Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:24

Paxta-2022: Bo‘m-bo‘sh shartnoma, ikki xil narx va qo‘shib yozish


O‘zbekistonda paxta terimi mavsumi nihoyasiga yetmoqda. Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra, fermerlar paxtasini sotib olishda hali ham eski usullardan voz kechilmagan.

Fermerlar paxta xarid narxining arzonligi, hokimlar bosimi ostida bo‘sh shartnomaga imzo va muhr qo‘ydirib olgan klasterlar o‘zlari xohlagan narx va sentnerni qo‘yayotganidan, paxta “skidka”sining nihoyatda yuqori qo‘yilganidan norozi bo‘lmoqdalar.

Qonunchilikda hokimlarga fermer va klaster o‘rtasidagi munosabatlarga aralashish taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan fermerlar hanuz mahalliy hokimiyat tomonidan bosimga uchrayotganliklarini aytishmoqda.

Andijonlik fermerlar uchun bu yil paxta topshirish shartnomasini bajarish og‘ir bo‘lmoqda.

Sababi ularning klaster bilan tuzilgan shartnomasiga faqat muhr bosib, imzo qo‘yib berganligida. Aniqrog‘i, bunga majburlanganida.

Andijon viloyat, Bo‘ston tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, bo‘m-bo‘sh shartnomaga fermerlarning muhr bosib bergani o‘zlarining "boshiga balo" bo‘lgan:

“Bahorning boshida “Sayyora favvorasi” klasteri bilan tuzilgan shartnomaning bo‘sh blankasiga majburan qo‘l qo‘ydirib olishgan. Odatda, shartnomaga yerning bonitetiga qarab sentner qo‘yiladi. Masalan, bonitet 60 bo‘lsa, u 0,4ga ko‘paytiriladi. Bu 24 sentner bo‘ladi. Lekin, bu yozilmaydi. O‘zlari keyin 33-38 sentnerdan deb yozishib oldi. Ana endi bugun, yerdan real holatda 30-32 sentner hosil oldik. Hozir seni shartnomangda 35 sentner yozilgan deb, quvdi-quvdi bo‘lib yotibdi”.

Fermerning aytishicha, bunday holat "pripiska" - qo‘shib yozishga olib boradi:

“Pripiska"ning tagida manfaatdorlar turibdi. Hozir sho‘ring qurg‘ur bitta fermer to‘g‘ri klaster zavodiga kirib boradi, menga 5 sortga bo‘lsa ham paxta yozib ber deydi, yozib ham beradi, albatta ma’lum pul evaziga. Aksariyat fermer shunday qiladi. "Pripiska"dan yig‘ilgan pulni esa o‘zlari bo‘lishib oladi”.

Andijon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, klasterning paxtaga to‘layotgan narxi xarajatni ham qoplamaydi:

“Paxtani klaster 9700 so‘mdan oldi, tavsiyaviy narx 10025 so‘m edi. Bu paxtaga ketgan xarajatni ham yopmaydi. Bizda ham xudda shunday bo‘ldi. Paxta yetishganidan keyin klaster yana 3 sentnerdan qo‘shib yubordi. Shartnomaniku, betini ham ko‘rganimiz yo‘q. Bahorda hokim majburlab muhr bostirib olgan edi. Klasterning o‘zining yeri 5-12 sentnerdan paxta berdi, xolos. Lekin qog‘ozda 45 sentner berdi deb yozilgan. "Pripiska" qilyapti. Orol degan massivimizda bir gektar ham klaster paxta ekmagan. O‘sha yerdan ham 45 sentner paxta berdi deb ko‘rsatibdi. Xullas hammayoq zo‘ravonlik, ko‘zbo‘yamachilik, klasterga quldorlik bo‘lib yotibdi”.

O‘zbekistondagi fermerlar muammolarini yaqindan kuzatayotgan, o‘zi ham paxtachilik fermeri bo‘lgan xorazmlik Ne’mat Ishchanov fermer-klaster-hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yaqindan kuzatib keladi.

Fermerlarning bir qancha Telegram-kanallarida ularga o‘z huquqlarini anglash va himoya qilish haqida maslahatlar berib kelayotgan Ishchanovning aytishicha, fermerni xarob qilayotgan eng katta muammo paxta haqining sun’iy pasaytirib berilganida:

“Paxta xarid narxi to‘g‘risida har yili muammo bo‘lyapti. Avval kontraktatsiya shartnomasi qilinardi. U yerda hisob narxi yozilar edi. 2021-yil ham kontraktatsiya shartnomasi tuzilib, juda past narx yozildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tavsiyasi bilan 7120 so‘mdan haq berildi. Xarajat ham shuncha bo‘ldi. Kuzatdik. Noyabr oyida klasterlar paxtani chigitdan ajratib birjada sota boshladi. Birjada ko‘rsak narx juda baland, bir kilo tolaning narxi 36-38 ming so‘m, chigitning narxi 5 ming so‘m”.

Fermerning aytishicha, klaster dehqonning paxtasidan yana bir baravardan ortiq foyda ko‘rgan:

“Uch kilo paxtadan bir kilo tola chiqadi. 36 ming so‘m. Ikki kilo chigit 10 ming. Jami 46 ming so‘m. Bizdan esa uch kilo paxtani 21 ming so‘mga olyapti. O‘rtadagi 25 ming so‘m foydani ko‘ryapsizmi? Buni butun O‘zbekiston ko‘rdi, bildi. Lekin fermerga mana senga foydadan bu deb bir so‘m bermadi. Bu yil esa prezidentimiz fyuchers shartnoma qilasilar dedi. Xursand bo‘ldik. Chunki bu shartnomada narxlar belgilanib, oldindan bir qism pul to‘lanadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermerlar Kengashi, Adliya vazirligi va klasterlar o‘zaro kelishib, tasdiqladi ham. Ammo, mart oyidan boshlab yana eski ahvol, narx yozilmay fermerlar majburan shartnoma qildirildi. Eski hammom, eski, tos!”

Ishchanovning so‘zlariga ko‘ra, fermerlar bunga qarshilik qildi, lekin shu payt klasterga yordamga hokimiyat keldi:

“Xokimiyat aralashdi. Chunki klasterning o‘zi imzolashga majburlay olmaydi. Uning qo‘lida majburlay oladigan richag yo‘qku. Viloyat, tuman hokimlari, Agropromlar bosim o‘tkazib, mana shu yaxshi narx, kuzda oshsa yana qo‘shib beradi, deb aldab-suldab yoki majburlab imzo qo‘ydirib oldi. Ijroiya hokimiyat kuch ishlatar tizimlari yordamida klasterlarning yordamchisi bo‘ldi. Chunki ularda ham manfaatdorlik bor”.

Andijonlik fermerning fikricha, o‘z haqqini talab qila olmaydigan fermer adolatsizliklar uchun yo‘l ochib beradi:

“Fermerlar hali ham qo‘rquv va katta dag‘dag‘aning tagida yurishibdi. Ularning katta qismi huquqiy savodsiz. Ularning omiligidan, soddaligidan, o‘z nomi bilan dehqonligidan rahbarlar o‘z maqsadlari yo‘lida zo‘ravonlarcha foydalanishyapti. Bu zo‘ravonlikning ustida hokim turibdi. Masalan, kecha, hokim Ozod massividan Farhod ismli bir fermerni 35 sentner berasan deb qattiq haqorat ham qilibdi. Hokimlar klasterlarning manfaatiga ishlab, ulardan manfaat topadigan shaxslarga aylanib qoldi”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan paxta va g‘alla yetishtirish davlat rejasidan chiqarilgan. Qaror va farmonlarga ko‘ra, bu mahsulotlarni yetishtirish ikki mustaqil sub’ekt - fermer va klaster o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli shartnomalar asosida qurilishi kerak.

Пахта 2022: “Еганимиз тарвуз билан нон”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:22 0:00

Ammo mahalliy hokimlar hamon bu ikki mustaqil subyekt o‘rtasidagi munosabatlarga aralashishda davom etmoqda.

Ozodlikning fermerlar iddaosi yuzasidan klasterlardan munosabat olish urinishlari hozircha natija bergani yo‘q. Tahririyat ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tomonlarning fikrlariga ochiq.

XS
SM
MD
LG