Линклар

Шошилинч хабар
31 март 2025, Тошкент вақти: 20:37

"Prezident aytgan adolat hayotda yo‘q". O‘zbek jamiyatidagi agressiyaning ildizi qayerda?


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkentda o‘n kun avval musht zarbasidan hushidan ketgan Boris Avakyanning turmush o‘rtog‘i adolat izlayapti. Hodisa tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi va jamiyatdagi asabiylik hamda zo‘ravonlikning yana bir ko‘rinishi o‘laroq baholandi.

Nega muammolarni muloqot orqali emas, musht va janjal orqali hal qilish tendensiyasi kuchaymoqda? Bu savollar nafaqat Boris va uning oilasi, balki butun jamiyat uchun dolzarb.

Klubdagi janjal, mushtumzo‘rlik

Toshkentlik 34 yoshli Kamilla Avakyan komada yotgan turmush o‘rtog‘i, 35 yashar Boris Avakyanning hayoti uchun kurashyapti. Boris 16-martga o‘tar kechasi Yakkasaroy tumanidagi Twelve tungi klubi foyesida kaltaklangan.

«Hozir erim qanday ahvolda ekanini faqat Xudo biladi. Yashab ketadimi, yo‘qmi, no’malum», - dedi u Ozodlik bilan suhbatda.

Voqea joyidagi kuzatuv kameralarida aks etgan videotasvirlarga ko‘ra, janjallashayotgan ikkita erkakni ajratishga urinayotgan Boris o‘zi musht yegan va hushidan ketgan.

«Juda og‘rig‘i ko‘p, tomirlari tortishyapti. Chunki, miyasi ikki taraflama jarohatlangan. Miyaga taqalib turgan suyagini olib tashlashdi. Keyinchalik, yaxshi bo‘lib ketsa, plastina qo‘yiladi, deyishdi. Adolat bo‘lishi kerak. Bunday odamlar boshqalarga ziyon yetkazib, nogiron qilib qo‘ymasligi kerak», - deb so‘zini davom ettirdi Kamilla.

Ichki ishlar ma’lumotiga ko‘ra, Boris bosh miya jarohati, yuzidan og‘ir shikast olishi va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Unga hujum qilganlikda gumonlanayotgan shaxs – Akmal Shukurov Qozog‘istonda qo‘lga olingan va hozir Toshkentda qamoqda. Dastlab unga nisbatan Jinoyat kodeksining «Bezorilik» moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan, keyin esa «Qasddan og‘ir shikast yetkazish» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Bu modda bilan aybdor deb topilgan shaxs 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ammo jabrlanuvchining yaqinlari gumondor shaxs pul bilan jazodan qutilib ketishi mumkin deb havotirda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Shukurov boshqa jinoyatlar uchun avval qidiruvda bo‘lgan.

«Asosiy muammo, bu odam avval boshqalarga ham ziyon yetkazgan ekan. Lekin kechirilib yuborilgan. Ko‘p joyda tanishi bo‘lgani uchun uni qamamasligi mumkin, deyishyapti»,- dedi Kamilla.

Illustratsiya
Illustratsiya

Zo‘ravonlik xronikasi

"Qoraqalpog‘istonda mast askar 5 kishini pichoqladi, ulardan biri vafot etdi"

"Qarshilik qiz o‘ziga uylanishni istamagan yigitni pichoqladi"

"Jizzaxda er o‘z ayolini pichoqladi"

"Qo‘qonda kollej o‘quvchisi maktab o‘quvchisini pichoqladi"

"Farg‘onada mast erkak IIB xodimini pichoqladi"

"Farg‘onada 27 yoshli yigit bosh shifokorni pichoqladi".

Yuqoridagilar - O‘zbekiston matbuotida so‘ngggi oylarda chop etilgan xabarlardan ayrimlarining sarlavhalari.

Jamoatchilik e’tiboriga tushgan Avakyan hodisasi jamiyatdagi oxirgi yillarda ko‘paygan asabiylik va agressiyaning yana bir ko‘rinishi o‘laroq muhokama qilinmoqda.

Ozodlik gumonlanuvchi shaxsning advokati yoki yaqinlaridan hozircha biron sharh ololmadi. Hodisa sabab tarmoq foydalanuvchilari oxirgi paytlarda jamiyatda zo‘ravonlik kuchayganiga e’tibor qaratishmoqda. Mutaxassislar buni tizimli muammo deyishadi. Neyropsixolog Zarifboy Ibodullayev fikricha, adolatsizlik hissi, iqtisodiy bosim, korrupsiya va ta’limdagi muammolar odamlarni tobora ko‘proq zo‘ravonlik yoki agressiyaga yetaklamoqda.

“Dissotsiatssiya metodi degan tushuncha bor, qaychi simptomi ham deyiladi. Ya’ni jamiyatda bo‘layotgan voqealar televideniyeda berilayotgan voqealarga zid kelishi, teleekranda hammasi yaxshi, lekin ko‘chada uning aksi bo‘lishi... Umumlashtirib aytadigan bo‘lsam, o‘zbek jamiyatidagi agressiyaning oshib borayotganiga sabab – iqtisodiy nochorlik. Qolaversa, korrupsiya ham shu qadar avj olib ketgan”.

