Donald Trampning Oq uyga qaytishi qudratli davlatlar orasida muvozanat saqlashga ko‘nikkan Markaziy Osiyo uchun hal qiluv pallasi bo‘lishi mumkin.
Ekspertlar “AQSHning yangi prezidenti mintaqaga munosabatda an’anaviy yondashuvlarni o‘zgartirarmikan yoki butun diqqat-e’tibor yana biznes manfaatlar va energetikaga qaratilarmikan”, deya bahslashmoqda.
Noodatiy yondashuvlari bilan tanilgan Donald Tramp Markaziy Osiyoga hamkorlikning byurokratiyasi kamroq, kelishuv va manfaatdorlikka tayangan yangi turini taklif qilishi mumkin. Biroq mintaqa iqtisodiy muzokaralardan o‘z mustaqilligini mustahkamlashda foydalana oladimi?
Tramp Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiyaga qarshi ittifoqchilar qidiradimi, yo‘qmi? Yoki mintaqa Oq uyning kun tartibidan chetda qoladimi?
Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Panniyer Majlis podkastida ushbu savollarga quyidagi ekspertlar bilan birga javob izladi:
AQSHning Boston Shimoli-sharqiy universiteti professori, Qirg‘iziston parlamenti sobiq deputati va Hindistondagi sobiq elchisi Bakit Beshimov;
Vashingtondagi “Kaspiy siyosati markazi” eksperti, o‘tmishda AQSHning Qozog‘iston va Tojikistondagi elchisi, shuningdek Turkmanistondagi muvaqqat vakili bo‘lib ishlagan Richard Xogland;
Trampning birinchi prezidentlik muddatida va prezidentlik vakolatini tugatayotgan Jo Bayden davrida AQSH Milliy xavfsizlik kengashida Markaziy Osiyo bo‘yicha direktor lavozimida ishlagan Erik Rudenshold.
“Ishbilarmon” Tramp va uning Kaspiybo‘yidagi ehtimoliy qiziqishlari
Trampning birinchi prezidentligidan beri o‘tgan to‘rt yil mobaynida Markaziy Osiyoda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, deb hisoblaydi Bryus Panniyer.
“Amerika qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etdi, Ukrainaga bosqindan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zgardi. Mintaqa orqali o‘tadigan savdo yo‘llari kengaydi, ayni chog‘da yangi muammolar paydo bo‘ldi, xususan energetika resurslari bilan bog‘liq muammolar”, deya davom etadi Panniyer.
Uning fikricha, 2001-yil 11-sentyabr teraktidan so‘ng Markaziy Osiyoning AQSH bilan aloqalari uzoq vaqt xavfsizlik masalalariga tayangan bo‘lsa, endi, aftidan, iqtisodiy manfaatlar birinchi o‘ringa chiqadi.
Erik Rudenshold bu fikrga qo‘shilar ekan, Markaziy Osiyo Trampning qiziqishlari doirasida qoladi, chunki u “ishbilarmon odam”, deydi va AQSHning yangi prezidenti davrida mintaqa “ikkilamchi rollarda” qolib ketmasligini taxmin qiladi.
“Tramp birinchi prezidentlik davri boshlarida Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlarini qabul qilgandi. Uning tashabbusi bilan mintaqa bilan aloqalarda yetti yillik kompleks yondashuvni nazarda tutuvchi Markaziy Osiyo uchun AQSH milliy xavfsizligi strategiyasi ishlab chiqilgan. Hozirda Markaziy Osiyo “biznes uchun ochiq”. O‘rta yo‘lak mintaqani G‘arb savdo yo‘llariga integratsiya qiluvchi aloqalarni yo‘lga qo‘yishga imkon berdi”, urg‘ulaydi tahlilchi.
Rudenshold aytishicha, hozirda Qozog‘iston o‘z neftini Kaspiy orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri tashimoqda, O‘rta yo‘lak sharofati bilan strategik foydali qazilmalar ancha arzonlashgan – bularning bari Oq uy yangi ma’muriyatini jalb etmay qolmaydi.
“Bu burungidek olis mintaqa emas. Kaspiy dengizi orqali o‘tgan transport yo‘llari mintaqani Turkiya, Yevropa va global savdo yo‘nalishlariga yaqinlashtirdi. Bu Tramp uchun ilgari faqat nazariy bo‘lgan va endilikda reallikka aylangan imkoniyatlarni ochadi. Men avvalo, Yevropada yoqilg‘i tanqisligini yumshatish uchun Turkmanistondan Kaspiy orqali Yevropaga gaz yetkazish haqida gapiryapman”, deydi Rudenshold.
