Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:32

Putin bilan bir safda. Mirziyoyev va boshqa rahbarlar g‘alaba paradiga nima uchun bordi?


Prezidentlar Vladimir Putin, Qasim-Jomart Toqayev va Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida. 9-may, 2023-yil
Prezidentlar Vladimir Putin, Qasim-Jomart Toqayev va Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida. 9-may, 2023-yil

May oyi boshlarida Rossiyada G‘alaba kuni sharafiga o‘tkazilajak harbiy paradda ishtirokini tasdiqlagan Markaziy osiyolik yagona rahbar Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov edi. Kremlga dronlar hujumidan so‘ng esa hatto uning kelishi ham so‘roq ostida qolgandi.

Biroq 9-maydan bir kun oldin mintaqadagi besh davlat liderlarining barchasi Moskvada jam bo‘lishib, o‘tgan yillardagiga nisbatan juda kamtarona tashkil qilingan paradda Putinning yonida turishdi.Bbu Markaziy Osiyoning so‘nggi 15 oyda xalqaro maydonda yakkalanib qolgan Rossiyaga tirgak bo‘layotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Besh rahbar, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan birga Putinning “G‘arb globalchi elitalari nafrat, rusofobiya va agressiv millatchilik urug‘ini sochayotgani” va “oilaviy qadriyatlar, an’analar”ni yakson qilayotgani haqidagi nutqini eshitishdi. Rossiya prezidenti boshqa mamlakatlar liderlarining paradda qatnashish uchun Moskvaga kelganini “juda muhim”ligini ta’kidladi.

Украинага босқин: 440-кун | Украина Мирзиёевнинг парадга борганини қоралади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:10 0:00

Litvadagi Sharqiy Yevropa tadqiqotlari tahlil markazi xodimi Dionis Tsenus “Tvitter”da “Markaziy Osiyodagi har bir davlat liderining Kreml bilan o‘z ish aloqalari bor – bu ularni strategik hamkorlikning alohida platformalarini qurishga urinayotgan G‘arb nazarida obro‘sizlanishdan ko‘ra ko‘proq tashvishga soladi”, deb yozdi.

Kreml qo‘lida mintaqaning barcha mamlakatlariga ta’sir o‘tkazish richaglari borligini yodda tutgan holda besh rahbarning har birini obro‘siga putur yetishini o‘ylamasdan, o‘ta siyosiylashtirilgan ushbu tadbirga borishga qanaqa shaxsiy sabablar majbur etgani xususida mulohaza qilamiz.

O‘zbekiston: Referendumdan so‘ng va saylov arafasida

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 2037-yilgacha iqtidorda qolishiga imkon beruvchi muddatidan ilgarigi prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qiliboq Moskvaga yo‘l oldi. Bir hafta oldin esa mamlakatda Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Ekspertlar Bosh qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni prezidentning mamlakat ustidan nazoratni kuchaytirishi, deya baholashmoqda.

Mirziyoyev ko‘nglini to‘q qilaversa bo‘ladi: 9-iyulda o‘tajak saylovda hech kim unga jiddiy raqib bo‘la olmaydi, chunki O‘zbekistonda raqobatga asoslangan saylov an’analari yo‘q.

Biroq u hanuz ongli ravishda Moskvadan yanada ko‘proq dastak olishga intilyapti, ustiga-ustak yaqinda muxtor Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan qonli voqealar, surunkali energiya taqchilligi va doimiy inflyatsiya rejimni xiyla horitdi.

Joriy yilning martida Mirziyoyev Rossiya bilan O‘zbekiston “eng og‘ir paytlarda” birga bo‘lganini va bo‘lajagini aytib, batamom Moskvaga xayrixohligini bildirgan edi.

O‘tgan yilning oktabrida u Putinni O‘zbekistonning oliy mukofoti – Do‘stlik ordeni bilan taqdirlagan.

Ayni paytda ikki mamlakat aloqalarining mustahkamlanishi O‘zbekistonni Moskva izmidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ga qaytishga yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ga a’zo bo‘lishga hozircha ishontira olmayapti.

Shuningdek, qalin aloqalarga qaramay, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning narigi to‘rt mamlakati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rossiya bosqinchiligi qoralangan turli rezolyutsiyalariga ovoz berishda yo qatnashmayapti yo betaraf qolmoqda.

Qozog‘iston: Qaltis qadamlar

Qozog‘iston urush boshidayoq Ukrainaning hududiy yaxlitligi tarafdori ekanini bildirib, Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarga qiyosan o‘z pozitsiyasini aniqroq bayon qildi. Shu bilan birga, garchi samarasiz deb hisoblasa-da, Moskvaga qarshi qo‘llangan sanksiyalarga rioya qilishga va’da berdi.

Shunga qaramay, Ostona Ukrainaga bosqin boshlangan o‘tgan yilning fevralidan buyon biron bayonotida Moskvani to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilgan emas; hatto rossiyalik ekspertlar va siyosatchilar “Ukrainani bir yoqli qilgandan keyin Qozog‘istonni denatsifikatsiya qilish kerak” deya tahdid qilgan paytlarda ham nisbiy bosiqlikni saqlab kelmoqda.

