Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:32

Pillakorlar pilla o‘rniga pul topshirdi. Rasmiylar  fermerni ayblamoqda


Hukumat pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarni 2 yilga daromad solig‘i to‘lashdan ozod qildi. 
Hukumat pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarni 2 yilga daromad solig‘i to‘lashdan ozod qildi. 

Ozodlikka bog‘langan pillakor fermerlar pilla rejasi faqat qog‘ozda bajarilayotganini aytishmoqda.

Fermerlarga ko‘ra, rejani bajarish uchun pillaning 1 kilosiga 20 mingdan 25 ming so‘mgacha pul to‘lashga majbur bo‘lishgan.

Pilla yetishtirish bo‘yicha mas’ul tashkilot – “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi mulozimi rejani bajara olmagan pillakorlardan pul olinayotganini inkor qilmadi.

“Suvga oqqan qurtlar”

Ozodlikka bog‘langan jarqo‘rg‘onliklardan biri Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi pillakorlar bu yilgi pilla rejasini qog‘ozda bajarayotganini xabar qildi.

Aksar hududlarda bu yil pillani kasanachilar yetishtirdi.
Aksar hududlarda bu yil pillani kasanachilar yetishtirdi.

“Oilaviy bog‘bonlarga majbur qilib, 1-2 qutidan ipak qurti berishdi. Majburan berishdi. Bog‘bonlarda tutzor bo‘lmasa, nima bilan boqadi? Bog‘bonlar ipak qurtini olib, suvga oqizib yuborishdi. Deyarli hech kim boqmadi. Endi hammasi pul berib, rejasini bajaryapti. Bitta bog‘bon 90 sotix yeriga 450 ming so‘m to‘ladi. Bir g‘allakor fermer esa, jami 17 million so‘mga pilla sotib olib, qarzini bajardi. Pillaning kilosini 22 mingdan 25 ming so‘mgacha sotib olishdi”,- dedi Ozodlik iltimosiga ko‘ra, vaziyatni o‘rgangan jarqo‘rg‘onlik ismi ochiqlanmaslik sharti bilan.

Ozodlik suhbatlashgan jarqo‘rg‘onlik bog‘bon buni tasdiqladi, biroq bog‘ini tortib olishlaridan qo‘rqishini aytib, tafsilotlarga to‘xtalmadi.

“Xovosda ham shu ahvol”

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida pilla rejasini bajarmagan fermerlar pillaning bir kilosi uchun 20 ming so‘mdan ziyod pul berishga majbur bo‘lishgan.

Fermerlarga ko‘ra, ular pilla rejasini pul bilan to‘ldirmoqda
Fermerlarga ko‘ra, ular pilla rejasini pul bilan to‘ldirmoqda

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan xovoslik yigitga ko‘ra, fermer o‘rtog‘i pilla rejasini bajarish uchun 1 million 500 ming so‘m to‘lashga majbur bo‘lgan:

“Boshida fermerlarni ipak qurti boqishga majburlashdi. O‘rtog‘imga 40 gektar yeriga 1,5 quti ipak qurti berildi. Plan 70 kilo pilla. Biroq o‘rtog‘im boqishga imkoni yo‘qligi uchun ipak qurtini boqmadi, lekin planni bajardi. Xovosda o‘zi deyarli ko‘pchilik pilla boqmadi. Hamma pillani sotib olib, plan bajardi. O‘rtog‘im ham planni bajarish uchun 1 million 500 ming so‘m pul berdi”.