Ekspert AQSH “mudofaa sanoati, texnologiyalar va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish sohalarida raqobat qilish uchun zarur barcha resurslarga ega emas”ligini eslatadi.
“Shu bois ham ular bu materiallardan ba’zilarini qo‘lga kiritish uchun hamkorlikka umid qilishadi. Bu esa Trampning yangi ma’muriyati uchun ham, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchun ham yaxshi imkoniyat”, xulosa qiladi Rudenshold.
Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi
O‘rta yo‘lak yoki Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TXTY) Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘laydi.
Avtomobil trassalari, temir yo‘llar va dengiz yo‘llari tarmog‘ini tashkil qiluvchi ushbu transport infratuzilmasi Rossiya orqali o‘tuvchi an’anaviy savdo yo‘llarining muhim muqobili bo‘lib, mintaqa mamlakatlariga Rossiya yo‘nalishlari bilan bog‘liq geosiyosiy xatarlarga chap bergan holda o‘z mollarini eksport qilish va investitsiyalar olish imkonini beradi.
Yo‘lak nafaqat yangi bozorlarga yo‘l ochish bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlaydi, balki mintaqa subyektlarining transport xarajatlarini minimallashtiradi ham.
Richard Xogland ham “AQSHning yangi ma’muriyati geosiyosiy sabablarga ko‘ra mintaqaga e’tibor qaratishi muqarrar”ligini ta’kidlaydi.
“Nafaqat Markaziy Osiyoga, balki Janubiy Kavkazga ham. Gap ushbu mamlakatlarni qurshab turgan qo‘shnilarda. Shimolda – Ukrainaga qarshi vayronkor urush olib borayotgan Rossiya. Sharqda – dunyoning qudratli davlatlardan biri bo‘lmish Xitoy. Janubda esa Afg‘oniston joylashgan, u yerda so‘nggi paytlarda yirik harbiy inqirozlar bo‘lmadi, ammo AQSH “Tolibon” rejimi tufayli ushbu mamlakatdan o‘zini chetga olib turibdi. Nihoyat, yaqinda Suriya timsolidagi muhim ittifoqchisidan ayrilgani sababli juda murakkab davrni kechirayotgan Eron bor. Xullas, mintaqada bo‘layotgan o‘zgarishlar Vashingtonni unga e’tibor qaratishga majbur qiladi”, deydi sobiq elchi.
AQSHning biznes-manfaatlariga kelsak, Xoglandga ko‘ra, Markaziy Osiyoda “bozor iqtisodiyoti qanday ishlashi borasida ayrim tushunmovchiliklar” kuzatilmoqda.
“Men mintaqa siyosatchilaridan, chunonchi, vazirlar va prezident maslahatchilaridan bir gapni ko‘p eshitaman. Ular: “O‘z shirkatlaringizga ayting, mintaqamizga ko‘proq sarmoya kiritishsin”, deyishadi. Azizlarim, bozor iqtisodiyoti bunaqa ishlamaydi axir. AQSH hukumati, masalan, ExxonMobil eshigini qoqib: “Falon mamlakatga sarmoya yotqiz”, deb aytolmaydi. Bu davlatlarning o‘zi investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratishi, shirkatlar esa kiritilajak investitsiyalar istiqbolini va ularni himoya qiluvchi huquqiy tizimni baholab, o‘zlari qaror qabul qilishi lozim. Ular avvalo investitsiya jarayonlari haqidagi tushunchalarini tuzatib olishlari darkor”, maslahat beradi diplomat.
Markaziy Osiyo davlatlari siyosati: “Hech kimning o‘yiniga qo‘shilmaslik”
O‘z navbatida Bakit Beshimov Markaziy Osiyo “allaqachon AQSHga yondashuvini Rossiya va Xitoy bilan munosabatlar ham mavjud uchburchak orqali qayta ko‘rib chiqishi zarur”ligini aytadi.
“Markaziy Osiyo liderlarining yaqinda qilgan chiqishlariga tayansak, nimani ko‘ramiz? Ular nimani o‘rganishdi? Birinchidan, AQSH, Rossiya va Xitoyning xavfli musobaqasidan uzoqroq turishni. Ikkinchidan, ushbu qudratlar bilan aloqalarning zarari-yu foydalarini va ular orasida muvozanat saqlagan holda mumkin qadar ko‘proq foyda chiqarishni. Rossiya bilan aloqalarni “ukrainlashtirish”ga yo‘l qo‘ymaslikni, masofa saqlashni va Ukrainaga munosabatni Rossiya bilan ijobiy hamkorlik uchun to‘siqqan aylantirmaslikni”, deydi sobiq elchi.
