Joriy yilning 16 - noyabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 17 nafar a’zosi «G‘alaba bog‘i» va Adiblar xiyobonidagi panno va haykallari uchun ish haqi olmaganidan shikoyat qilib, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayevga murojaat qildi.
Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ushbu maktubga O‘zbekiston xalq rassomi Ilhom Jabborov¸ taniqli haykaltaroshlar Ulug‘bek Usmonov, Soliy Qodirov¸To‘lagan Tojixo‘jayev kabi o‘nlab san’at namoyandalari imzo chekkan.
Shikoyat xatida 2019 - yilda rassom va ijodkorlar O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga binoan ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba aks etgan 30 metrlik panno va barelyeflarni hamda Adiblar xiyobonidagi 13 ta haykalni yasagani uchun bir tiyin ham pul olmagani aytiladi.
Ozodlik “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” muzeyi, “G‘alaba” muzeyi, harbiy shaharcha, sovet askarini ulug‘lovchi ekspozitsiyalardan o‘rin olgan haykallarni yaratgan 71 yashar haykaltarosh Mais Safaryan bilan suhbatlashdi.
Safaryanga ko‘ra¸ kelishuvda ko‘rsatilgan 80 million so‘m hanuz to‘lanmagan.
«Bugun yana so‘radim. Kelasi hafta to‘laymiz¸ deyishdi. Bir yildan beri shu gapni eshitib kelamiz. Biz barcha haykal va barelyeflarni qusursiz ishlab topshirdik. Qancha mehnat va material sarf bo‘ldi. Lekin haqimizni ololmadik»¸ - deydi keksa haykaltarosh.
Bobur haykaliga ham pul to‘lanmagan
Ozodlik bilan suhbatda Adiblar xiyobonidagi Bobur va Aleksandr Faynberg haykallarini yaratgan haykaltaroshlar ham ish haqi ololmaganini bildirishdi.
Ozodlik tasarrufida O‘zbekiston badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov va ” “Trest 12“ AJ rahbari o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasi bor. Ushbu hujjatga ko‘ra, rassomlar «O‘zbekistonliklarning Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi» mavzuidagi devoriy monumental asarni yaratishlari¸ “Trest 12“ AJ esa to‘rt milliard olti yuz qirq sakkiz million to‘qqiz yuz sakson ikki ming o‘n so‘mni to‘lashi» shart edi. Ammo asar topshirilganidan bir yil o‘tib ham haq to‘lanmagan.
Gap “G‘alaba” bog‘idagi muzey uchun balandligi 5 metr¸ uzunligi esa 30 metrlik rangtasvir panno haqida ketmoqda. Asarni ishlagan ammo haq olmagan 55 yashar talantli rassom Alisher Aliqulov Ozodlik bilan suhbatda o‘z asari “o‘zbek xalqining ulug‘ vatan urushidagi madadini” aks ettirganini ta’kidlaydi.
“Trest 12“ AJ ning Ozodlik bog‘langan vakili nega rassomlarga haq to‘lanmaganini tushuntirib bera olmadi. Ismini aytmagan vakil «pandemiya bois yuzaga kelgan molyaviy qiyinchilik»ni sabab qilib ko‘rsatishga urindi.
Bu qimmat loyihaning nega tender o‘tkazilmasdan ayni shirkatga topshirilgani borasidagi Ozodlik savoliga “O‘zshaharsozlik LITI“ bosh me’mori Gulshoira Magametova javob bera olmadi.
Toshkentda prezident Mirziyoyev buyrug‘iga asosan qurilgan “G‘alaba bog‘i” markazidagi sovet askariga o‘rnatilgan haykal bu maskandagi ramziy darvoza – "G‘alaba arkasi" mualliflariga ham pul to‘lanmagan.
Ozodlik muxbiri Olmazor tumanida yaratilayotgan “G‘alaba” bog‘ida ishlayotgan dizayner rassom bilan suhbatlashdi. O‘zini Renat Ibrohimov deb tanishtirgan dizaynerga ko‘ra¸ Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan haykaltaroshlarga ham hanuz xaq to‘lanmagan.
Xitoylik haykaltaroshlar “Rossotrudnichestvo” federal agentligi kuratorlari bilan birga “Ulug‘ g‘alaba” degan barelyefni yaratishgan edi.
Ashulasi bor, aravasi yo‘q
Dizayner Renat Ibragimov haqi to‘lanmagan asarlarning badiiy qiymati haminqadar bo‘lganini buni buyurtma qilgan mulozimlar saviyasi bilan bog‘ladi.
«Prezident ham, Bosh vazir ham, Adminstratsiya kattasi ham o‘zini ulug‘ haykaltarosh va rassomlik san’ati bilimdoni, deb biladi. Aslida ularning bu sohadagi bilimi o‘ta primitiv. Shu primitiv zehniyatdan kelib chiqib va Rossiyaga yoqish ishtiyoqi bilan buyurtma berishdi. Lekin bularning cho‘ntagi ham quruq ekan. Buyurtmaga pul to‘lay olishmadi. Aravasiga tushsang, ashulasini ham aytasan deyishadi-ku. Bularning aravasi ham yo‘q»,- dedi dizayner.
Rossiya Dizaynerlar ittifoqi a’zosi G‘ayrat Qo‘ziboyev Ozodlik bilan 2019 - yil mayida, «G‘alaba bog‘i» ochilgan kungi suhbatida "O‘zbekiston sovetcha propaganda bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketgani"ni aytgan edi.
"Rossiyadagi aksar ziyolilar bunday yondashuvdagi “san’at” ustidan kulishadi. O‘zbekiston yana eski sovet paytidagi kabi, Moskvaga laganbardorlik qilishda kolxozcha provinsiyaning noyob turini ko‘rsatdi. Uyat"¸ - degan edi u.
Sovet ramzlarining qaytishi
Rossiya ulug‘davlatchilik g‘oyalarini tarannum qiladigan dizaynerlarning O‘zbekistonni “fath” qilishi Mirziyoyev iqtidori davrida boshlandi.
Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyalik dizayner, 43 yashar Artemiy Lebedev 2018 - yili Toshkent shahar hokimligida qabul qilinib¸ poytaxtni bezash bo‘yicha astronomik summadagi pulga buyurtma olgan va bu pul to‘langan edi.
Lebedev 2014 - yilda Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarim oroli logotipini chizgan edi.
2018 - yil 2 - noyabr kuni Rossiya ashaddiy millatchilari dohiysi Vladimir Jirinovskiyning Buxoroda yuqori martabali o‘zbek rasmiylari tomonidan tantanali kutib olinishi o‘zbekistonliklarning noroziliklariga sabab bo‘lgan edi.