Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:49

Pop va Kogonda is gazi yana besh kishining hayotiga zomin bo‘ldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Namangan viloyatining Pop tumani va Buxoro viloyatining Kogon shahrida is gazidan zaharlanish ortidan o‘lim holatlari qayd etildi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Qalampir.uz nashriga ma’lum qilishicha, 18-noyabr kuni soat 7:30 larda Pop tumani Iskovut mahallasida yashagan 36 yoshli A.B., uning 14 yoshli o‘g‘li va 10 yoshli qizi yashash xonadonida is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Xonadon bekasi G.M. ham is gazidan zaharlanib, og‘ir holatda tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, 12-noyabr kuni soat 17:00 da Kogon shahri Xiva ko‘chasida joylashgan xonadonda ham 1987-yilda tug‘ilgan ayol va uning 12 yashar o‘g‘li ham is gazidan zaharlanish ortidan vafot etishgan.

Har ikki holat yuzasidan prokuratura tergovga qadar tekshiruv olib borayotgani aytilmoqda.

Sovuq kunlar tushishi bilan mamlakat bo‘ylab is gazidan zaharlanish tufayli ko‘plab o‘limlar qayd etiladi. Jumladan, joriy yil 22-oktyabr kuni Jalaquduq tumani Navoiy MFYda xonadonning to‘rt a’zosi ko‘rinmas ofat sabab hayotdan bevaqt ko‘z yumgandi.

Ozodlik 18-oktyabrga o‘tar kechasi Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida er-xotin va ularning uyiga kelgan mehmon yigit ham is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgani haqida xabar bergandi.

Faollar is gazi tufayli o‘limlar soni ortishiga energiya taqchilligi ham sabab ekanini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG