Rossiyaning Perm shahridagi universitetda 20 - sentabr kuni sodir etilgan otishmada kamida 8 kishi halok bo‘ldi, 10 dan ortiq odam yaralandi.
Rossiya Tergov qo‘mitasining bildirishicha, 20 - sentabr kuni ertalab Perm davlat milliy tadqiqot universiteti talabasi oliygoh binolaridan biriga qo‘lida avtomat bilan kirib kelgan va o‘q ota boshlagan. U harbiy kiymda bo‘lgan.
Telegram tarmog‘ida voqea joyidan olingan videolar paydo bo‘ldi. Unda jon saqlab qolish uchun bino oynalaridan pastga sakrayotgan odamlarni ko‘rish mumkin.
Ichki ishlar vazirligi universitetda otishmani sodir etgan shaxs ushlanganini, u oliygoh talabasi ekanini bildirdi. Biroq uning ismi sir saqlanmoqda.
Rasman bildirilishicha, otishmani sodir etgan talaba qo‘lga olish paytida yaralangan. "112" telegram-kanali esa hujumchi o‘ldirilganini yozmoqda. Baza nashri esa o‘z manbalariga tayangan holda hujumchi talaba yaralangani oqibatida o‘lganini ma’lum qildi. Keyinroq rasmiylar ham hujumchi o‘lganini tasdiqladi.
Perm o‘lkasi gubernatori Dmitriy Maxonin esa “hujum qilganlardan biri o‘ldirildi”, deb bayonot berdi. Ayni paytda hujumchi yolg‘iz bo‘lmagan, u sheriklari bilan birgalikda otishmani uyushtirgan” degan versiya tergov tomonidan o‘rganilmoqda.
59.ru nashri esa VKontakte tarmog‘ida hujumni uyushtirigan bo‘lishi tahmin qilinayotgan shaxs qoldirgan yozuvlarni topishga muvaffaq bo‘ldi. Nashrning yozishicha, hujumchi 18 yoshli Timir Bekmansurov bo‘lishi ehtimol. U hujumga uzoq tayyorgarlik ko‘rgani va qurolga ruxsatnoma olish uchun qanday harakatlar qilganini yozib qoldirgan.