O‘zbekiston iqtisodiyoti garchi oxirgi o‘n yilliklarda 5-6 foizlik o‘sishni ko‘rsatayotgan esa-da, bu o‘sish har doim ham aholining real daromadlarida aks etavermaydi. Narxlarning oshishi, ishsizlik, maoshning kamligi va ijtimoiy tengsizlik odamlarni bosim ostida ushlab turadi. Bu esa o‘z navbatida asabiylik va agressiyaga sabab bo‘ladi.

“Agressiya to‘q oilalarda ham bo‘ladi, to‘qlikka sho‘xlik deb qo‘yamiz. Lekin bu 10 yoki 20% oshmasa kerak. Ko‘chada yurganda payqayman, odamlar judayam tajang. Oxirgi 10 yillikda mutaxassiligimdan kelib chiqib kuzatib kelyapman. Olim bo‘lganim uchun odamlar qabulimda ham bo‘lishadi, asabiylikning sabablarini so‘rasam, yuqorida men misol qilgan omillarni aytishadi. Pul yetishmasligi, korrupsiya... Hatto ishga joylashish uchun pul berish kerak”, - deydi Ibodullayev.

Lekin ayni damda 2025-yilgi Xalqaro baxtiyorlik indeksida o‘zbekistonliklar Yevrosiyodagi eng baxtli fuqarolar qatoridan o‘rin oldi. Indeksga qaraganda, O‘zbekistondagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq muammolar aholining kayfiyatiga u qadar ta’sir ko‘rsatmayapti.

Аёлларга қарши зўравонлик ва тармоқлардаги жанг. Блогер Ақида Ханум билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:03 0:00


Antidepressantlar ojiz

Jamiyatdagi kuzatilayotgan agressiyani shartli ravishda to‘rtga bo‘lish mumkin:

  • Jamoat joylarida – haydovchilarning o‘zaro yoki ularning ichki ishlar xodimlari bilan janjallari, navbatlardagi kelishmovchiliklar, restoran yoki shu kabi joylardagi mushtlashlar.
  • Maishiy - oilaviy munosabatlarda – o‘zaro tushunmovchiliklar, farzandlarga, rafiqalarga nisbatan tajovuzkor munosabat.
  • Ijtimoiy sohalarda - bog‘cha tarbiyalanuvchilariga, o‘quvchilarga, o‘qituvchilarga qo‘pol munosabat, shifokorlarning kaltaklanishi.
  • Internetda – haqorat, kamsitish va negativ munosabat bildirish holatlarining ortishi.


Illyustratsiya
Illyustratsiya

Mutaxassislarga ko‘ra, o‘zbek jamiyatida sabr-toqat va boshqalarga hurmat ko‘rsatish qadriyat sifatida targ‘ib qilinsa ham, ba’zan hissiyotlarni nazorat qilish yetarlicha o‘rgatilmaydi. Natijada odamlar o‘z g‘azabini boshqarishda qiyinchilikka duch keladi. Ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislarning yetishmovchiligi esa ushbu muammoni yanada chuqurlashtiradi.

“Karimov davrida oliy ta’lim sindirildi, xarob bo‘ldi. Uning mevasini ko‘rib turibmiz. Ilmsizlik kuchaydi. Bu - bir, ikkinchidan, ilmsiz odamlar lavozimlarda o‘tiribdi. Huddi ana shu lavozimda o‘tirgan kishining o‘rtog‘i bir paytlari zo‘r o‘qigan odam, katta umidlar bilan institutga kirgan inson ishsiz yuribdi. Adolatsizlik... Prezident har doim adolat haqida gapiradi, halq esa ana shu adolatni umidvor bo‘lib kutadi. Ahvol esa bunaqa. Keraksiz tadbirlarga ortiqcha pul ko‘p ishlatiladi, halq ko‘rib turibdi, lekin hech narsa deya olmaydi. Bu holat odamga yomon ta’sir qiladi. Sotsial muhit orqali kelib chiqqan agressiyani sotsial muhit davolaydi. Antidepressant yoki boshqa vitaminlar vaqtinchalik xolos”, - deydi Zarifboy Ibodullayev.

Tahlilchilar maqola boshida aytilgan Boris Avakyan voqeasini – faqatgina bitta oila boshiga tushgan muammo sifatida ko‘rmaydi. Ularga ko‘ra bu simptomatik va agar zo‘ravonlikka nisbatan munosabat o‘zgarmasa, uning ildizlariga yetarlicha e’tibor berilmasa, bunday hodisalar takrorlanaverishi mumkin.

Пoгонлиларнинг қоронғу қилмиши: Солиқчи ўлимида айбланган ИИБ ходимлари ҳибсга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:31 0:00


XS
SM
MD
LG