Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:00

OzodTa’sir: “Oshgan narsa faqat yog‘ emas”. Klasterlar chigitga oid aksilmonopoliya qo‘mitasi qaroridan norozi


Paxta chigiti
Paxta chigiti

So‘nggi bir oyda chigit narxi 3 ming so‘mdan 5 ming 700 so‘mga oshib ketishi ortidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi paxta klasterlaridan 34 tasiga ish ochdi.

Chigit narxining oshishi, yog‘-moy korxonalari ishini to‘xtatib qo‘ygani, buning ortidan paxta yog‘i qimmatlab, tanqislashgani haqida Ozodlik 7 - may kuni maqola e’lon qilgan edi.

Maqoladan 3 kun o‘tib, qo‘mita e’lon qilgan rasmiy bayonotda 40 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan chigit narxi aprel oyida ichida 38 foizga oshirilgani aniqlangani aytildi.

Endilikda ba’zi klasterlar hukumatni, xususiy sektorni nazorat qilish hamda talab va taklif qonuniyatiga zid ravishda yana ma’muriy yo‘llar bilan bozorni nazorat qilishga urinishda ayblamoqda.

Ozodlik chigit narxi oshishi ortidan “O‘zyog‘moysanoati” uyushmasi tarkibidagi 51 foiz ulushi davlatga qarashli jami 12 ta yog‘-moy kombinatining 2 tasida ish to‘xtab qolgani, qolganlari ham to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani haqida xabar qilgan edi.

Ayni paytda hukumatning yog‘ narxini nazorat qilish uchun qo‘llagan ma’muriy chorasi aks ta’sir ko‘rsata boshladi - paxta yog‘i narxi bozorda 17 - 19 mingga chiqib ketdi.



"Klasterga yopishib olish oson"

Buxorodagi paxta-to‘qimachilik klasterlaridan birining rahbari aprel oyida chigit narxidagi keskin oshish - "bozordagi talab va taklif qonuniyatidan kelib chiqqanligi"ni aytadi.

Nomi oshkor qilinishini istamagan klaster rahbariga ko‘ra, bozorda narxi oshib borayotgan mahsulotdan daromad qilish - xususiy sektorning biznesi, buning uchun ularning ustidan ish ochish esa - adolatsizlikdir.

Shu bois Samarqand viloyatida qator klasterlar chigitning birjaga chiqariladigan minimal narxini 300 - 400 so‘mgacha oshirgan va bunga o‘ziga yarasha sabablari bor:

“Bozorda talab oshdi, narx esa birjada ko‘tarilib ketdi. To‘g‘ri, klasterlaram 300 - 400 so‘mga oshirdi chigitni. Chunki oshgan narsa faqat yog‘ yoki oziq-ovqatmas-ku! Pandemiya paytida QQS (qo‘shimcha qiymat solig‘i - tahr.) qo‘shilganiniyam unutmaslik kerak. Hukumat bizga ishlab chiqarish qil, ishlab chiqarshi qil, deb yotibdi. Biz qarzga texnika olyapmiz chetdan, qarzga mini zavod quryapmiz, ishchi olyapmiz, investorlar bilan kelishuv qilyapmiz - buning hammasi hozircha xarajatmi, axir?! Chigit narxini 300 so‘mga oshirding, deb ish ochilishi to‘g‘rimas-da endi”.

Bu klasterga ko‘ra, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryodagi aksar klasterlar o‘tgan yili katta daromad ko‘rmagan, ko‘pchiligi qarz bilan chiqqan:

“Fermerlar paxtani yetkazib berolmadi, ko‘pchiligi qarzda yotibdi. Biz nima qilishimiz kerak?! Topganini kissasiga uryapti, deb klasterga yopishib olish oson. Biz aslida yo xususiymasmiz, yo davlatnikimasmiz. O‘rtadamiz, tushunyapsizmi? Bu yoqda fermer, bu yoqda davlat - ikkalasiyam hamma ayb klasterda, deydi. U gullab-yashanab yotgan klasterlaram bor, lekin bizga o‘xshab qarzga botib borayotganlaram bor”.

Andijondagi yana bir klaster rahbari esa, so‘nggi bor chigit narxini 3100 so‘mdan birjaga chiqarganini aytdi:

“Mart boshidayoq bor chigitni sotib bo‘lgandik biz. Birjaga berdik, o‘zimizdagi yog‘ zavodga sotdik. Keyin chigitni narxi oshib ketdi. Menimcha, birjada o‘yin bo‘ldi, ayb klasterdamas, deb o‘ylayman. Keyin, har bitta tumanda mini yog‘ zavodlari bor, o‘shalar yog‘ni ushlab turdi, narxni oshirish uchun. Zavodlar ham chigitni ushlab turdi. Chigit ko‘p yetishtiriladigan taraflarda o‘yin bo‘ldi, nazarimda. Lekin, biz bunga aralashmadigam, qanaqa o‘yinlar bo‘ldi, buni anig‘ini men bilmayman”.

Tushirilgan narx uzoq turmadi

O‘zbekiston Tovar-xom ashyo birjasida 12 - may kuni qayd etilgan so‘nggi narxlarga ko‘ra, paxta chigitining savdo qo‘yilgan minimal narxi 1 kilogrami uchun 3 ming 150 dan 4 ming 500 so‘mgacha chiqqan.

Birja vakili Ozodlik so‘roviga binoan so‘nggi narxlarni taqdim qildi:

  • #Paxta_chigiti (16:30-16:50)
  • 37273-SILVER FIBER 1s 1kl - 200 tn [4505]
  • Forvard:
  • 38593-WBM Kushkupir 1s 1kl - 500 tn [3452]
  • 38594-Xazorasp tekstil 1s 1kl - 500 tn [3452]
  • 40476-Mirishkor teks 1s 1kl - 5 tn [3150]


7 - may kuni O‘zbekistondagi yog‘-moy korxonalarining Ozodlik bog‘langan mas’ullari 1 kilogram chigit narxi 5 ming 700 so‘mga chiqib ketganini bildirgan edi.

Ozodlik birja vakilidan chigit narxi qimmatlagan muddat - joriy yil mart-aprel oylaridagi eng arzon va eng qimmat minimal narx hamda sotilgan narxga oid ma’lumot so‘radi, bu so‘rovga hanuz javob kutmoqda.

Ammo 11 - may kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bergan bayonotda aytilishicha, joriy yil aprel oyi davomida birja savdolariga 40ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan savdo qo‘yilgan texnik chigit narxi o‘rtacha 38 foizga ko‘tarilgani aniqlangan.

“Avval xabar berganimizdek, o‘simlik yog‘i narxining oshishiga asosan kungaboqar urug‘lari ishlab chiqarish va eksportning qisqarishi bilan bog‘liq tashqi muhit ta’sir ko‘rsatmoqda. Ammo, ayrim paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotchilari vaziyatdan foydalangan holda, paxta chigiti narxini asossiz oshirishdi, bu esa o‘z ta’sirini paxta yog‘ining narxiga ham ko‘rsatdi”, deyiladi bayonotda.

Buning ortidan qo‘mita, birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxini kelishib sun’iy oshirish va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari yuzasidan 34 ta paxta-to‘qimachilik klasterlariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.

Natijada 12 - mayga kelib, chigit narxi o‘rtacha 4 mingdan 2 ming 900 so‘mga tushirilgani xabar qilindi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu narx bir necha soat ushlab turilgan, so‘ngra yana oshib ketgan.

Xuddi shunday, Monopoliya qo‘mitasining ma’muriy chorasi bilan, birja savdosida narxi 1 litri uchun 14 ming 700 so‘mga tushirilgan paxta yog‘i ham 14 mayga kelib, yana 16 ming 800 so‘mdan 18 ming ming so‘mgacha ko‘tarilib ketgani kuzatildi:

  • #Paxta_yogi (10:00-10:20)
  • 10186-Kattakurgon 1l - 3 tn [17571-18628]
  • 10187-Kattakurgon 5l - 2 tn [17671-18640]
  • 10189-Fargona 4,2kg - 10 tn [17801-17832]
  • 10192-Karshi 4,2kg oliy - 5 tn [16820-17022]
  • 10195-Urganch 2l - 10 tn [16170-16247]
  • 10196-Evrosnar 4,2kg - 20 tn [15805-16311]
  • 10222-Yangiyul 4,2kg - 3 tn [17642-17667]
  • 10266-Koson 2l - 5 tn [16551-16562]

Ozodlik so‘rovi bilan 14 - may kuni Andijondagi bir necha bozorni kuzatgan manbaga ko‘ra, bozorlarda 1 litr paxta yog‘ining narxi 18 mingdan 19 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.

Ma’muriy chora bozorda aksta’sir beradi

Shu yilning 23 - aprel kuni Senatning 14-yalpi majlisida, Senat raisi Tanzila Norboyeva aholida oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa yog‘ narxining oshishiga norozilik kuchayib borayotganini tilga olgandi.

Bozorlardagi narxlar masalasi alohida muhokama qilingan yig‘ilishda Norboyeva ijtimoiy tarmoqlardagi norozlikni alohida ta’kidlarkan, bosh prokurordan narx-navoni nazoratga olishni so‘radi.

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘iga bir yillik ehtiyoj 650-700 ming tonna ekani, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘pi bilan 300 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqara olishi aytiladi.

Ammo joriy yilning 29 - yanvar kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi 41-sonli qarori bilan 529 turdagi import tovar va xizmatlarini davlat xaridlari sifatida sotib olishga cheklov o‘rnatildi.

Bu mahsulotlar ro‘yxatida shu kunda bozorda narxi juda yuqori bo‘lib turgan kungaboqar, paxta, zaytun va araxis yog‘lari kiritilgan.

Shu bois birlamchi iste’mol tovarlari importiga cheklovni bekor qilish va bu sohani egallab olgan monopol shirkatlarga zudlik bilan barham berish chaqiriqlari yangramoqda.

Aks holda iqtisodchilarga ko‘ra, ahvol bundan ham og‘irlashishi, narxlar esa ko‘tarilishda davom etishi mumkin.

XS
SM
MD
LG