Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:40

Prezident kuyovining akasi IIVda xodimlar va fuqarolarni kuzatadigan maxfiy bo‘lim boshlig‘i bo‘ldi


Ulug‘bek Tursunov, Ozodlik manbalariga ko‘ra, rasman birinchi o‘rinbosar lavozimida ishlagan bo‘lsa-da, amalda poytaxt militsiyasining rahbari sifatida ko‘rilgan.
Ulug‘bek Tursunov, Ozodlik manbalariga ko‘ra, rasman birinchi o‘rinbosar lavozimida ishlagan bo‘lsa-da, amalda poytaxt militsiyasining rahbari sifatida ko‘rilgan.

28-avgust kuni O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi Doniyor Tashxodjayevning Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini tasdiqladi. Bu haqda mahalliy nashrlar vazirlik matbuot xizmatiga tayanib xabar tarqatdi.

O‘tmishda IIV rahbari o‘rinbosari va poytaxt IIBB boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan Tashxodjayev 2022-yil fevral oyidan buyon Toshkent viloyati IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ayni paytda mahalliy nashrlar Toshkent IIBB rahbariyatida vakansiya qachon va qanday paydo bo‘lgani, xususan, bunga qadar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Ulug‘bek Tursunovning keyingi taqdiri haqida yozgani yo‘q.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbalarining bildirishicha, oxirgi tayinlov prezident Mirziyoyevning qudasi bo‘lgan Ulug‘bek Tursunovning ikki hafta muqaddam O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilishi ortidan yuz bermoqda. IIV Tursunovning lavozimdan bo‘shatilishi va u bilan bog‘liq yangi tayinlov haqida rasmiy axborot bermadi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Ulug‘bek Tursunov Ichki ishlar vazirligining xalq orasida "7-otdel" deb ataladigan "Kuzatuv bo‘limi"ga boshliq etib tayinlangan.

Россиялик инвестор Тошкент ИИББда қийноққа солингани иддао қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:07 0:00

Qiynoq iddaolari va Abduqodir Mo‘minov ishi

Prezident Mirziyoyevning katta kuyovi Oybek Tursunovning akasi bo‘lgan 55 yashar polkovnik Ulug‘bek Tursunov, Ozodlik manbalariga ko‘ra, rasman birinchi o‘rinbosar lavozimida ishlagan bo‘lsa-da, amalda poytaxt militsiyasining rahbari sifatida ko‘rilgan.

U shu yil 12-avgustida Toshkent shahar IIBBda qiynoqqa solingani iddao qilingan 33 yashar gumondorning vafoti ortidan lavozimidan olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 33 yashar gumondor 12-avgust kuni soat 21:00 da uyidan olib ketilgan, soat 1:00 da jasad o‘likxonaga yuborilgan. Shifokorlar mahbusning kasallik tufayli vafot etganini bildirishgan, ammo marhumning yaqinlari uning qiynoqqa solinganini iddao qilishgan.

Ulug‘bek Tursunov imzolagan, bloger Abduqodir Mo‘minov tergoviga oid rasmiy xat nusxasi.
Ulug‘bek Tursunov imzolagan, bloger Abduqodir Mo‘minov tergoviga oid rasmiy xat nusxasi.

14-avgust kuni poytaxt IIBB "o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumon qilingan 33 yoshli U.D. bayonnomani rasmiylashtirish chog‘ida o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgani"ni aytdi. Toshkent shahar prokuraturasi hodisa yuzasidan JKning mansab vakolatini suiiste’mol qilish va qiynoqqa solish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgani xabar qilindi.

O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova qiynoq qo‘llanilgani "tergov davomida o‘z tasdig‘ini topsa, aybdorlar qonuniy va muqarrar javobgarlikka tortilishi" haqida bayonot berdi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi bir-biridan mustaqil ikki manbaning Ozodlikka aytishicha, hodisa ortidan qiynoq qo‘llashda gumon qilinib ushlangan ikki nafar tezkor xodim "Ulug‘bek Tursunovning buyrug‘ini bajarganliklari"ni aytishgan.

Ozodlik manbalaridan biri Tursunovning poytaxt IIBB rahbariyatidan ketishini ayni hodisa bilan bog‘ladi.

14-avgust kungi o‘lim joriy yilda Toshkent IIBB tizimida qiynoq iddaolari bilan bog‘liq ikkinchi hodisa bo‘lgan.

Қамоқдаги блогер Абдуқодир Мўминовнинг қийноққа солингани иддао қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:34 0:00

Shu yilning 29-may kuni surxondaryolik 21 yashar Hafizulloh Turg‘unboyev Chilonzor IIBda bir hafta davom etgan so‘roqdan so‘ng Tez tibbiy yordam bo‘limida vafot etgan edi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi gumondorning o‘z joniga qasd qilganini aytgan, yaqinlari uning qiynoqqa solinganini iddao qilishgan.

Ulug‘bek Tursunov nomi shu oy boshida 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan bloger Abduqodir Mo‘minov ishida ham tilga olingan.

Shu yilning 28-mart kuni Ulug‘bek Tursunov imzosi bilan Jizzax viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xojanov nomiga yo‘llangan xatda bloger Abduqodir Mo‘minov ustidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlari haqida ma’lumot berilgan.

Onasi Sabohat Abdullayevaning Ozodlikka aytishicha, shu yilning 15-avgust kuni Toshkentdagi 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan Abduqodir Mo‘minov tergovning birinchi kunidan boshlab Toshkent IIBB binosining 3-qavatida joylashgan 311-xonada bir guruh tezkor xodimlar tomonidan muntazam qiynoqqa solinganini iddao qilgan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining firibgarlik va yana qator moddalari bo‘yicha ayblangan YouTube'dagi "Ko‘zgu" kanali muallifi Abduqodir Mo‘minov prezident kuyovlarining biznesi haqidagi qator chiqishlari ortidan hibsga olingandi.

Maxfiy bo‘lim boshlig‘i

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi bir-biridan mustaqil ikki manbasining aytishicha, Ulug‘bek Tursunov Ichki ishlar vazirligining xalq orasida "7-otdel" deb ataladigan "Kuzatuv bo‘limi"ga boshliq etib tayinlangan.

Ozodlik suhbatlashgan manbalar Tursunovning yangi lavozimga o‘tkazilishini turlicha baholamoqda. Ulardan ba’zilariga ko‘ra, Tursunov Toshkent IIBBda sodir etilgan qiynoqlar uchun "jazolangan" va lavozimda "pasaygan". Boshqa manbalar esa, aksincha, Tursunov respublika IIV dagi maxfiy bo‘lim boshlig‘i sifatida kattaroq vakolatlarga ega bo‘lishini aytmoqda. Manbalardan biri tayinlovning rasman e’lon qilinmaganini ham Tursunov rahbari bo‘lgan tuzilmaning maxfiyligi bilan izohladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, sobiq SSSR IIVning 7-boshqarmasi merosxo‘ri bo‘lgan "Kuzatuv bo‘limi" shu qadar maxfiylashtirilganki, tizimdagi ko‘pchilik hamkasblar ushbu bo‘lim xodimlarining mavjudligidan ham bexabar. Ularga xizmat guvohnomalari va qurol berilmaydi, ko‘pincha boshqa fuqarolik xizmatlariga rasmiylashtiriladi.

"Kuzatuv bo‘limi" ga IIV xodimlari va oddiy fuqarolar ortidan josuslik qilish vazifasi yuklatilgan. Ular barcha mavjud ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda xodimlar va fuqarolar haqida ma’lumot to‘plashlari, yashirin foto va video yozuvlarni olib borishlari mumkin.

O‘zbekiston IIVning rasmiy vebsaytida ushbu bo‘lim haqida ma’lumot yo‘q.

Ulug‘bek Tursunov poytaxt IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga 2022 yil fevralida qaytgan edi. Bundan avval 2017 - 2020-yillarda ayni lavozimni egallagan. Uning 2020-yil sentabrida birinchi marta Toshkent IIBB rahbariyatidan ketkazilish sababi haqida ham rasman hech narsa aytilmagan.

Mustaqil AsiaTerra nashri Tursunovlar to‘ng‘ichining qudratli otasi, DXX raisining o‘rinbosari Botir Tursunov soyasida ikki yildan so‘ng yana lavozimga qaytgani haqida yozgan.

Ulug‘bek Tursunov nomi ilk bor keng jamoatchilikka toshkentlik tadbirkor Jahongir Umarovning ishi orqali tanilgandi. 2018-yil yanvarida hibsga olingan tadbirkorga giyohvand modda tashlab qo‘ygani fosh etilgan Toshkent shahar IIBBning ikki xodimi ishdan bo‘shatilgan.

XS
SM
MD
LG