Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:06

Putinga xaosdan nima naf? G‘azodagi urush va Rossiya-Isroil munosabatlari


Vladimir Putin va Benyamin Netanyahu. Moskva, 30-yanvar, 2020
Vladimir Putin va Benyamin Netanyahu. Moskva, 30-yanvar, 2020

Rossiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar Sovet davridagi siyosat va Moskvaning Isroil dushmanlari bo‘lmish Suriya va Eronga nisbatan hozirgi pozitsiyasi tufayli hech qachon yaxshi bo‘lmagan. Hamasning Isroilga hujumidan so‘ng bu munosabatlar yanada abgorlashdi, bunga Rossiya janubidagi aeroportda kuzatilgan zo‘ravonlik ham turtki berdi.

Hamasning Isroilga hujumidan uch hafta o‘tmasdan, jangarilar yetakchilari Rossiya rasmiylari bilan muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga keldi.

Rossiya siyosatini yaqindan kuzatib boradiganlar uchun bu ajablanarli emas, chunki bunday tashriflar Moskvaning Yaqin Sharqdagi murakkab siyosiy vaziyatga kompleks yondashuvini aks ettiradi.

29-oktabr kuni Shimoliy Kavkazning Mahachqal’a shahridagi aeroportda yuzaga kelgan antisemitik zo‘ravonlik birdan yuzaga kelgani yo‘q.

Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti eksperti, Rossiyaning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatiga ixtisoslashgan Anna Borshchevskayaning aytishicha, “Rossiyada antisemitizm hech qachon yo‘qolmagan. U har doim vaqti-vaqti bilan bosh ko‘tarib turgan. U shunchaki yuzaki ko‘mib qo‘yilgan. Rossiyada ham antisemitizm faollashuvi birinchi marta emas va bu ushbu mintaqa bilan cheklanmaydi”.

Isroilning eng uzoq yillik Bosh vaziri Netanyahu Rossiyaning eng uzoq hokimiyatda qolayotgan lideri Vladimir Putin bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatgan.

Putin ham, o‘z navbatida, Rossiyaning mintaqaviy ta’sirini kuchaytirish maqsadida Isroilga murojaat qilgandi. 2022-yilda nashr etilgan xotiralarida Netanyahu Putinning aqliga yuqori baho bergan va unga yahudiylarga xayrixoh siyosati uchun minnatdorlik bildirgan.

Biroq Moskvaning Isroilning ashaddiy dushmanlari bilan iqtisodiy va harbiy aloqalari bu munosabatlarga ta’sir qilmoqda. Bunday davlatlar qatoriga Eron va Suriya kiradi.

Suriyada Rossiya harbiy dengiz porti va boshqa harbiy infratuzilmalar bor. Ulardan nafaqat Bashar al-Asad rejimini qo‘llab-quvvatlash, balki O‘rta yer dengizidagi harbiy hozirlikni saqlab turish, hududdagi Amerika qo‘shinlari uchun ma’lum to‘siqlar yaratish uchun foydalaniladi.

Garchi Isroil havo kuchlari Suriyadagi nishonlarga, masalan, Hizbulloh uchun qurol-yarog‘ va boshqa ta’minotlar o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘lgan Damashq aeroportiga muntazam hujum qilsa ham, Rossiya va Isroil to‘qnashuvi oldi olingan.

Moskvaning Tehron bilan aloqalari Isroil uchun yanada katta muammo tug‘diradi.

Ўзбекларни “зомби”га айлантираётган Путин пропагандаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:43 0:00

Rossiya Eronning yadroviy salohiyatini rivojlantirishga yordam berishda muhim rol o‘ynadi, bu hamkorlik “Rosatom” davlat yadro korporatsiyasiga mo‘may daromad keltiradi.

2022-yilda Ukrainaga bosqin vaziyatni tubdan o‘zgartirdi, deyiladi Yevropa Tashqi aloqalar kengashi sentabr oyida chop etgan hisobotda.

“Tehronning Rossiyaning urush harakatlariga qo‘shgan harbiy yordami unga og‘ir vaziyatlarda asqatdi. Bir paytlar kichik o‘yinchi bo‘lgan Eron hozir Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi eng muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi”, deb yozadi hisobot mualliflari.

Rossiya avvalo dronlardan foydalanishda ko‘p jihatdan Eronga tayanmoqda.
G‘arb razvedkasining tasdiqlanmagan xabarlariga ko‘ra, Eron qo‘llab kelayotgan Hizbulloh guruhi Rossiyaning zenit raketa tizimlarini olishi mumkin, bu esa olovga yana yog‘ quyadi.

Bularning hech birini Isroil e’tiborsiz qoldirmaydi.

Biroq Isroil Ukrainaga bosqin uchun Rossiyani tanqid qilishda o‘zini tiydi, ukrain qo‘shinlariga yordam berish uchun qurol yoki muhim aslahalarni yuborgani yo‘q.

Dog‘iston aeroportidagi hodisa qanchalik kengroq ijtimoiy muammolarni yoki yahudiylarga nisbatan salbiy munosabatni aks ettirishi noma’lum. Biroq so‘nggi yillarda rossiyalik siyosatchilar, jumladan, Putinning o‘zida antisemitik ritorika ko‘paygan.

Bunga endi Hamas qo‘shildi.

Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan Falastin jangari guruhi bo‘lmish Hamas so‘nggi yillarda, jumladan, shu yilning mart oyida va 7-oktabr kuni Isroilga qilingan hujumdan bir necha kun o‘tib, Moskvaga delegatsiya yuborgan.

Shu bilan birga, Moskva Hamasni terrorchi guruh sifatida tan olmayapti.
Isroil, o‘z navbatida, Moskvani Hamas delegatsiyasini qabul qilgani uchun qoraladi.

Hamasning Isroilga hujumidan so‘ng, Putin voqea bo‘yicha o‘zining birinchi ommaviy bayonotida Qo‘shma Shtatlarni qattiq tanqid qilib, mojaroda Vashingtonni aybladi va bu hujum Amerikaning Yaqin Sharq siyosati muvaffaqiyatsizliklariga “yorqin misol” ekanini aytdi.

Уруш анатомияси: Араб-Исроил урушлари, Исроил-Фаластин зиддияти тарихи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:23 0:00

"Menimcha, Rossiya-Isroil munosabatlarida "kardinal uzilish" bo‘lmadi, – deydi Borshchevskaya Ozodlik radiosiga bergan intervyusida. – Ammo, shubhasiz, keskinlik yuzaga keldi, ayniqsa, Rossiya hukumati o‘tmishdagidan ko‘ra qattiqroq tanqid qildi, ayniqsa, Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlari, shuningdek, Suriyadagi havo hujumlarini qoraladi.”

“Fikrimcha, Rossiya Isroil va Hamas bilan munosabatlari o‘rtasida qanchalik muvozanat saqlab qolishini ko‘rib chiqishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qiladi u.
Kengroq savol shuki, deydi ekspertlar, Rossiya Yaqin Sharqdagi notinchlikdan naf ko‘radimi: masalan, bu voqealar e’tiborni Kremlning Ukrainadagi urushida chalg‘itadimi?

"Rossiya uchun oson bo‘lmasligini tushunaman, ammo bu vaziyatdan u naf ko‘radi, – deydi Borshchevskaya. – Menimcha, Rossiya Yaqin Sharqdagi tartibsizlikdan foyda ko‘radi. U ushbu betartiblik holatidan Qo‘shma Shtatlar va umuman G‘arb bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va vositachilar orqali munosabatlarni yanada kuchaytirish uchun foydalanmoqchi.”

XS
SM
MD
LG