Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:31

"Putin va Zelenskiy bir emas". Inkuzart chizgan navbatdagi surat tarmoqlarda tanqidga uchradi


Inkuzartning Toshkent devoriga ishlangan oxirgi suratida turli tomonlardan qaralganda Putin va Zelenskiyning portretlari ko‘rinadi.
Inkuzartning Toshkent devoriga ishlangan oxirgi suratida turli tomonlardan qaralganda Putin va Zelenskiyning portretlari ko‘rinadi.

Inkuzart taxallusi bilan tanilgan O‘zbekistondagi ilk strit-art rassomining yangi devoriy surati turli talqinlarni keltirib chiqardi. Turli burchaklardan ko‘rinadigan ikki portret — Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy tasvirlarini mujassamlashtirib, rus va ukrain tillarida "Kim haq, kim nohaq-qaysi tomondan boqishga bog‘liq" deb yozgan san’atkor tanqidlar ostida qoldi.

Ziddiyatli deb ko‘rilgan graffiti o‘zbek jamiyatida Ukrainadagi urush borasida rasmiy matbuot e’tiborsiz qoldirayotgan munozarani yuzaga chiqardi.

O‘zbekiston hukumati Rossiya-Ukraina urushi yuzasidan "betaraf pozitsiyada" ekanini e’lon qilgan, rasmiy matbuot esa urushning dahshatlari, jumladan, u yerda sodir etilayotgan qotilliklar va ehtimoliy urush jinoyatlari borasida sukut saqlamoqda.

"Har kimning o‘z haqiqati bor"

Toshkentning Chilonzor tumani 1-dahasidagi turar-joy binosida 17-iyul kuni paydo bo‘lgan suratda Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning portretlari tasvirlangan. Portretlar “Stereo-vario” usulida maxsus qurilma ustiga chizilgan bo‘lib, turli burchakdan qaralganda birin-ketin ikki prezidentning tasvirlari ko‘zga tashlanadi.

Surat muallifi o‘zining Telegram sahifasida asarga ikki tilda – ukraincha va ruschada “Kto prav ili net, zavisit s kakoy storoni smotret. - Xto praviy chi nі, zalejit z yakogo boku divitisya” (“Kim haq yoki nohaq ekani qaysi tomondan qarashga bog‘liq”) deya qisqa izoh ham berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar qizigan bir pallada Chilonzor devoridagi surat qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘ldi. Avvaliga uning o‘chirilgani, keyinroq bo‘yab tashlangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Tanqidlar bois rasmni muallifning o‘zi olib tashlagani taxmin qilindi.

18-iyul kuni kechga ijodkorning rasmiy sahifasida "2 lagerga ajragan odamlarning fikrlar xilma-xilligini kuzatish qiziq, kartina shuni yana bir bor isbotladi. Dunyoga tinchlik!" degan yozuv paydo bo‘ldi.

2021-yildagi Covid-19 pandemiyasi avjida ushbu graffiti o‘rnida Inkuzartning tibbiyot xodimlari qahramonliklariga bag‘ishlangan “Umid ko‘zi” tasviri joy olgandi.

O‘zingizning pozitsiyangiz qani, Inkuzart? ..

Toshkentlik bloger Yevgeniy Sklyarevskiy Inkuzartning bu graffitisini yuqori baholab, u jamiyatdagi “bo‘linishni aniq tasvir etayotgani”ga e’tibor qaratdi.

- Oilalar va jamoalar, jamiyat, qiziqish bo‘yicha klublar va hovlidagi qo‘shnilar o‘rtasiga nizo tushdi. Tanishlarimning (ochiq aytganlarining) katta qismi Rossiyani qo‘llab-quvvatlayapti. Men urushga qarshiman, har bir insonning hayoti bebaho va siyosiy o‘yinlardan qimmatroq, tinch yo‘l bilan kelisha olmaydigan siyosatchilarga sharmandalik va la’nat. Izohlarni yopaman, barcha tarafdorlar va qarshi mulohazalar allaqachon ma’lum, hech kim hech kimni fikrini o‘zgartira olmaydi, biz aql g‘alaba qozonishiga umid qilib qolamiz. Buzilgan jamiyatni eslatganing uchun rahmat, Inkuzart.

Ayni paytda ko‘cha rassomining so‘nggi asari uning avvalgi ishlarini olqishlagan ko‘plab blogerlar va jamoat faollarining keskin tanqidiga uchradi.

Siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov Inkuzartning oxirgi ishini uning faoliyatidagi eng zaif asar, deb hisoblashini aytdi.

- Aynan ko‘cha san’ati aniq ijtimoiy va siyosiy pozitsiyasi bilan ajralib turadi va bu rassomning oldingi asarlari shunday edi. Bu safar u o‘zini chetga olish pozitsiyasini egalladi. Qolaversa, u jallod-jinoyatchi va o‘z mamlakati suverenitetini rus tajovuzidan himoya qilayotgan demokratik millat rahbarini bir darajaga qo‘ydi. O‘zingizning pozitsiyangiz qani, Inkuzart? .. Tasavvur qiling-a, agarda u Gitler va Cherchillni (yoki Ruzveltni) "bir tomondan, ikkinchi tomondan" deb, bir xil darajaga qo‘ysa.

Tadbirkor Zafar Hoshimov ham ko‘cha rassomining bu asarini Rossiyaning Ukrainaga bosqinini oqlashga urinish, deb ta’rifladi:

- Jinoiy urushni oqlashga urinish san’at sifatida ko‘rsatilayotgani juda achinarli hol. Hech bir nuqtai nazar urushga yon bosa olmaydi yoki uni oqlay olmaydi va oqlamasligi ham kerak. Axloqiy qadriyatlar va ko‘rsatmalarsiz madaniy qadriyatlar mavjud emas va bo‘lishi ham mumkin emasligiga aminman.

Bloger Hikmat Ubaydullayev esa, bosqinchi va qotillar tarafida haqiqat bo‘lishi mumkin emas, deb yozdi:

- Urush mavzusida xayp qilish bu eng katta pastkashlik. Tajovuzkor tarafida haqiqat bo‘lishi mumkin? Begunoh bolalar, ayollar, qariyalar qotili tarafida qanaqa haqiqat? O‘zga davlatni bosib olgan, shaharlarini vayron qilganlarning haqiqati nimada? Ular tomonida haqiqat yo‘q! Ularni romantiklashtirishning hojati yo‘q!

O‘zbekistonlik bloger va jamoatchilik faoli Nikita Makarenko esa Inkuzart dan hafsalasi pir qilganini yashirmadi.

Makarenko haqiqiy rassom yaxshilikni yovuzlikdan ajrata bilishi kerak, degan fikrda.

- Menga ko‘proq rasmning o‘zimas, rassomning bayonoti tegib ketdi. U “ikkita haqiqat bor va ular teng” deb, ularni tenglashtirib qo‘ydi. Menimcha, bunday qilish mumkin emas, chunki bosqinchi va uning qurboni bor. Bosqinchida hech qanday haqiqat bo‘lishi mumkin emas – uni oqlab, siz qurbonlar xotirasini oyoq-osti qilasiz. Rassom bunday qilishga haqqi yo‘q! U yaxshilikni yovuzlikdan ajrata olishi kerak. Pikassoning “Gernika” asarini misol keltirdim: u hech qachon johillar tarafini olmagan va bu asarni hozir ham ko‘rib biz yovuzlikdan dahshatga tushamiz. Inkuzart asarida men taslimchilik kayfiyatini ko‘rdim. Yo‘q, bu ikki taraf teng emas.

"Men jamiyatning bo‘linishini tasvirladim, xolos"

Hozirgacha ismini ochiqlamasdan kelayotgan va o‘z suratlarini inkognito chizayotgan Inkuzart Ozodlik bilan suhbatda o‘z graffitisiga izoh berdi.

U devoriy surat uning shaxsiy ifodasimas, balki jamiyatdagi parokandalik va qarama-qarshilik tasviri ekanini aytdi:

- Har bir odamning o‘z haqiqati bor. Bu mening siyosiy pozitsiyam emas. Hozir Rossiya tomon va Ukraina tomonida bo‘lgan odamlar bor – shuning ortidan shu rasm kelib chiqdi. Ikki tarafda ishlayotgan propaganda tufayli odamlar haqiqatni yo‘qotib qo‘ymoqda. Shu bois “kim haq – kim nohaq” degani qaysi tomondan qarashga bog‘liq. Men bu bilan Rossiya tarafini yoki Ukrainani himoya qilayotganim yo‘q, shunchaki odamlarning kallasidagi fikrlarni tasvirlayapman! Masalan, O‘zbekistonda kimdir “Slava Rossii!” deb yuribdi, qo‘shnim har kuni “Slava Ukraine!” deb so‘rashadi. Xullas, men jamiyatdagi bo‘linishni, odamlarning ongidagi o‘z haqiqatini chizdim.

O‘zining tinchlik tarafdori ekani va jamiyatlarda qarama- qarshilik oshib borayotganidan xavotirda ekanini aytgan rassom tasvir uning shaxsiy fikrini ifoda etmasligini bot-bot takrorladi.

Inkuzartning jamiyat hayoti va siyosatga oid boshqa asarlari ham jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

"Neytral", ammo Rossiyaga yaqinroq

Ayni damda O‘zbekistonning Ukrainadagi urush borasida tutgan pozitsiyasi, garchi rasman neytral deb aytilgan bo‘lsa-da, tushunarsiz qolayotir.

Rasmiy matbuot Ukrainadagi urush, jumladan, u yerdagi ommaviy qotilliklar va ehtimoliy urush jinoyatlari borasida sukut saqlamoqda.

Urushni mustaqil yoritishga uringan ayrim va jurnalistlar xavfsizlik xizmatlariga chaqirilib ogohlantirilgan.

AQSh elchisi Deniel Rozenblyum Gazeta.uzga bergan intervyusida O‘zbekistonning betaraf pozitsiyasini tushunishi, ayni paytda rasmiy Toshkent Ukrainadan ko‘ra Rossiyaga yaqinlik ko‘rsatayotganini aytdi.

Shu yilning 17-mart kuni Senatdagi chiqishida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Ukrainaning hududiy butunligini dastaklashi va bo‘lginchi LXR hamda DXR respublikalarini tan olmasligi haqida bayonot bergan edi.

Senatdagi bayonotidan 10 kun o‘tib, Komilov iste’foga chiqarilgan. Uning o‘rniga Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Vladimir Norov o‘tgan 4 oy mobaynida Ukraina borasida biron-bir bayonot bergani yo‘q. O‘tgan hafta Moskvaga safar qilgan Norov Qoraqalpog‘iston voqealari chog‘ida O‘zbekistonning hududiy butunligini dastaklagani uchun Rossiyaga minnatdorchilik bildirgan.

XS
SM
MD
LG