Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston hukumatining suv resurslarini boshqarish sektorini modernizatsiya qilish va mamlakatda xavfsiz suv ta’minotidan foydalanish bo‘yicha harakatlarini dastaklash uchun 125 million dollar miqdorida qarz ajratilishini ma’qulladi.
“O‘zbekistondagi suv resurslari iqlim o‘zgarishi va samarasiz foydalanish tufayli jiddiy tahdid ostida. OTB loyihasi O‘zbekistonda uglerod izini kamaytirish uchun suvdan foydalanishni yaxshilash, energiya sarfini kamaytirish va operatsion samaradorlikni oshirish uchun suvni boshqarishning aqlli tizimlarini joriy etadi”, deya iqtibos keltirgan Gazeta.uz nashri OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Arayadan .
Ushbu mablag‘ iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda suv resurslarini aqlli boshqarish, milliy suv ta’minoti korxonasi xodimlarining institutsional salohiyatini oshirishga ko‘mak berishi kutilmoqda.
OTB loyihasi, shuningdek, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallariga mamlakat bo‘ylab asosiy suv iste’moli obyektlarida suv sarfini hisobga olish va telemetriya tizimini o‘rnatishni yakunlashda yordam beradi.
Loyiha doirasida butun suv ta’minoti va oqova suv infratuzilmasi, shu jumladan, taxminan 4 mln mijoz ulanishi uchun aktivlar inventarizatsiya qilinadi va joylarda geografik xaritalash ishlari amalga oshiriladi.
O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘tgan 30 yil davomida bank mamlakatga 14,3 milliard AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan. Xalqaro moliyaviy tuzilma, jumladan, sog‘liqni saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kommunal xizmatlar va suv ta’minoti sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlagan.
Ozodlik avvalroq OTB O‘zbekiston hukumatining moliya bozorini mustahkamlash va energetika sektorini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 400 million dollarlik qarz ajratgani haqida xabar qilgan edi.