni buzganlar haqida xabar berib turibdi. 2017-yilda Ko‘lobda bir oila to‘yda haddan ortiq to‘kin dasturxon tuzab isrofgarchilik qilgani uchun jarimaga tortilgan, hukumat odamlari nonlar, shirinliklar va boshqa noz-ne’matlarni musodara qilib, shifoxonaga topshirishgan edi.

2024-yilda Dushanbeda bir kishi qizining unashuv marosimini katta tantana bilan o‘tkazgani uchun jarima to‘ladi. Marosimda juda ko‘p mehmon qatnashgan, barchaga sovg‘alar ulashilgan. To‘y sohibi mehmonlar marosimda olgan son-sanoqsiz foto va videolarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganidan so‘ng “qo‘lga tushdi”.

Ozodlik radiosining Din ishlari va urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasidagi manbasiga ko‘ra, “tanzim” qonuni qabul qilinganidan so‘ng o‘tgan 18 yil ichida mamlakat aholisi 30 mlrd somoniydan ko‘proq pulni tejab qolgan – bu dollarda kamida 3 mlrd bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG