Britaniya elchisi Toshkentda avtomobil haydashni qo‘rqinchli mashg‘ulot deb atadi. Qing‘ir usullardan foydalanayotgan abituriyentlarga jazo kuchaytirilmoqda. Uyda yovvoyi hayvonlarni boqish urfga aylanmoqda. Tugayotgan haftada mahalliy matbuotda chop etilgan ayrim maqolalar mazmuni bilan OzodDayjest ruknida tanishing.
Buyuk Britaniya elchisi: Ko‘chada militsiya ko‘p, lekin hech kim tezlik chekloviga rioya qilmaydi
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligi holatiga izoh berdi va haydovchilik madaniyati masalasiga to‘xtalib o‘tdi (www.gazeta.uz, 5-aprel).
“Menga bu yerda avtomobil haydash yoqmaydi. Menga qolsa hech qayerda haydamagan bo‘lar edim, chunki, avval aytganimdek, ko‘proq jamoat transportida yurishni yaxshi ko‘raman, velosipedda ko‘p yuraman”, dedi u.
Diplomat tezlik cheklovlariga rioya etilmayotganini tanqid qilgan.
“Ko‘chalarda ko‘plab militsiya xodimlarini ko‘rishingiz mumkin, biroq men tezlik chegaralariga amal qilinayotganini sezmayapman. Odamlar juda tez haydaydi va buning uchun jazolar yo‘qdek ko‘rinadi”, deydi T. Torlot.
Diplomat Toshkentdagi vaziyatni yaxshilash uchun ko‘chalarni to‘g‘ri loyihalash kerak deb hisoblaydi.
“Ko‘p narsalar qilish mumkin: variant sifatida – ko‘chalar dizayni. Dunyoning boshqa hech bir mamlakatida men ikki tomonlama qatnov o‘rtasidagi burilib olishlarga duch kelmaganman, bu juda qo‘rqinchli”, deb ta’kidlaydi elchi.
T. Torlotning hikoya qilishicha, Londonda shaharni loyihalashtirish, ko‘chalarda xavfsizlikni ta’minlash va boshqa jamiyat muammolarini hal qilishda fuqarolik jamiyati juda muhim rol o‘ynaydi.
Avvalroq Fransiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Bris Rokfyoy ham Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida Toshkentda mashina haydash xatarli ekani, chunki qoidalarga rioya etilmasligini ta’kidlagandi.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2021-yilda ro‘y bergan 10 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisasida 9 ming 230 nafar fuqaro jarohatlanib, 2 ming 436 nafari halok bo‘lgan.
“Shpargalka” ishlatgan abituriyentlar bir necha yilga imtihonda qatnashish huquqidan mahrum qilinadi
Talabalikka qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari vaqtida turli qing‘ir usullardan foydalanayotgan abituriyentlarga jazo kuchaytirilishi kutilmoqda (“Milliy tiklanish” gazetasi, 6-aprel).
Ayni paytda test sinovlari vaqtida belgilangan tartibni buzgan abituriyentlar imtihondan chiqarib yuboriladi. O‘tgan 2021-yilda 379 nafar abituriyent tartibni buzgani uchun imtihondan chetlatilgan.
Test sinovlari o‘tkaziladigan hudud yoki binoga telekommunikatsiya qurilmalari, shpargalkalar olib kirish, test materiallarini boshqa abituriyentga uzatish yoki olib chiqish, topshiriqlar varag‘ini yirtish, jarayonda bir-biri bilan gaplashish, sinov uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortish kabi harakatlar tartibbuzarlik deb baholanadi.
Bosh prokuratura va adliya vazirligi test o‘tkazish tartibini buzgan abituriyentlarni 5-7 yilgacha qabul imtihonlarida qatnashishini cheklash masalasini ko‘rib chiqmoqda.
“Ta’lim sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan pedagog sifatida Davlat test markazi tomonidan taklif qilinayotgan normani qo‘llab-quvvatlayman. Chunki yoshlarni oliy ta’lim olishiga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganiga noshukrlik qilayotgan, yetarli bilimga ega bo‘lmaganlar albatta o‘z jazosini olishi kerak”, deydi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdumalik Akramov.
Uyda yovvoyi hayvon boqish urfga kirmoqda
Yovvoyi hayvonlarni uyda saqlashni ko‘z-ko‘z qilish orqali “trend”ga chiqish istagidagi xaridorlar ko‘paymoqda (“Oila va tabiat” gazetasi, 7-aprel).
Qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi eng serdaromad sohaga aylanib bormoqda. Deylik, bir bosh noyob zotdagi maymun yoki lochin qora bozorda 100-200 ming AQSh dollariga baholanmoqda. Bu esa brakonyerlarni qiziqtirishi tabiiy.
O‘zbekistonga ham o‘simliklar va hayvonot olamining noyob turlarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tishga urinishlar kuzatilmoqda. Toshkent xalqaro aeroportida Sharjadan uchib kelgan yo‘lovchi Jako zotiga mansub 12 bosh to‘tini olib kirayotgan vaqtida to‘xtatib qolingan. Qayd etilishicha, SITES konvensiyasining I ilovasiga kiritilgan yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonlar turlarini tijorat maqsadida eksport, reeksport va import qilish taqiqlanadi.
Bojxona, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa idoralar hamkorligida Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa ikkita sher bolasi 70 mln so‘mga sotilayotgan vaqtda olib qo‘yilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi CITES konvensiyasi 1973-yilda Vashingtonda imzolangan. Ushbu muhim xalqaro hujjat 33 mingdan ortiq turdagi hayvon va o‘simliklarni himoya qilishda muhim rol o‘ynamoqda.