Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:43

"Putinizmni dastaklamoqda". Mirziyoyevni tanqid qilgan yana bir tarmoq foydalanuvchisi 5 yilga qamaldi


Prezidentlar Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentlar Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy tarmoqlarda prezident Shavkat Mirziyoyevni Rossiya rahbari Putinning Ukrainaga qarshi urushini dastaklashda ayblab post joylagan 38 yoshli tarmoq foydalanuvchisi 5 yilu 1 oyga qamalgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman sudi o‘tgan yilning 19-oktabr kuni sud hukmida ismining faqat bosh harflari keltirilgan Bunyodjon Boboniyozovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi, 3-qismi - "O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish"da aybdor deb topgan.

Boboniyozov, shuningdek, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi - O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ham ayblangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi 28-noyabr kungi apellyatsiya mahkamasida Kattaqo‘rg‘on tuman sudi qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

“O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 5 (besh) yil 1 (bir) oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Sudlanuvchi Boboniyazov Bunyodjon Ruzikulovichga jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash tayinlansin. Jazoni o‘tash muddati 2023-yil 14-aprel kunidan boshlab hisoblansin”, deyiladi sud qarorida.

2023 якуни: Блогерларни қамаш йили
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:01 0:00

Ozodlikda nusxasi mavjud sud ajrimidan ma’lum bo‘lishicha, Boboniyozov Facebook tarmog‘ida “Boboniyoz Ahmad” nomi ostida postlar yozib kelgan.

Bu postlardan ba’zilari sud hujjatlarida keltiriladi.

Jumladan, 2022-yil 29-oktabr kuni yozgan izohida u O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni "Putinga sotilganlik"da ayblaydi.

“Kutilganidek, Shavkatizmning taxti ketdi. Bu jarayon Putinning Tanzilaga orden berishi orqali boshlandi. Karimov o‘ldirilganida, Patrushevning vagnerchilari Toshkentda joylashib olgandi va agar Mirziyoyev taxtga o‘tkazilmaganida hamma yoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lishi bilan qo‘rqitilib, Rustam Azimovga yo‘l berilmadi. Lekin, 2016-yillarda Rustam Azimovning katta imkoniyatlari bor edi. Rustam Azimov o‘sha davrda, g‘arb bilan aloqalari yaxshiligi tufayli, uning prezident bo‘lishi O‘zbekistonning 100 foiz putin tassarrufiga o‘tmasligi aniq edi va g‘arb aloqalar yaxshilardi. O‘zbekiston mardikorlikdan ozod bo‘lar edi va o‘ziga to‘q yashardi”, deya Boboniyozovning postidan iqtibos keltiriladi sud hujjatlarida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi qarori.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi qarori.

2023-yil 13-yanvar kungi “O‘zbekiston hokimiyati bosqinchi tamsilchisi” deya sarlavhalangan postida esa u Shavkat Mirziyoyevni Rossiya rahbari Putinning Ukrainaga qarshi urushini dastaklashda ayblaydi.

“O‘zbek xalqi sovuqdan, is gazidan o‘lmoqda. Zavod va fabrikalar gaz va elektr yetishmasligidan to‘xtatildi. Insonlar maoshsiz ta’tilga jo‘natildi. SHM va uning klani putinizmning Ukrainaga qarshi urushini dastaklamoqda”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi qarori.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi qarori.

O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi sud ekspertiza markazi mazkur postda “prezidentni haqoratlash, obro‘sizlantirish bilan bog‘liq harakatlar mavjud”, deya xulosa bergan.

Sud hukmida aytilishicha, Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilgan ikki farzandning otasi Bunyodjon Boboniyozov uzoq yillar Rossiyaning Ufa shahrida yashagan.

Rossiyada ekan u 2007-yilda zo‘ravonlik va o‘g‘rilikda ayblanib uch yil qamoq jazosini o‘tagan.

Sud hujjatlarida Bunyodjon Boboniyozov O‘zbekistonda taqiqlangan “Erk” muxolifat partiyasining faol a’zosi bo‘lgani va u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan qidiruvda bo‘lgani ham aytiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi qarori.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi qarori.

Sud hukmidan ayon bo‘lishicha, Boboniyozov 2023-yilning aprelida hibsga olingan.

Lekin qidiruvga berilgan Boboniyozov Rossiyadan qachon va qay shaklda O‘zbekistonga kelgani haqida sud hujjatlarida aytilmagan.

Hukmda aytilishicha, u sudda o‘ziga qo‘yilgan aybga iqror bo‘lgan, "farzandlari borligini aytib suddan yengillik so‘ragan".

Ammo, Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi Boboniyozov advokatining bu haqdagi so‘rovini qondirmagan.

“Absurd ayblov”

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi raisi Muhammad Solih Bunyodjon Boboniyozov ismli shaxsni tanimasligini aytdi va unga qo‘yilgan aybni "absurd" deb atadi.

“Balki “Erk” partiyasiga xayrixohlardan bo‘lishi mumkin, lekin bizning ro‘yxatimizda bunday ism yo‘q. Lekin, u partiyamizga a’zomi yoki a’zo emasmi, buning hech ahamiyati yo‘q. Bu odamning aytayotgan gapi muhim va shuni muhokama qilishimiz mumkin. Agar Bunyodjon Boboniyozov haqiqatan ham Mirziyoyevni Putin bilan Ukraina masalasida hamkorlik qilayotganini aytgan bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan. Urush boshlanganidan beri o‘zining Putin tashqi siyosatiga hayrixohligini Mirziyoyev har xil shaklda ko‘rsatib turibdi. Men uning Ukrainadagi urush masalasida biron bir shaklda qarshi demarsh qilganini eslolmayman. Bu odamning yozganlarida konstitutsiyaga qarshi hech bir narsa ko‘rayotganim yo‘q. Unga 159 - modda qo‘yilishining o‘zi absurd. Zotan, absurd bo‘lmagan narsani bugungi hokimiyatdan kutishni o‘zi mumkin bo‘lmay qoldi", - deydi Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda.

