O‘zbekistonda paxta terimi mavsumi oxirlab boryapti. Bir qancha tumanlardagi fermerlar paxta topshirish shartnomasini bajarib ham ulgurdi.
Ammo fermerlar shu paytgacha paxtaning xarid narxi qancha ekanligini aniq bilmaydi. Ozodlik surishtirgan Andijon, Farg‘ona, Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand viloyatidagi fermerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu borada sukut saqlayotganidan shikoyat qildi.
Birgina Buxoro viloyatida klasterlar bir kilogramm paxtaga 7120 so‘m narx belgilanganini fermerlar aytmoqda.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matubot xizmati Ozodlikning bu haqdagi savollariga javob bermadi.
Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan, tazyiq bo‘lishidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, uch yildan buyon paxtaning xarid narxida o‘zgarish bo‘lgani yo‘q:
“Bo‘ka tumani fermerlari 2019 - yilda “APK Bo‘ka” klasterga o‘tkazilgan edi. O‘sha yili bir kilo paxta xarid narxi 4530 so‘m bo‘ldi. 2020 - yilda 4400 so‘m bo‘ldi. O‘tgan yili ham paxtani terib topshirib bo‘lganimizdan so‘ng narxni e’lon qilishgan edi. Bu yil ham shunday bo‘ladi, shekilli. Masalan, bizning tumanda paxta topshirish rejasi bajarildi, lekin xarid narxidan darak yo‘q. O‘tgan yil bir litr solyarkaning narxi 6,5 ming so‘m edi, bu yil 10 ming so‘mdan oldik. Mineral o‘g‘itlar narxi ham ikki baravarga oshib ketgan”.
Fermerning aytishicha, paxtaning xarid narxi har yili shartnoma qilinganda aniq yozilishi kerak, lekin hech qachon bunday bo‘lmagan:
“Har yili bo‘m-bo‘sh blankaga majburan pechat bostiriladi. G‘allaga shartnoma qilindi, unga ham xuddi shunday. Bunday majburlov hokim, militsiya va prokuror uchligi tomonidan amalga oshiriladi. Qani pechat bosmay ko‘ringchi, bir kun ham ishlolmaysiz. Bu yil ham saylov o‘tib bo‘lganidan so‘ng, o‘zlari xohlagan narxni qo‘yib, xohlasang shu deyishadi. Prezident hokimlar fermer va klaster o‘rtasidagi ishga boshqa aralashmaydi deb aytadi, lekin amalda hech narsa o‘zgargani yo‘q”.
Samarqand viloyat, Payariq tumanidagi fermer Nargiza Ubaydullayevaning aytishicha, ular ham xarid narxi aniq emas paxtani topshirishda davom etmoqda:
“Paxtaniku topshiryapmiz, lekin O‘zbekistonda hali paxta narxi chiqarilmagan. Necha so‘mga narxlab beradi, hali bilmaymiz. Paxtaning narxini Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilab beradi ekan, ammo hozircha hech qanday xabar kelgani yo‘q. Mana, g‘allani ham ekib bo‘ldik, lekin kimga ekkanimizni hali bilmaymiz. Hech kim biz bilan shartnoma ham qilgani yo‘q. Klaster hali g‘allani ekish uchun bir so‘m ham pul bergani yo‘q, shartnoma ham qilgani yo‘q”.
Ozodlik surishtirgan Andijon, farg‘ona, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham paxtaning xarid narxi aytilmagan.
Birgina Buxoro viloyatidagi klasterlar paxtaning xarid narxini 7000 so‘m atrofida belgilaganini jondorlik fermer Shuhrat Razzoqov Ozodlikka aytdi:
“Bir tonna paxtani 7 million 120 ming so‘mdan klaster bizdan oldi. Rejadan tashqari topshirgan paxtamizga 30 foiz qo‘shib beryapti. Bugun 429 million so‘mga PK olib keldim. Jondor tumanidagi ikkita klaster shunchadan narx berdi paxtaga”.
O‘zbekistonda paxta va bug‘doy xarid narxini har yili Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilab beradi. Paxta terimi boshlanganiga qariyb ikki oy bo‘lyapti, ammo hanuz narxnomadan darak yo‘q.
Ozodlik paxta xarid narxi nega shu paytgacha belgilanmaganiga javob olish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Nigora Xodjayevaning Telegram-kanaliga savol qoldirdi. Xabar o‘qildi, degan belgi chiqqan bo‘lsa-da, matbuot kotibidan javob bo‘lmadi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida o‘tkazilgan islohotlar ijobiy samara bermaganini fermerlar ko‘p ta’kidlaydi.
Uch yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida klaster tizimi tashkil etilganiga qaramay, hali ham mahalliy hokimiyat ikki mustaqil subyektning ishlariga aralashishdan to‘xtagani yo‘q.
Fermerlar klasterlarni shartnomadagi o‘z majburiyatlarini bajarmaganlikda, hukumatni esa paxta va bug‘doy xarid narxini juda ham past belgilashda ayblab keladi.