Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:20

Ozodlik Yevropa sudining Rossiyaning “xorij agentlari” qonuni bo‘yicha ishni ustuvor masala o‘laroq belgilaganini olqishlaydi


Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL) Strasburgda joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining (ECHR) o‘tgan oyda “Svoboda” radiosi topshirgan shikoyatini ustuvor masala o‘laroq ko‘rib chiqish qarorini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Ozodlik 17 - iyun kuni bayonot e’lon qilib, sudning ushbu qarori rasmiy ravishda Rossiya hukumatiga yetkazilganini bildirdi.

Ozodlik arizani topshirganidan atigi bir oy o‘tib sud unga “ustuvor” maqom bergani bu ish odatdagidan tezroq ko‘rib chiqilishini anglatadi. ECHR faqat eng muhim, jiddiy va shoshilinch ishlarni “ustuvor” ish deb belgilaydi.

Rossiya hukumati 5 - oktabrgacha ushbu ish bo‘yicha o‘z javobini topshirishi kerak.

Ozodlik radiosi va Ozodlikning Rossiyadagi bo‘limi bosh direktori Andrey Shariy Rossiyaning “xorij agentlari” qonuni yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga shikoyat qilgan. Ushbu munozarali qonun doirasida yanvar oyidan beri Ozodlikning Rossiyadagi loyihalariga millionlab dollar miqdorida jarima solindi.

Qonunga binoan, Ozodlik radiosi o‘zini “xorij agenti” deb belgilashi kerak. “Xorij agenti” deb belgilangan ommaviy axborot vositalari barcha yozma materiallarni katta hajmdagi yozuv bilan, barcha radio materiallarni audio bayonot orqali va barcha video materiallarni 15 soniyali matnli deklaratsiya bilan belgilashi shart, aks holda jarimaga yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Ozodlik Yevropa sudiga yo‘llagan shikoyatda Rossiya inson huquqlari to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining 10-moddasida himoyalangan so‘z erkinligi va matbuot erkinligi huquqlarini buzayotgani ta’kidlangan.

Bundan tashqari, shikoyatda aytilishicha, Rossiyaning Ozodlik radiosiga bosimiga qarshi biror chora ko‘rilmasa, bu holat mamlakatda qolgan oz sonli mustaqil ommaviy axborot vositalariga jiddiy salbiy ko‘rsatadi.

So‘nggi haftalarda Rossiya Latviyada joylashgan “Meduza”, Moskvada joylashgan “Korrupsiyaga qarshi birinchi OAV” (PASMI) va Niderlandiyada joylashgan “VTimes.io” kabi mustaqil ommaviy axborot vositalarini “xorij agentlari” ro‘yxatiga kiritdi. “Vtimes” ushbu qaror nashr uchun yirik iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishini aytib, 12 - iyun kuni Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi.

“Kremlning RFE/RL va boshqa mustaqil ommaviy axborot vositalariga qarshi kampaniyasining aniq maqsadi ushbu nashrlarni so‘z erkinligi va jurnalistika prinsiplaridan voz kechishga yoki bu kasbni tark etishga majbur qilishdir”, dedi Ozodlik radiosi prezidenti Jeymi Flay.

“Ozodlik radiosining Rossiyadagi faoliyatiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazilishi xavfi va Rossiya xalqi uchun axborot tanlash masalasi muhim ekanini hisobga olgan holda, biz Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ushbu masalaga ustuvor ahamiyat berganini olqishlaymiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiyaning “xorij agentlari” to‘g‘risidagi qonuni 2012 - yilda qabul qilingan va bir necha bor o‘zgartirilgan. Qonunga binoan, chet eldan yordam oladigan va hukumat nazarida siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotlar, inson huquqlari guruhlari va ommaviy axborot vositalari “xorij agentlari” deb belgilanishi mumkin.

2017 - yilda Rossiya hukumati Ozodlik radiosining oltita rus tilidagi yangiliklar xizmati va Ozodlik radiosi tomonidan “Amerika ovozi” bilan hamkorlikda ishga tushirilgan “Nastoyashcheye vremya” tarmog‘ini ro‘yxatga kiritdi.

Yanvar oyidan beri Rossiya nazorat organlari Ozodlik va Shariyga qarshi yuzlab ma’muriy ish qo‘zg‘adi. Nashrga bugunga qadar solingan jarimalar miqdori 3 million dollardan oshishi mumkin.

Sud qarori bilan Ozodlikning Rossiyadagi bank hisoblari muzlatib qo‘yildi. Ozodlik radiosi unga qarshi qo‘zg‘atilgan yuzlab sud ishining har biri bo‘yicha shikoyat arzini yo‘lladi, biroq birorta sud apellyatsiyalarni ko‘rib chiqishga rozi bo‘lmadi, Roskomnadzor esa jarimalar miqdorini kamaytirmadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden 16 - iyun kuni prezident Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan sammitda Kreml tomonidan Ozodlikning rus tilidagi xizmatlariga bosim o‘tkazilayotgani haqida gapirdi.

XS
SM
MD
LG