"Erk" partiyasi rahbarining fikricha, O‘zbekiston Karimov davridagi repressiyalarga qaytmoqda.

"O‘tgan 2023-yilda qamalga blogerlarni sonini hisoblab chiqsak va ular nima uchun qamalganligini mulohaza qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston o‘sha Karimov davridagi stagnatsiya bosqichiga kiryapti. Ya’ni, siyosiy stagnatsiya. To‘g‘ri, boshlang‘ichda biz ham ozgina noumid shayton deganday ozgina umid qildik va Mirziyoyev rejimi haqida ba’zi ijobiy fikrlarni ham bildirgan edik. Lekin, avvalgi intuitiv xis bugun g‘olib keldi, ya’ni O‘zbekiston yana davlat terrori bosqichiga kiryapti deb qo‘rqaman”, - deydi Muhammal Solih.

Bir yilda 4 fuqaro tarmoqdagi izohi uchun qamaldi

Ozodlik so‘nggi bir yilda O‘zbekistonda kamida to‘rt fuqaroning ijtimoiy tarmoqlarda yozgan posti uchun JKning ayni moddasi bo‘yicha qamoq jazosiga mahkum etilganini aniqladi.

26-oktabr kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani sudi Dilshod Iskandarovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi, 3-qismi - "O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish"da aybdor deb topdi.

Ozodlikda nusxasi mavjud sud hukmidan ma’lum bo‘lishicha, Iskandarov shu yil o‘rtalarida Rossiyada bo‘lgan paytda Instagram ijtimoiy tarmog‘ida “President family” nomli videolavha ostida “avlodinggiga …SH.M.Mirziyoyev” (imlo o‘zgarishsiz berilmoqda - tahr.) degan izoh qoldirgan.

O‘tgan yil yanvar oyida esa farg‘onalik 27 yoshli O‘tkirbek Sobirov Farg‘onada gaz taqchilligidan norozi bo‘lib Telegramdagi “Qo‘qon metan gaz” nomli guruhda ovozli sharh qoldirgani uchun uch yilga qamalgan.

Ekspertiza Sobirovning ovozli matnida “prezidentni haqoratlash alomatlari” borligini aniqlagan.

“Sobirov 2022-yil 27-yanvar kuni tabiiy gaz va elektr tarmog‘idagi uzilishlar sababli davlatimizda yuritilayotgan siyosatdan norozi bo‘lib O‘zbekiston prezidentini hokimiyatdan chetlatish lozimligini aytib, qonuniy ravishda saylangan hokimiyat vakilini hokimiyatdan chetlatishga ochiqdan-ochiq da’vat qilib shu mazmundagi fikrlarini ovozli va matnli shaklda guruhga joylashtirib, “Qo‘qon metan gaz” nomli guruhga tarqatgan. Bundan tashqari guruh a’zolarini Qo‘qon shahridagi O‘rda majmuasi oldida yig‘ilib miting o‘tkazishga chaqirgan”, deyiladi sud hukmida.

Undan oldin Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 30 yoshli Ahrorbek Qo‘chqorov Telegramdagi ovozli posti uchun 4 yillik uy qamog‘iga mahkum qilingandi.

Sud hukmida Qo‘chqorov “Qo‘qon metan gaz” nomli guruhida “o‘zbek tilining o‘ta qo‘pol suzlashuvidagi so‘zlari yordamida prezidentni obro‘sizlantirib haqorat qilgan”i aytiladi.

Bundan oldin O‘zbekistonda turli nashrlar bosgan maqolalar ostida qoldirgan izohi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi posti uchun bloger va foydalanuvchilar IIB va DXXga chaqirilgani, ayrimlari jarimaga tortilgani haqida Ozodlik xabar bergan.

Media ekspertlarga ko‘ra, media huquqida "haqorat qonunlari ("Insult Laws") deb ataluvchi qonunchilikdan hukumatlar amalda fikr, ifoda, yumor uchun jazolash va so‘z erkinligini cheklash maqsadida foydalanish hollari ko‘plab uchraydi.

Xalqaro tashkilotlar u yoki bu davlatda matbuot erkinligi ahvolini o‘rganar ekan, asosiy e’tibor "haqorat qonunlarning turi va soniga qaratiladi.

Xalqaro matbuot instituti (International Press Institute) O‘zbekiston qonunchiligidagi bir qator moddalarni matbuot erkinligiga tahdid sifatida baholagan.

Bular Jinoyat kodeksining Tuhmat va haqorat uchun javobgarlikni nazarda tutadigan 139-140 hamda Davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish uchun javobgarlik belgilovchi 215-moddalari. Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 156-modda ham shular jumlasidan.

Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismiga asosan prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan esa Prezidentning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday harakatlar qonun bilan ta’qib qilinadi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining matbuot erkinligiga oid so‘nggi reytingida O‘zbekiston avvalgi yilga nisbatan 4 pog‘ona pastlab 137-o‘rinni egalladi.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat "murakkab" bo‘lib qolmoqda, OAV to‘g‘risidagi "repressiv" qonunlar amalda hamda "kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish" hukmron

XS
SM
MD
LG