Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:43

Ozodlik sharhlovchisi: Lukashenko o‘z odamlarining jinoyatlarini tan oldi va asl basharasini ko‘rsatdi


Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Britaniyaning BBC mediashirkatiga intervyu berdi. Muxbir Stiv Rozenberg bilan yarim soatlik suhbat davomida u bir necha marta takallufni unutib qo‘ydi, G‘arb uni legitim hisoblaydimi, yo‘qmi, uning uchun farqsizligini aytdi, shuningdek, Putin Navalniy bilan bitta stolga o‘tirganidan keyingina Svetlana Tixanovskaya bilan gaplashishini bildirdi.

G‘arb chegarada vujudga kelgan migratsiya inqirozida Belarus hukumatini ayblayotgani haqidagi savol Lukashenkoning jahlini chiqardi, ayni chog‘da, u Belarus kuchishlatar idoralari migrantlarning Polsha chegarasi osha YeI hududiga o‘tib olishiga ko‘maklashgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

U prezident saylovidan keyingi namoyishlarda qo‘lga olinganlarni tergov hibsxonalarida kaltaklanganiga ham, nihoyat, iqror bo‘ldi. “Keragi yo‘q, keragi yo‘q. Men buni tan olaman, – javob berdi Lukashenko. – Okrestinada ham kaltaklashgan, boshqa joylarda ham... Ammo militsiyaning o‘zi ulardan kaltak yegandi, ammo sizlar bunga ko‘z yumdingiz”, deya o‘pkalagan u BBC muxbiridan.

Belarusda nodavlat-notijorat tashkilotlar yoppasiga yo‘q qilinayotganiga doir ma’lumotni esa u qisqa qilib shunday izohlagan: “Sizlar pul bilan ta’minlab kelayotgan barcha yaramaslarning urug‘ini quritamiz!”

Ommaviy namoyishlar, yalpi hibslar, qamoq va qatag‘onlarga ulanib ketgan 2020 - yilgi prezident saylovidan so‘ng g‘arblik rahbarlar Lukashenkoni legitim prezident sifatida tan olmay, u bilan gaplashmay qo‘ygan edi. Ammo Polsha bilan chegarada migratsiya inqirozi zo‘rayganidan keyin Germaniya kantsleri vazifasini bajaruvchi Angela Merkel unga qo‘ng‘iroq qildi, so‘nggi oylarda CNN va BBC singari yetakchi mediashirkatlar undan intervyu oldi.

Ozodlik radiosi belarus xizmati siyosiy sharhlovchisi Dmitriy Gurnevich fikricha, Belaru muxolifati G‘arbning yetakchi ommaviy axborot vositalarining Lukashenkodan intervyu olayotganini, yana-tag‘in uni “prezident” deb atayotganini og‘ir olayotgan bo‘lsa-da, bu intervyular Belarus rahbarining qanday odamligini, qanday fikrlashini, o‘zini qanday tutishini, naqadar adekvatligini ko‘rsatish uchun olinayotganini aytdi, aynan adekvat muloqot masalasida Lukashenkoda jiddiy muammolar mavjud.

“CNN va BBCda chiqqan ana shu intervyular tufayli G‘arbdagilar Lukashenkoning asl yuzini ko‘rdi, chunki bu intervyularda hissiyotli iddaolardan bo‘lak hech narsa yo‘q. Odam emotsiyaga berilishdan o‘zini tiya olmaydi, savollarga javob berarkan go‘yo yerga dumalab oyoqlarini tipirchilatmoqchidek tuyuladi, o‘dag‘aylaydi, qo‘lini paxsa qiladi. G‘arb yetakchilaridan birontasi o‘zini shunaqa tutishini tasavvur qilish mahol”, deydi sharhlovchi.