Beshimov shu bilan birga AQSH investitsiyalar va savdo nuqtayi nazaridan Markaziy Osiyo uchun kam e’tiborli ekanini, chunki Rossiya va Xitoy mintaqaning asosiy hamkorlari va sarmoyachilari hanuz bo‘lib qolayotganini eslatadi.
“Markaziy Osiyo liderlari va siyosatchilari so‘nggi 30 yildan so‘ng mintaqa AQSH uchun o‘z holicha katta ahamiyat kasb etmasligini, u Rossiya va Xitoyga yaqinligi nuqtayi nazaridan muhimligini juda yaxshi tushunishmoqda. Shu bois ham autentlikni saqlash, mustaqil bo‘lib qolish, AQSHning Rossiya va Xitoyga qarshi yoki Xitoy yoxud Rossiyaning AQSHga qarshi o‘yinlariga qo‘shilmaslik ular uchun muhim. Ayni sababga ko‘ra mintaqa turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, Turkiyaga tobora yaqinlashish orqali o‘z mustaqilligini mustahkamlashga urinmoqda.
Endi gap Tramp ma’muriyatining Turkiya bilan qanday munosabatda bo‘lishiga, Xitoyga qanday qarashiga bog‘liq. Bu hamkorlik bo‘ladimi yoki konfrontatsiya – masala shunda. Tramp AQSH davlat kotibi lavozimiga tanlagan Marko Rubioning “Rossiya AQSH uchun 5-10 yillik muammo, Xitoy esa 100 yillik muammo” degan gapini yaxshi eslaymiz. U Xitoyni “AQSHning ashaddiy dushmani” deb atagan edi. AQSH va Rossiya aloqalariga kelsak, ular o‘zaro kelishib, ta’sir doiralarini bo‘lib olsa nima bo‘ladi? U holda Markaziy Osiyo nima qiladi? Mana shu savollar bor”, deydi Beshimov.
AQSHning “inson haqlari industriyasi” va mintaqa liderlarining loqaydligi
Bryus Panniyer AQSH Markaziy Osiyoda iqtisodiy va siyosiy manfaatlar bilan birga, inson huquqlari va asosiy erkinliklari himoyasiga ham urg‘u berganini eslatadi.
“So‘nggi bir necha yil ichida Qozog‘istonda qonli Yanvar voqealari, Tojikistonning Tog‘li Badaxshonida tartibsizliklar, O‘zbekistonda Nukus voqealari ro‘y berdi, Qirg‘iziston esa 2020-yilda navbatdagi inqilobni boshidan kechirdi. AQSH, aftidan ters yo‘ldan ketayotgan mintaqada demokratik islohotlarga ko‘maklasha olarmikan?” deya savol qo‘yadi Ozodlik sharhlovchisi.
Richard Xogland “inson huquqlari masalasi Tramp ma’muriyatining mintaqaga nisbatan siyosatiga ta’sir qilajagiga aminman”, deydi.
“Uning jamoasi buni kun tartibidagi asosiy band deb hisoblashi uchun emas, balki Vashingtonda, ayniqsa Kapitoliy tepaligida “inson huquqlari industriyasi” katta kuchga ega bo‘lgani uchun”, fikriga izoh beradi ekspert.
Ayni chog‘da u Markaziy Osiyoda inson huquqlariga rioya etilishiga AQSHning munosabati haqida gapirar ekan, Vashington ko‘p hollarda “tezislarni topshirish” bilan cheklanib qolayotganini qayd etadi.
“Bizga Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlariga topshirish uchun tezislar jo‘natishdi. Ular bilan muzokaraga o‘tirdik, matnni o‘qib berdik, qo‘l siqishdik, shundan so‘ng ish bajarildi deb axborot berdik. Lekin, kechirasizu, tezislar vaziyatni o‘zgartirmaydi. Keng qo‘llanadigan yana bir usul “barmoq bilan po‘pisa qilish”, ya’ni uyaltirish edi. Muayyan mamlakatda inson huquqlari o‘ta qo‘pol tarzda buzilsa, Vashington bu xatti-harakatni qoralab press-reliz chiqarardi. Bunaqa yondashuvni mintaqada uncha xush ko‘rishmaydi”, deydi sobiq diplomat.
Xogland bu borada eng ta’sirchan chora mintaqadagi obro‘li shaxslar bilan yuzma-yuz o‘tirib suhbatlashish ekanini aytadi.
