Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:18

"Pulsizlikdan qiynaldim". Rossiyadan deport bo‘lgan o‘zbeklar hikoyasi


Dilfuza Hayitova.
Dilfuza Hayitova.

Rossiya hujjatlarida muammo bo‘lgan yoki mayda huquqbuzarlik sodir etgan migrantlarni yoppasiga deportatsiya qilishda davom etmoqda. Badarg‘a qilingan o‘zbekistonliklar esa vatanlarida ish yo‘qligidan, zo‘rg‘a kun kechirayotganlaridan noliydilar.

Dilfuza Hayitova hamda Tursunali Jo‘rayev Rossiyadan O‘zbekistonga 2024-yil bahorda qaytarib yuborilgan. Ular “Nastoyashcheye vremya” bilan suhbatda vatandagi hayoti va qanday pul topishni rejalashayotgani haqida so‘zlab berishdi.

Dilfuza Hayitova Rossiyaga 2023-yil dekabrda ishlagani boradi va 2024-yilning mart oyi oxiriga qadar Moskvada idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishlaydi. Ayol “Krokus Siti Xoll” teraktidan so‘ng Rossiyaning ko‘plab shaharlarida o‘tkazilgan migrantlarga qarshi reydlardan birida ushlanib, deportatsiya qilinadi.

“O‘zbekistonda na ish bor, na pul, shuning uchun Rossiyaga ketishga majbur bo‘lgan edik. Sharoitim og‘ir, uy qurishim kerak edi, – hikoyasini boshlaydi Dilfuza. – “Krokus Siti”da ro‘y bergan qonli voqealardan so‘ng migrantlar ustidan nazorat kuchaydi. Bir kuni ishxonada tushlik qilib o‘tirganimizda politsiyachilar keldi. Ular patentlarimizni va patent bilan birga beriladigan cheklarni tekshirishdi”.

“Men ish beruvchi bilan rasmiy mehnat shartnomasi tuzmay ishlab yurgandim, shu bois patentimni bekor qilishdi. 21 kun deportatsiya markazida saqladilar. Davlat hisobidan chipta sotib berib, yurtimga qaytarib yuborishdi”, deydi ayol.

Deportatsiya qilinganidan so‘ng u otasi va qizi bilan birga Termizda yashamoqda. Dilfuza qizini yolg‘iz katta qilayotganini aytadi.

“Hozir menga juda og‘ir. Qizim isitmalab yotibdi, dori-darmonga pulim yo‘q”, hasrat qiladi ayol.

“Крокус”дан сўнг: Тошкентда антитеррор рейдлари - ўнлаб одам ҳибсда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:08 0:00

Dilfuza O‘zbekistonga kelganidan beri ish topa olmagan, plastik idishlar terib sotishdan ishlagan puli ro‘zg‘orga urvoq ham bo‘lmaydi. Hozirda uch jon asosan otaning pensiyasiga yashab turishibdi.

“Pulsizlikdan charchab ketdim. Ish yo‘q. Hatto davlat idoralarida ham ish topib bo‘lmayapti. Baklajka terib kuniga 30 ming so‘m ishlayman, bu non va kundalik ehtiyojimizdan ortmaydi. Bizni otam boqib turibdi”, deydi Dilfuza.

Hayitova Rossiyadan badarg‘a bo‘lganidan so‘ng uy solishga endi mutlaqo qurbi yetmasligini aytadi.

“Pul yo‘q. Qurishga imkoniyat yo‘q, – deydi u. – Yolg‘iz onaman. Boshim qotgan. Biron homiy topilganida ham amallab qurib olardik. Deportatsiya qilmaganlarida o‘zim pul ishlab qurgan bo‘lardim. Turmushimiz bir oz yaxshilanardi”.

“Rossiyada kuniga 300 ming so‘m pul ishlardim, O‘zbekistonga kelganimdan beri pulsiz yuribman. Bu yerda na ish bor, na pul”, dey so‘zini yakunlaydi Dilfuza.

Tursunali Jo‘rayev – Rossiyadan badarg‘a qilingan yana bir o‘zbekistonlik. U 2024-yilda Rossiyada migrantlarga bosim keskin kuchayganini eslaydi.

“Hamma yoqda politsiya rus bo‘lmaganlarni qidirishni, hujjatlarini tekshirishni boshladi, – deydi u. – Bizni terrorchi o‘rnida ko‘rishardi, lekin biz terrorchi emasmiz, Rossiyaga halol mehnat qilib pul topgani boramiz, xolos”.

Tursunali Rossiyada 13 yil ishlagan ekan: jamoat transportida haydovchilik qilgan, xususiy dachada qorovul bo‘lgan. U Rossiyada qonuniy ishlash huquqini beruvchi hujjatlarsiz bir necha yil ishlagani tan oladi. Bir kuni, axiyri, migrantlarga qarshi reyd chog‘ida politsiya qo‘liga tushgach, uni O‘zbekistonga deportatsiya qilganlar.

Россияда мигрантлар ҳуқуқларини кескин чекловчи қонун қабул қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:25 0:00

“Shu yildan boshlab qattiq tekshirishyapti. Hamma yoqda migrantlarni izlashadi. Shunaqa qilib qo‘lga tushdim-da. “Krokus” teraktidan keyin tekshiruvlar kuchaydi, – deydi u. – Ilgari politsiya bizga ahamiyat bermasdi, har kuni ishga qatnaganda ular yonidan o‘tardim, shaharda bemalol yurardim. Hozir bunaqa erkinlik yo‘q”.

“Hozir hujjatlari bor odamni ham tekshiraverib bezor qilishadi. Rossiyada umuman ishlab bo‘lmay qoldi”, noliydi Tursunali.

Deportatsiya qilinganidan so‘ng Tursunali O‘zbekistonda pul topish yo‘llarini izlashga tushadi. Aytishicha, Termizda massaj va suyaklarni to‘g‘rilash bilan shug‘ullanishni o‘ylab yuribdi.

“O‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishlamoqchiman. Xususiy klinikada ishlash niyatim bor. Yoki bitta xonani ijaraga olib, massajchi-suyak to‘g‘rilovchi kabinetini ochsam ham bo‘ladi”, deydi u rejalari haqida so‘zlar ekan.

Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvaridan iyul oyiga qadar mamlakatda “migratsiya qonunchiligining buzilishi hollarini aniqlashga qaratilgan 176 ta tadbir”, ya’ni aksilmigrant reydlari va turli tekshiruvlar o‘tkazilgan. Ushbu tekshiruvlar yakuni bo‘yicha birinchi yarimyillikda chet elliklarni Rossiyadan chiqarib yuborish va deportatsiya qilish bilan bog‘liq ma’muriy sud qarorlari 2023-yilning shu davriga nisbatan 53,2 foizga ko‘paygan.

XS
SM
MD
LG