Gurnevichga ko‘ra, Lukashenko Okrestina hibsxonasida mahbuslar kaltaklanganini tan olgan bo‘lsa ham, ertaga gapidan tonib, faqat militsiyaga hujum qilgan namoyishchilargina kaltak yegan, deyishdan qaytmaydi. Muayyan faktlar haqida gap ketganda u aynan nimani nazarda tutganini tushunish qiyin. Biroq, baribir, bu tan olish “syurpriz” bo‘lgani rost, chunki u ilgari “odamlar dumba va yelkalariga bo‘yoq surkab olib, militsiya urdi, deb dod solishyapti”, deya iddao qilib kelgan.

“Qolaversa, BBC muxbiri odamlarning kaltaklanayotgani aks etgan videolavhalarni qo‘yib berishini aytganida Lukashenko qo‘rqib ketib, tilidan beixtiyor shu gaplar uchgan bo‘lishi ham mumkin, chunki o‘sha kadrlarni o‘zi ham bir necha marta ko‘rgani aniq”, davom etadi Ozodlik sharhlovchisi.

Lukashenkoning migratsiya inqiroziga doir savollarga javobi va munosabatiga to‘xtalarkan, Gurnevich bu inqirozni uning o‘zi Polsha va Boltiq mamlakatlariga ta’sirini o‘tkazish, YeIni u bilan muloqot qilishga majburlash maqsadida atay o‘ylab topganini, biroq pirovardida murosa qilib bo‘lmas va to‘ng siyosatchi ekanini yana bir karra ko‘rsatganini aytadi.

“Roman Protasevich va uchoq voqeasida ham xuddi shunday bo‘lgan edi – o‘ylaymanki, ular bu amaliyotdan tamom boshqa natija kutishgan, lekin pirovardida voqea Belarusga qarshi katta sanksiyalar joriy etilishi bilan tugadi. “Belavia” kasod bo‘layozdi, shirkat lizingga olgan uchoqlarini qaytaryapti.

Migratsiya inqirozida ham Lukashenko minglab odamlarni ayozda qoldirish bilan o‘ziga qandaydir siyosiy naf chiqarishni ko‘zlagandi. Lekin butun dunyo uning aksari tushuniksiz dividendlarni deb har qanday bemazagarchilikdan toymasligini ko‘rdi”, mulohaza qiladi Gurnevich.

Ozodlik sharhlovchisi aytishicha, ushbu intervyular tufayli migratsiya inqirozi bilan bog‘liq vaziyat to‘liq oydinlashgan. Chunki Lukashenko “Ha, bizning kuchishlatar xodimlar chegaradan o‘tib olishda migrantlarga yordam bergan bo‘lishi mumkin”, deb tan oldi. Gurnevich buni Belarus rahbari o‘z odamlarining jinoyatlarini tan oldi, deb baholaydi, negaki Belarus davlat chegarasini bu tomondan belaruslik chegarachilar qo‘riqlashi lozim. Migrantlar polshalik askarlarni toshbo‘ronga tutgani uchun ham Belarus kuchishlatar idoralari javobgardir.

Gurnevich Rossiyaning ushbu migratsiya mojarosidagi roli xususida ham o‘z fikrini bildirdi. Sharhlovchiga ko‘ra, inqirozni to‘xtatishga Lukashenkoni Putin majburlagani bu shunchaki o‘yin, chunki Polsha va YeI mamlakatlari bu mojaroni ikkovi o‘ylab topganini aytishadi. Ya’ni, muammo sun’iy yaratilgan, so‘ngra qandaydir foyda chiqarish uchun u go‘yoki birgalikda hal etilgan‑u, lekin oqibatda Lukashenko baribir quruq qolgan.

Ozodlik sharhlovchisi Merkel va G‘arb matbuotining Lukashenko bilan muloqotlaridan so‘ng migratsiya inqirozi tamoman bartaraf bo‘lishiga ishonmasligini aytadi.

“Chegara yonida turgan bu odamlardan yana foydalanishadi, Lukashenkoga yana kerak bo‘lib qolgani hamon inqiroz qaytadan zo‘rayadi”, deydi Gurnevich.

XS
SM
MD
LG