“Vaziyatni tushuntirish kerak. Biron kishining qamoqdan ozod etilishi mamlakatda hokimiyat almashishiga olib kelmasligini, ammo davlatning AQSH oldida imijini ancha yaxshilashini anglatish lozim. Bizga quloq solishadi, chunki Qo‘shma Shtatlar hanuz dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri va ko‘p mamlakatlar u bilan o‘rtaga sovuqchilik tushishini istamaydi”, deydi Xogland.
Professor Beshimov bu usulni samarali deb hisoblamaydi.
“Inson huquqlari buzilishini qoralash va bunda ayblash mintaqa liderlariga ta’sir qilmaydi. Ular buni jiddiy olmaydilar. Aksar hollarda sukut saqlashadi yoki keskin javob qaytarishadi: masalan, o‘tgan yili Qirg‘iziston AQSHning ushbu mamlakatda inson huquqlari buzilayotgani haqidagi tanqidiga shunaqa reaksiya ko‘rsatgan edi”, deydi sobiq elchi.
Beshimov, shuningdek, AQSHning mintaqaga ko‘rsatayotgan yordami asosan xavfsizlik sohasiga oidligini qayd etadi.
“Bu Qo‘shma Shtatlar qaysidir ma’noda ushbu mamlakatlarda avtoritar rejimlarni mustahkamlashga ko‘maklashyapti, degani. Menimcha, Tramp ma’muriyati mintaqada inson haqlari buzilishiga panja orasidan qaraydi yoki bu masaladan geosiyosiy foyda chiqarish uchun Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazishda foydalanadi”, taxmin qiladi sobiq deputat.
Beshimovga ko‘ra, AQSH Rossiya bilan til topishib, Xitoy bilan qattiq konfrontatsiyaga o‘tgan taqdirda Tramp Markaziy Osiyoga rasmiy tashrif bilan kelishi ham mumkin.
“Rossiya bilan kelishuv shunaqa tashriflar va mintaqada paradigmalarni o‘zgartirish uchun zamin hozirlagan bo‘lur edi. Biroq agar Xitoy bilan munosabatlar konfrontatsiya va hamkorlik orasida, Rossiya bilan esa birmuncha ijobiy bo‘lsa, Trampning shaxsan tashrif buyurishida ma’no qolmaydi”, fikrini yakunlaydi Beshimov.
C5 istiqboli va AQSHning roli
Richard Xoglandga ko‘ra, Tramp Markaziy Osiyoga kelgan taqdirda ham bu tashrif tub o‘zgarishlarga turtki bermaydi.
“AQSHning Markaziy Osiyoga oid siyosatida biron jiddiy va uzoqqa mo‘ljallangan o‘zgarishlar bo‘lmas ekan, mintaqada o‘z o‘yinini o‘ynayotgan yirik davlatlar Trampning tashrifini qoidalarni o‘zgartiruvchi voqea deb qabul qilmaydi”, deydi ekspert.
Uning fikricha, AQSH diqqat-e’tiborini o‘zi tashkil qilgan va sekin-asta jonlangan C5 formatini mustahkamlashga qaratadigan bo‘lsa, mintaqaning geosiyosiy landshaftida uzoq muddatli va barqaror o‘zgarishlarga erishishi mumkin.
“C5-1 formatini Barak Obama ma’muriyati joriy qilgan edi va u hozirda C5+Janubiy Koreya, C5+Yevroittifoq, C5+Yaponiya va boshqa turli variatsiyalarda mavjud. Hammasidan qizig‘i shunki, so‘nggi yillarda ushbu mamlakatlar liderlari C5 uchrashuvlarini o‘z davralarida muntazam o‘tkazib kelishmoqda va mazkur guruhni xalqaro birlashma darajasida institutlashtirish g‘oyasi haqida o‘ylashmoqda. Bu yo‘nalishda oldinga siljish bo‘lganicha yo‘q va men Trampga C5 ni xalqaro tashkilotga aylantirishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Boz ustiga, so‘nggi paytlarda mintaqa rahbarlari C5 uchrashuvlariga Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni taklif qilishmoqda. Aftidan, C6, hatto C8 formatiga o‘tadigan mahal keldi, u Markaziy Osiyo bilan Janubiy Kavkazni birlashtirib, Janubi-Sharqiy Osiyoning ASЕANiga o‘xshagan tashkilot bo‘lur edi. Birlashuv ularni kuchli qilib, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni saqlab qolishlariga yordam beradi. Shu bilan birga, jahon sahnasida yagona front bo‘lib chiqishlari uchun xalqaro tashkilot vazifasini o‘taydi”, deydi Xogland.