Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:26

Peterburgda kameralar migrant kuzatishga moslashtirilmoqda


Moskvadagi ixtisoslashtirilgan markaz yonida yig‘ilgan migrantlar (arxiv surati)
Moskvadagi ixtisoslashtirilgan markaz yonida yig‘ilgan migrantlar (arxiv surati)

Peterburg rasmiylari migrantlarni kuzatish uchun shahardagi kuzatuv kameralarini etnik mansublikni tanishga moslab sozlanadi. Bu haqda Peterburg ma’muriyati millatlararo munosabatlar qo‘mitasi rahbari Oleg Kapitanov bildirdi, deya xabar qildi “Kommersant” nashri.

Kapitanovga ko‘ra, yangi funksional “milliy anklavlar shakllanishi”ga qarshi kurashda yordam beradi va “mintaqada ijtimoiy taranglikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv choralar” ko‘rishga imkon yaratadi.

Mulozim o‘z qo‘mitasi “shaxslarning milliy mansubiyatini aniqlash uchun litsenziya sotib olishga” shartnoma tuzgan, mazkur dastur asosida shahardagi sakkiz mingta kamerani sozlash ko‘zda tutilgan.

“Kommersant” ma’lumotiga ko‘ra, shartnoma summasi 38 million rubldan oshadi.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengashda (IHK) Peterburg rasmiylarining qarori tanqid qilinib, “inson qadr-qiymatini yerga uruvchi” deya baholangan.

“Rossiyada hatto pasportda ham millat ko‘rsatilmaydi. Endi esa tomdan tarasha tushganday, telekameralar kishining qaysi millatga mansubligini aniqlarmish”, degan IHK rahbari Valeriy Fadeyev.

Moskvadagi “Krokus Siti Xoll”da sodir etilgan terror xuruji ortidan Rossiyada migrantlarga nisbatan ksenofobik kayfiyatlar kuchayib ketgan. RF rasmiylari hujumda Tojikiston fuqarolarini ayblashgan.

Shundan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlagan. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qaydga olingan.

Rasmiylar migrantlarga nisbatan qonunchilikni ham kuchaytirishmoqda. Bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishtirishni talab qilishgan.

XS
SM
MD
LG