Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi AQSH Global Media agentligi (USAGM) hamda uning rahbarlari Keri Leyk va Viktor Moralesga qarshi AQSH Kongressi tomonidan tasdiqlangan va tashkilot faoliyatini moliyalashtiradigan grantni bekor qilishga urinish harakati ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi.
Shikoyatda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi uchun AQSH Kongressi tomonidan ajratilgan mablag‘ning rad etilishi federal qonunlar, shu jumladan AQSH Konstitutsiyasiga zid ekani, chunki Konstitutsiya Kongressga federal xarajatlar bilan bog‘liq maxsus vakolatlarni bergani qayd etilgan. Da’vo AQSHning Kolumbiya okrugi tuman sudida ko‘rib chiqiladi.
"Hozirda Amerika dushmanlarining targ‘iboti va senzurasiga yon beriladigan vaqt emas. Qonun biz tomonda, deb hisoblaymiz va dunyo bo‘ylab mustabidlar bizni tugatiladi deb nishonlashga shoshilmoqda”. Stiven Kapus, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti
AQSH prezidenti Donald Tramp 7 ta federal agentlik, jumladan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi, Amerika Ovozi va boshqa bir qancha ommaviy axborot vositalarini boshqaruvchi AQSHning Global Media agentligi (USAGM) faoliyatini qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.
Hujjatda 7 kun ichida har bir agentlik rahbari Prezident budjet boshqarmasiga Tramp farmoniga muvofiqligini tasdiqlovchi hisobot taqdim etishi va agentlikning qaysi tarkibiy qismlari yoki funksiyalari “qonun bilan majburiy va qay darajada” ekanligini tushuntirib berishi talab qilindi.
Farmon chiqqanidan bir necha soat o‘tib, ABC News telekanalining sobiq muxbiri, jurnalist Tara Palmeri Ozodlik radiosi uchun Kongress tomonidan ma’qullangan grant mablag‘lari to‘xtatilgani haqidagi USAGM maktubini e’lon qildi.
Maktub Keri Leyk tomonidan imzolangan bo‘lib, u o‘zini (USAGM) bosh direktor vazifasini bajaruvchisining yetakchi maslahatchisi sifatida tanishtirdi.
Leyk, Tramp tomonidan "Amerika Ovozi" rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan, ammo uning tayinlanishi Teleradioeshittirishlar bo‘yicha xalqaro maslahat kengashi tomonidan ma’qullanishi kerak.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi Prezidenti va Bosh ijrochi direktori Stiven Kapus grant bitimining bekor qilinishi "Amerika dushmanlariga katta sovg‘a" bo‘lishini aytgan.
"Ozodlik radiosining grant shartnomasini bekor qilish Amerika dushmanlari uchun katta sovg‘a bo‘ladi. Eronning oyatullohlari, Xitoyning kommunistik rahbarlari, Moskva va Minskdagi avtokratlar Ozodlik radiosining 75 yillik faoliyatidan so‘ng yopilganini nishonlaydilar. Bu ularni kuchli, Amerikani esa kuchsiz qiladi", dedi Kapus o‘z bayonotida.
Ozodlik radiosi tarixi davomida tashkilot AQSHning ikkala yirik siyosiy partiyasi tomonidan ham keng qo‘llab-quvvatlab kelingan.
Bu media korporatsiya xabarlarini hozirga kelib dunyoning yopiq jamiyatlarida Internet televideniye va ijtimoiy platformalarda kuniga 50 milliondan ortiq odam ko‘radi.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi – 1953-yildan beri faoliyat yuritayotgan mustaqil media korporatsiyadir. Uning faoliyati AQSH Kongressi tomonidan ajratilgan grantlar hisobiga moliyalashtiriladi, bu grantlar esa Global Media Agentligi orqali taqdim etiladi.
Bu grantning bekor qilinishi haqida e’lon qilingandan so‘ng, bir necha Yevropa Ittifoqi davlati rasmiylari media korporatsiyani to‘liq yoki qisman moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlashni taklif qilmoqda.
Chexiya vakillari YIdagi hamkasblari o‘rtasida bayonot loyihasini tarqatdilar.
Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan bayonotda Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi moliyalashtirilishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan jiddiy tashvish bildirilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, o‘n yillar davomida "temir parda" ortidagi mamlakatlar aholisiga obyektiv ma’lumot yetkazib kelgan ushbu media-tashkilot "hozir ham erkin matbuot yo‘q yoki cheklovlar bilan faoliyat ko‘rsatayotgan hududlarda o‘n millionlab kishilarga ishonchli, mustaqil yangiliklar yetkazib berishda davom etmoqda".
Bryusselda 17-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqdagi vaziyat va boshqa masalalar bilan birga, Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosining vaziyati ham muhokama qilindi.
Sammitdan so‘ng gapirgan Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi va "Amerika ovozi" faoliyatining ahamiyati haqida gapirib, ularni avtoritarizm sharoitida yashovchi mamlakatlar aholisi uchun "mayoq" deb atadi.
"Bunday tashkilotda, bunday translyatsiyalarda, Rossiya, Belarus, Eron va boshqa ko‘plab mamlakatlarga nisbatan qandaydir qiymatni ko‘ryapmizmi? Agar biz bunday qiymatni ko‘rsak, bunday xizmatni saqlab qolish uchun nima qilishga tayyormiz? Bu juda keng savol. AQSH tomonda voqealar qanday rivojlanishini bilmaymiz va qanday imkoniyatlar mavjudligini ham bilmaymiz. Shuning uchun, biz o‘z kutishlarimizni aniq belgilashimiz kerak, ammo biz siyosiy tayyorgarlikni boshlashimiz kerak. Shunday qilib, bugun nima qilish kerakligi haqida so‘rayman. Va albatta, Chexiya 25 yil davomida Pragada Ozod Yevropa Radiosini qabul qilishdan juda faxrlanadi" , deb aytgan Chexiya Tashqi ishlar vaziri.