Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:22

OzodDayjest: Toshkentda SSSR bayrog‘i ko‘tarilishiga siyosiy-huquqiy baho berish talab qilindi


Illyustrativ surat. SSSR bayrog‘i.
Illyustrativ surat. SSSR bayrog‘i.

Shoshqaloqlik, asabiylik va surbetlik mahalliy sud faoliyatining tashrif qog‘oziga aylangan. Madaniyat vazirligi poytaxt militsiyasini tarixiy yodgorlik yonida ruxsatsiz qurilish qilishda aybladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Shoir M.Mirzo: Toshkentda SSSR qonli bayrog‘ini ko‘targanlarning ko‘ngli ertaga yana nimalarni tusaydi?!

1 - may kuni Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi maydonida Rossiya tashqi ishlar vazirligi, “Rossotrudnichestvo” va rus elchixonasi tomonidan uyushtirilgan “G‘alaba qo‘shiqlari” konsertida SSSR bayrog‘i ko‘tarilgani o‘zbek ziyolilarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Jumladan, shoir va senator Minhojiddin Mirzo istibdod ramzi bo‘lgan qonli bayroqning ko‘tarilishini milliy davlatchilik va mustaqillikka bepisandlik, hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydigan haqorat deb atadi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 5 - may).

“Demak, oramizda Turkistonni, uning muxtoriyatini qonga botirgan, 100 mingdan ortiq ziyolilar, millat gullarini qatag‘on qilgan, dinu diyonatimiz, aziz avliyolarimiz qabrlarini oyoq osti qilgan, yer osti va yer usti boyliklarimizni talagan, “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” deb millatni tahqirlab, yuzini qora qilishga uringan, bizni o‘zligimiz, tilimizdan ayirishni maqsad qilgan SSSR degan davlatni sog‘inayotganlar, uning bayrog‘ini qalbining to‘rida asrab yurganlar, pana-pastqam joylarda to‘planib mamlakatimizdagi hamjihatlikka raxna solish maqsadida yurganlar bor ekan-da!” deb yozadi muallif.

Shoir M.Mirzo har qanday mamlakatda uning suverenitetiga daxl qiladigan tashkilotning faoliyat yuritishi qonun bilan taqiqlanishini eslatib, poytaxtda qizil bayroq ko‘tarilishiga siyosiy va huquqiy baho berilishi lozimligini ta’kidlagan.

“Bizni ajablantirgan jihati, kim bu tadbirni o‘tkazishga ruxsat berdi? Nima uchun bu tadbirning maqsadi, dasturi bilan hech kim qiziqmadi? Axir mamlakatimizda bu borada o‘rnatilgan tartib bor-ku! Shahar bedarvozami? Bugun bosh maydonlardan birida qizil bayroq ko‘targanlarning ko‘ngli ertaga yana nimalarni qo‘msaydi?” deya og‘riqli savollarni qo‘yadi muallif.

Huquqshunos: Shoshqaloqlik, asabiylik va surbetlik mahalliy sud faoliyatining tashrif qog‘oziga aylangan

Huquqshunos, Oliy iqtisodiyot maktabi bitiruvchisi Alisher Akmalov “Hook.report” nashrida e’lon qilingan maqolasida O‘zbekistonda sud tizimi kamchiliklari hamda uni isloh etish yo‘llarini taklif qildi.

“Sudyalarimiz sud faoliyati konveyeriga go‘yoki galerachilar eshkaklarga zanjirband qilingani kabi bog‘langan. Qog‘oz dengizi bo‘ylab suzish – bu sansalorlik uchun jazolanish qo‘rquvi bilan chuqurlashadigan doimiy stress. Sud raislarining noqonuniy farmoyishlarini bajarmaslikka tavakkal qilgan sudyalarning ko‘pchiligi o‘z lavozimlarini aynan ishlarni uzluksiz ko‘rib chiqish uchun kurashish bahonasida yo‘qotgan. Protsesslarda sudyalarning shoshqaloqligi, asabiyligi, ba’zida esa, surbetlarcha xatti-harakati mahalliy sud faoliyatining tashrif qog‘oziga aylangan”, deb yozadi muallif.

Qayd etilishicha, sudyalar o‘zidan yuqori turuvchi amaldorlar oldidagi huquqsizligini da’vogarlarga, javobgarlarga va sudlanuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan to‘ldiradi. Ayni choqda, muallif sudьyalarning qaroriga shikoyat keltirishga vakolati bor prokurorlarga laganbardorlik qilishi, hukmlarni boshliqlar bilan oldindan kelishib olishi haqida ham bahs etadi.

Muallifga ko‘ra, O‘zbekistonda amaldagi sudlarga qo‘shimcha ravishda yangi, intellektual mulk masalalariga ixtisoslashgan sudlarni hamda tergov sudyalari institutini shakllantirish, harbiy sudlarni tugatib, ular ko‘rib chiqadigan ishlarni jinoiy, fuqarolik va ixtisoslashgan sudlar orasida taqsimlash zarur.

Shuningdek, jinoiy jarayonning asosiy salbiy atributi – sud zalidagi qafaslardan xalos bo‘lish muhim.

“Birinchi qafas sovet seriyali qotili Chikatiloning ishi ko‘rib chiqilayotganida jabrlanuvchilar uni o‘zboshimchalik bilan jazolashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘llangan edi. Qafas – aybi hali isbotlanmagan sudlanuvchiga nisbatan salbiy munosabatni keltirib chiqaradigan aybsizlik prezumpsiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid narsa”, deb yozadi A.Akmalov.

Muallifning ta’kidicha, sud hokimiyatida mavjud muammolar hal qilinmasa, amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatiga umid qilmasa ham bo‘ladi.

Jamoatchilik YuNESKO ro‘yxatiga kirishi kutilayotgan Mingo‘rik yodgorligiga zarar yetishidan xavotirda

Madaniyat vazirligi Toshkent shahar IIBBni qonun talabini bajarmasdan, Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid ravishda qurilish ishlarini olib borishda aybladi (www.kun.uz, 5 - may).

Madaniy meros departamenti bo‘lim boshlig‘i Alisher Yorqulovga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB tomonidan komissiyaning tegishli xulosasi olinmasdan poytaxtning Moshtabib ko‘chasi 31-uy manzilida joylashgan Mingo‘rik shahristoni yodgorligi yonida qurilish boshlangan.

Qayd etilishicha, VIII-IX asrlarga taalluqli yodgorlik YuNESKOning tarixiy obidalar ro‘yxatiga kiritilishi uchun nomzod qilib ro‘yxatga olingan. Agar tegishli tartib-qoidalar asosida qurilish ishlari olib borilmasa, bu ro‘yxatdan tushirib qoldirilishi mumkin.

“Tarixiy obyekt yaqinida qurilish ishlarini olib borishning o‘ziga xos tartib-tamoyillari bor. Mingo‘rik shahristoni – tarixiy shahar qoldiqlari joylashgan hudud. Obyektdan eng kamida 50 metr masofada qurilish ishlari olib borilmasligi kerak”, degan Madaniy meros departamenti vakili.

Mingo‘rik yaqinida joylashgan uylarda yashovchi aholi ham qurilish tufayli yodgorlikka zarar yetishidan xavotir bildirgan. Ular qurilish texnikasi ta’sirida yuzaga keladigan tebranish qadimiy yodgorlikka jiddiy shikast yetkazishi mumkin degan fikrda.

Ushbu e’tirozlar ortidan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosi qurilish ishlari to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Bundan bir necha yil avval ham olimlar qadimiy yodgorlikda yoriqlar paydo bo‘lgani yuzasidan xavotir bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG