O‘zbekistonlik fermerlarning aytishlaricha, paxta rejasini bajargan fermer hanuz davlat va klaster korxonalariga topshirilgan paxta uchun qancha haq berilishini aniq bilmaydi.
Joriy yilning 23 - oktabrida Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtirilgan to‘rtinchi tip, ikkinchi nav, birinchi sinf 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birga 4522,5 ming so‘mni tashkil etganini e’lon qildi.
Bu eng past sortga belgilangan narx. Ammo yuqori sortlarga topshirilgan paxtaning xarid narxi fermerlar uchun mavhum bo‘lib qolmoqda.
Paxta mavsumi tugashi arafasida, 23 - oktabr kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi fermerlardan sotib olinadigan paxtaning eng past narxini e’lon qildi.
Vazirlikka ko‘ra, bir kilogram to‘rtinchi nav(sort) paxta xom ashyosining narxi 4522,5 so‘m qilib belgilangan. Vazirlik bu qarorga “jahon bozorida shakllangan narxlar, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va fermer xo‘jaliklarining, yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq mas’ul etib belgilangan vazirlik va idoralarning takliflarini, shuningdek, paxta xomashyosini qayta ishlash, logistika va boshqa taalluqli xarajatlarni inobatga olgan holda kelgani aytilgan.
Ammo o‘zbekistonlik fermerlar vazirlikning bu qarori juda mavhum ekanligi, ular yuqori sortlarga topshirgan xomashyoning narxlari ko‘rsatilmaganidan arz qilmoqda.
Buxoro viloyati Jondor tumanida fermerlik qilayotgan Shuhrat Razzoqovning aytishicha, yuqori sortga sotgan paxtasining narxi qancha ekanligini hanuz bilmaydi:
“Vazirlik ma’lumotida paxtaning 1-, 2-, 3 - sortlari qancha bo‘lishi haqida aniq xabar yo‘q. Bor bo‘lsa ham fermerlardan sir tutilyapti. Mana qarang, bozorga bir narsa olib borib sotsangiz xaridor uchun narxini aytasizmi, bunisi buncha, unisi uncha deb? Terim boshlanganiga 60 kun, planni bajarganimga 20 kun bo‘lyaptiyu, hozirgacha klaster aniq bir narxni aytmaydi. Vazirlikka ko‘ra, eng past narxi 4522 so‘m ekan. Axir bu bulturgi narx 4607 so‘mdan ham kamku. Klaster endi birinchi sort paxtam uchun biror so‘m qo‘shib beradimi yoki yo‘q, buni hali bilmayman”.
Fermerning aytishicha, bulturgi yilga nisbatan paxtaning xarid narxida o‘zgarish deyarli yo‘q bo‘lsa ham, bu tomondan yonilg‘i va mineral o‘g‘it narxlari ancha oshib ketgan:
“O‘tgan yilgi mavsumda bir litr solyarkani 4700 so‘mdan olgan bo‘lsak, bu yil 6200 so‘mdanga tushdi. Selitraning tonnasiga o‘tgan yili 1mln 900 ming so‘mgacha to‘lagan bo‘lsak, bu yil 3 mln so‘mga ko‘tarildi. Texnika xizmatlari 40 foizga oshdi. Paxta chigitidan olinadigan yog‘ 7 ming so‘mga sotilgan bo‘lsa, bu yil 15 ming so‘mgacha chiqdi. Paxta yetishtirish uchun sarf bo‘layotgan xarajat oshib boryaptiyu, xarid narxi esa hech ko‘tarilmaydi. Men allaqachon hisob – kitob qilib bo‘ldim, topshirgan paxtamning har bir kilosining tannarxi menga 5 ming so‘mdan tushyapti”.
Toshkent viloyat, O‘rtachirchiq tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri ham paxtaning xarid narxini hali bilmasligini aytdi:
“Yo‘q, qayerdan bilaman, Ko‘kcha tekstil klaster korxonasi hech kimga bunchadan paxtangni sotib olaman deb hali aytgani yo‘q. Yonilg‘i va mineral o‘g‘itlar narxi oshib boryapti. Masalan, mineral o‘g‘itni o‘tgan yili 1800 so‘mdan olgan bo‘lsak, bu yil ikki yarim ming so‘mdan kam bo‘lmadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa o‘tgan yilgidan ham past narx ko‘rsatib turibdi. G‘allani ham bu yil rasvo narxda davlat sotib oldi. NDSini to‘lab, kilosini 1300 so‘mdan sotdik, bozorda esa o‘sha paytda ikki yarim ming so‘m edi. Prezidentning rejadan ortgan bug‘doyni bozor narxida sotib olamiz degan qarori ham ertak bo‘lib chiqdi”.
Ismi sir qolishini so‘ragan farg‘onalik fermer ham klaster korxona paxtani qanchadan sotib olishini bilmasligini aytadi:
“Fermerlik ham egasiz bozor bo‘lib qoldi. Klaster degani o‘zi xohlagan narxda mahsulotni oladi, o‘zi xohlagan narxda mineral o‘g‘it, yoqilg‘ini sotadi. Fermerda na klasterni tanlash, na mahsulotiga narx qo‘yish huquqi bor”.
Buxorolik fermer Shuhrat Razzoqov fermerlarda bunday huquqning umuman yo‘qligini aytadi:
“Qaniydi, fermerda tanlash huquqi bo‘lsa. Bahorda bir necha klaster fermerning dalasiga kelib qancha paxta berasiz, mana bizning sotib olish narximiz buncha, siz nima deysiz, desa. Klasterlik ham hozir monopoliya bo‘lib qoldi. Fermerda bu klaster narxi yoqmasa boshqa klasterni tanlasa, o‘zaro manfaatli shartnoma tuzsa... bular hammasi o‘zbek fermerining orzusiku. Lekin bular hammasi bekorchi gaplar. Toki klasterlar o‘rtasida o‘zaro raqobat bo‘lmas ekan va fermerda klasterni erkin tanlash huquqi yo‘q ekan, bozor iqtisodiyoti ham chala tug‘ilgan boladek bo‘lib qolaveradi”.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda paxta narxini belgilashda fermer va korxona o‘tasida manfaatli shartnoma bo‘lishini aytdi:
“Paxta xarid narxi jahon bozorida shakllangan narxlar asosida belgilanadi. Davlat paxtani qayta ishlash va klaster korxonalari bilan fermerlar to‘rtinchidan yuqori bo‘lgan sortlarga sotiladigan paxtaning narxini esa o‘zaro kelishgan holda belgilaydi. Prezidentimiz aytganidek, bu bozor iqtisodiyotining talabi”.
Mulozim fermerlarning narxlarni o‘zaro kelishib belgilash huquqi yo‘qligi haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.