“1 kilo pillani 25 mingdan sotib oldim”

Namangan viloyati Pop tumanidan Ozodlikka bog‘lanib, anonim qolish istagini bildirgan fermer yigit ham pilla rejasini bajarish uchun pul berganini yashirmadi:

“15 - aprelda qurt boqish boshlandi. Fermerning yeriga qarab ipak qurti berishdi. Menga yerimning 5 gektariga 1 qutidan berdi. Lekin bu ham tanish-bilishchilik bilan qilindi. Kimdir yeri ko‘p bo‘lsa ham kam qurt oldi. Men klasterda ishlaganim uchun vaqtim yo‘q qurt boqishga, shuning uchun mahallamizda odam yollab, pilla boqtirdim. Har bir quti uchun 300 ming so‘mdan 700 ming so‘mgacha pul berdim. Bu narx yollanma boquvchi bilan kelishishimizga qarab har xil bo‘ldi. 20 - mayda pilla terish boshlandi. Bu yil qurtlar kasal bo‘lgani uchun hosil kam bo‘ldi. Rejani bajara olmadim. Lekin rejaga yetmagan pillaning kilosini 25 mingdan to‘lab, sotib olishga majbur bo‘ldim. Men pilladan foyda emas, faqat zarar qildim”.

Rasmiylar tasdig‘i

Pop tuman hokimligi saytidagi pillaga oid xabarda “Pop tumani pillakorlari yuqori sifatli hosil olishga erishgani” yozilgan.

Xabarda aytilishicha, pilla hosilini topshirish tadbirida qo‘y so‘yib, “Yaratgandan baraka so‘rab, duo qilingan”.

Pilla hosili mo‘l bo‘lishini tilab, duo qilayotgan popliklar. (Pop tuman hokimligi surati)
Pilla hosili mo‘l bo‘lishini tilab, duo qilayotgan popliklar. (Pop tuman hokimligi surati)

Ozodlik Surxondaryo, Sirdaryo va Namangandagi “Agropilla” MChJlar mas’ullari bilan bog‘landi.

Surxondaryo va Sirdaryodagi “Agropilla” mas’ullari pillakorlardan pul olinayotganini yashirishga urindi. Biroq Namangandagi “Agropilla” mas’uli buni qisman tasdiqladi:

“Men sizga rasman pilla qog‘ozda bajarilyapti, degan gapni hech qachon aytmayman. Buni bunday izohlash noto‘g‘ri. “Agropilla” shirkatlari qilgan xarajatini qanday qoplaydi? Bunisi hech kimni o‘ylantirmaydi. Fermerlar turli bahona bilan pilla rejasini bajarmaydi. Keyin “rejani bajar” desang, dodlab, turli joylarga yozib yuradi”.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining Ozodlik 7 - iyun kuni bog‘langan mulozimi pilla rejasini bajara olmagan fermerlardan pul olinish holatlarini inkor qilmadi:

“Ozodlik har yili shu mavzuni yozib, charchamadinglarmi? Hech qayerda qonunga zid holatni topa olmaysiz baribir. Fermer pul emas, pilla bersin! Hech kim ulardan rejadan ortiq pilla uchun pul so‘ramaydi. Ulardan faqat rejani bajarish talab qilinyapti”.

Pilla yetishtirishni oshirish rejasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev pillachilik sohasini isloh qilish va rivojlantirish maqsadida “O‘zbekipaksanoat” assotsiatsiyasi tashkil etish haqida 2017 - yilning 29 - martida qaror qabul qilgan edi.

Ushbu qarorga ko‘ra, 2021 - yilgacha O‘zbekistonda pilla yetishtirish hajmini 50 foizga ko‘paytirish haqidagi rejalangandi.

2020 - yildan boshlab to‘rt mavsumda ipak qurti boqish joriy qilinib, jami 21 ming tonna pilla topshirish rejalangan.

O‘tgan yili qabul qilingan “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, pillachilik va tutchilik tashkilotlarining xarajatlarini byudjet hisobidan qoplab berilishi lozim.

Qonunga ko‘ra, 2023 - yil 1 - yanvargacha uy sharoitida pilla etishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilar daromad solig‘i to‘lashdan ozod etildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha O‘zbekiston ipak tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy va Hindistondan keyin 3-o‘rinni egallaydi, aholi jon boshiga pilla ishlab chiqarish bo‘yicha esa dunyoda 1-o‘rinda.

XS
SM
MD
LG