Siyosatshunos Dimash Aljanov fikricha, prezident Qasim-Jomart Toqayevning 9-may paradiga borishi “Qozog‘istonning mustaqilligi va mavzun tashqi siyosat olib borishi haqidagi barcha gap-so‘zlar real voqelikka urilib chil-parchin bo‘lganini ko‘rsatadi”.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z iqtisodiy va siyosiy mustaqilligi negizlarini yarata olmagani bois Kremlga qarshi biron ish qilishga qodir emas”, deydi u Ozodlik bilan suhbatda.

Aprelda Qozog‘iston Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va YI tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga amal qilish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun g‘arblik bir necha mulozimni qabul qildi. Mazkur uchrashuv Moskva yaqin savdo hamkorlarini sanksiyalarni chetlab o‘tishda qo‘llayotganiga doir xavotirlar manzarasida kechdi.

Kun sayin reallashayotgan ikkilamchi sanksiyalardan Markaziy Osiyoda eng ko‘p talafot ko‘radigan Qozog‘iston bo‘lsa ehtimol, lekin u Rossiyadan bundan ko‘proq ziyon ko‘rishi mumkin.

Кабаева Тошкентда: Саида Мирзиёева "Путин маъшуқаси"га мезбонлик қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:00 0:00

O‘tgan yili Rossiya Qora dengiz bo‘yidagi Novorossiysk portini qozoq nefti uchun bir necha marotaba yopib qo‘yish bilan shunga yaqqol ishoralar berdi.

G‘arbga eksport qilinadigan qozoq neftining kattagina qismi Rossiya hududi orqali Novorossiyskka yo‘nalgan quvur orqali jo‘natiladi va, garchi Qozog‘iston mulozimlari ochiq aytmagan bo‘lsalar-da, Moskva mazkur obyektdan Qozog‘istonni sanksiyalar manzarasida Rossiyani ko‘proq dastaklashga majburlashda foydalanayotgani jiddiy xavotir uyg‘otdi.

Qirg‘iziston va Tojikiston: Qashshoq raqiblarni Kremlga bog‘lagan mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston mintaqadagi eng qashshoq va Rossiyaga eng qaram mamlakatlardir.

O‘tgan yili Ukrainada urush bo‘layotganiga qaramay, Tojikiston bilan Qirg‘izistonga Rossiyada ishlaydigan yuz minglab fuqarolaridan keladigan pul o‘tkazmalari hajmi oshib, iqtisodiyotni bir navi oyoqda tutib turishga yordam berdi.

Rossiya ularni o‘z izmida ushlashda migrantlardan hamisha foydalanib kelgan bo‘lsa-da, Sadir Japarov bilan Imomali Rahmon g‘alaba paradiga ikkilanmay borishi sababi ko‘proq – ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara mojarosiga borib taqaladi.

2021-yili koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan kezlar Rahmon paradda qatnashish uchun Moskvaga borgan yagona xorijiy lider bo‘lgan edi.

Bir haftagina oldin chegarada galdagi to‘qnashuv yuz berib, o‘nlab inson halok bo‘lgani bois Qirg‘izistonda ko‘pchilik mazkur tashrifni juda salbiy qabul qilib, uni Rossiyaning orqavarotdan Tojikistonga dastak berishi deb tushundi.

Kreml voizi Dmitriy Peskovning “Tojikiston prezidenti tashrifi chegaradagi so‘nggi to‘qnashuvdan oldinroq rejalangan edi”, degan gapiga hech kim ishonmadi.

O‘tgan yili Qirg‘iziston iltimosiga binoan Putin ushbu mojaroda vositachilik vazifasini zimmasiga oldi. Binobarin, ikki mamlakat ham Moskva bilan iliq aloqalarni saqlash kerakligini yodidan chiqarmaydi.

Boz ustiga, Moskva, agar istasa, “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” qoidasi bo‘yicha har turli o‘yin qilish imkoniga ega. Paraddan oldin bo‘lgan norasmiy nonushta fotosuratlarida Japarov ko‘rinmaydi: aytishlaricha, Rahmon bilan bir dasturxon atrofida o‘tirgisi kelmagan emish.

Turkmaniston: Rossiya propagandasi trendlari

Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedovning paradga borishi so‘nggi yillarda rus-turkman aloqalari iliqlashganini kuzatgan hech kimni ajablantirmaydi.

Turkmaniston Xitoyga gaz sotish orqasida kun ko‘radi, bu tobelik mamlakatni o‘ng‘aysiz ahvolga solib qo‘ygan edi. “Gazprom” energetika gigantining yana turkman gaz bozoriga kirish qarori Xitoyga qaramlikni birmuncha kamaytirish chorasini izlayotgan Ashxobodga moydek yoqib tushdi.

O‘z qobig‘iga o‘ralib olgan ushbu avtoritar mamlakatga G‘arbning ta’siri juda bo‘sh.

O‘tgan yili Ozodlik muxbirlari turkman maxsus xizmatlari yoshlar bilan muloqotlarda G‘arbga Ukrainaga qarshi faol targ‘ibot olib borayotgani, G‘arb OAVlarini “buzg‘unchilik”da ayblayotgani haqida xabar berishgandi.

Mahalliy mediamakonda davlat propagandasi mutlaq xo‘jayinligini, Ukraina mavzusi va boshqa xalqaro mojarolar deyarli tilga olinmasligini hisobga olganda bunaqa targ‘ibot ko‘plab yoshlarni chalg‘itishi mumkin.

XS
SM
MD
LG