Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:37

Xorazmdagi pedofil amaldorlar ishi Toshkent sudida qayta ko‘rila boshladi


Тошкентдаги маҳкама зали.
Тошкентдаги маҳкама зали.

19-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati Xorazmda sodir etilgan pedofiliya jinoyati bo‘yicha sud muhokamalarini qayta boshladi.

Bu haqda Ozodlikka jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganlarning yaqinlari ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 19-moddasi asosida yopiq davom etayotgan sud majlisi tafsilotlariga ko‘ra, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq rahbari Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan ayblanmoqda.

Shu yilning avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati jinoyat ishini qo‘shimcha ayblovlar bilan to‘ldirish va tergov qilish uchun bir oy muddatga Xorazm viloyati prokuraturasiga yuborgandi.

Jinoyat ishi tafsilotlaridan xabardor Ozodlik manbasining aytishicha, Xorazm viloyati prokuraturasi tergovlar davomida pedofiliya jinoyatiga qo‘l urgan sobiq amaldorlar ishi bo‘yicha birorta qo‘shimcha ayblovlar qo‘ymagan, aksincha, tergov davomida jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qizlardan Mehribonlik uyining hozirda qamoqda bo‘lgan rahbariga nisbatan ko‘rsatmalar olgan. Go‘yo, -deydi manba, - qizlar uning qistovi bilan amaldorlarning jinsiy ehtiyojini qondirishgan.

Тармоқларда яна педофилия билан боғлиқ ҳолатлар муҳокамади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:37 0:00

Sudlanuvchilar yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, sud tomonidan bildirilgan e’tirozlar inobatga olinmagan va jinoyat ishi eski ayblov — O‘zbekiston Respublikasi JKning 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan sudga qaytarilgan.

Dastlabki sud tafsilotlari

Advokatlarga ko‘ra, go‘yo jarblanuvchilarning advokati qizlarga o‘zlariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bo‘lgani haqidagi yolg‘on ko‘rsatmalarni o‘rgatgan va avvalgi sud majlislarida yetimxona tarbiyalanuvchilari shuning uchun ham o‘zlariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bo‘lganini ta’kidlashgan. Advokatlarga ko‘ra, aslida jinoyat ishida jinsiy zo‘ravonlik yo‘q.

Holbuki, apellyatsiya instansiya sudi shu yilning iyun-iyul oyidagi eshituvlarida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy tajovuz alomatlari borligini, mazkur harakatlar qayta tergovlarda o‘rganilishi lozimligini ta’kidlab, ajrim chiqargandi.

Ishni o‘rgangan O‘zbekiston Repsublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsmani Aliya Yunusova sudning bu qarorini olqishlagandi. Ijtimoiy tarmoqlar esa jinoyat ishini qayta tergovga qaytarishni jamoatchilik g‘alabasi o‘laroq baholagan.

Mazkur ish tafsilotlari jamoatchilikka oshkor bo‘lishi ortidan Oliy sud va Bosh prokuratura sudlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa olinganini ma’lum qilgan edi.

Biroq jabrlanuvchi qizlarning aytishicha, bu gaplarning barchasi yolg‘on, sudlanuvchilar biror kun ham qamoqqa olinmagan. Jabrlanuvchilar davlat idoralari jamoatchilikning ovozini o‘chirish uchun yolg‘on xabar tarqatganini iddao qilmoqda.

Huquq faollariga ko‘ra, Xorazmdagi pedofiliya ishi bilan bog‘liq holatda sudlanuvchilarga qo‘yilayotgan ayblar ularning qilmishiga yarasha jazo olishiga kifoya qilmaydi. Basharti, sud JKning tegishli moddasi bilan sanksiyada ko‘zda tutilgan eng yuqori jazoni bersa ham hozirda kechayotgan mahkamadan so‘ng pedofillar jazosiz qolishi ehtimoli katta.

Pedofil amaldorlar

«Nemolchi.uz» loyihasiga ko‘ra, Urganch shahridagi Mehribonlik uyi mudirasi uch qizni tanlab olib, 10 oy davomida (2021-yil maydan 2022-yil fevralga qadar) «moddiy manfaat uchun ularni turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan».

«Masalan, 2021-yilning mayida mudira hali 16 yoshga to‘lmagan R. ni tanishlaridan biri bilan yotishga majburlagan. Qiz buni istamasdan, qarshilik ko‘rsatgan, shunda mudira oshxonadan o‘qlovni olib kelib, qizning voyaga yetmagan ukasini boshqalar ko‘z o‘ngida kaltaklay boshlagan. Qizning irodasini sindirgan ayol keyinchalik uni o‘zi buyurgan barcha erkaklar bilan yotishga majburlagan», — deb yozgandi «Nemolchi.uz».

Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘z vakolatidan foydalanib mudiraning muammolarini hal etishni va’da qilgan, 2021-yil aprelda unga xayriya maqsadida printer sovg‘a qilgan (u Adliya boshqarmasi balansida bo‘lgan va ishda foydalanilgan, keyinroq yaroqsiz holatda chiqarilgan).

«Bu kabi «xayriya»dan ikki hafta o‘tib, erkak bolalar uyi mudirasidan o‘zining jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz berishini so‘ragan. Shunda ayol 17 yoshli yetim qiz — A.ni tanlagan va unga ovqat bermay qo‘ygan, boshqa bolalardan ajratgan, tashqariga chiqishini taqiqlagan, keyin bo‘lsa, qizga viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i bilan yotishi kerakligini, chunki u A.ga 250 ming so‘mga sport oyoq kiyimini olib berganini aytgan. Natijada erkak qiz bilan yotgan, jinsiy aloqa uchun esa Adliya boshqarmasi xodimlariga xizmat uyi sifatida ajratilgan kvartiradan foydalangan», deb yozgan «Nemolchi.uz».

Ikki oydan keyin, 2021-yil iyunda Adliya boshqarmasi boshlig‘i «mudiradan yana qiz talab qilgan va o‘sha kvartiraning o‘zida 15 yoshli A., keyinroq 16 yoshli D. bilan birga bo‘lgan».

«Bu kabi voqealar qayta-qayta takrorlangan… 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasining xizmat kvartirasidan idora boshlig‘ining voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqalari platformasi sifatida foydalanilgan», deya ta’kidlanadi materialda.

Xorazm viloyat Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ham Mehribonlik uyi mudirasining muammolarini hal etishga va’da bergan. Aytilishicha, may boshida u homiylik yordami sifatida divan, shkaf, oshxona stoli sovg‘a qilgan, bolalarga turli shirinliklar tarqatgan.

«2021-yil iyunda esa yordami evaziga jinsiy aloqa uchun qiz talab qilgan va yuqoridagi 17 yoshli R. bilan Mehribonlik uyi yotoqxonasida yotgan. Iyun oxirida u bolalar uyi mudirasiga 200 ming so‘m berib, yana qiz bilan yotgan. Shundan keyin Mehribonlik uyiga oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar olib kelib, 15 yoshli A.ni jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Qizlar bir necha bor ushbu erkak bilan jinsiy aloqaga majburlangan, uchrashuvlar Mehribonlik uylarining o‘zida va boshqa joylarda tashkillashtirilgan», deyiladi «Nemolchi.uz» xabarida

2022-yilning sentabr oyida mazkur holatlarga nisbatan dastlabki instantsiya sudi Xiva tumanida ko‘rib chiqildi va Mehribonlik uyi mudirasi Yulduz Xudoybergenova JKning 135-moddasi (Odam savdosi), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan aybli deb topib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Adliya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari rahbarlari esa JKning 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan 1,5 yilga ozodlikdan cheklandi. Xorazm viloyati sudi apellyatsiya instansiyasi dekabrda hukmni kuchda qoldirdi.

Sudlanuvchilarning yaqinlariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar apellyatsiya sudlov hay’atining navbatdagi majlislari keyingi haftada davom ettiriladi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi qizlar Toshkentga olib kelingan va ular himoya orderlariga ega.

XS
SM
MD
LG