Kommunistik partiya sentabrda Dumaga o‘tgan saylovlarda eng katta yutuqni qo‘lga kiritdi. Kreml bu partiyani jilovlab turish uchun qattiq urinadi, deb yozmoqda “Bloomberg” nashri.
Kommunizm sharpasi yana Rossiyani bezovta qilmoqdami? 1996 - yili post‑sovet prezidentlik saylovida kuchlar teng kelgani bois, ikkinchi tur saylovlar ham o‘tgan, o‘shanda Kommunist partiya jiddiy xatar bo‘lib ko‘ringan edi. Putin prezidentlikka kelgandan keyingi 20 yilda bu partiya muloyim muxolifat rolini o‘ynab keldi va Kremlga demokratik saylov o‘yinini o‘ynashiga yordam berdi. Ammo hozir kelajak ancha mavhum bo‘lib qoldi.
77 yoshli sobiq sovet mafkurachisi Gennadiy Zyuganov 1996 - yilda Boris Yelsin bilan muvaffaqiyatsiz bellashgan, ammo shundan keyin radikal avantyuralar qilmay o‘z vazifasini bajarib keldi. Biroq korrupsiya, ijtimoiy adolat, Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyga qilingan munosabat yuzasidan ancha dadil ovozlar ham yangray boshladi. Oxirgi ikki haftada elektron ovoz berishdagi qallobliklar haqida gapirishdi.
Norozilikni ifodalash yo‘llari deyarli yopilgan Rossiyada Kommunistik partiya qizil bayroq ko‘targan pensionerlardan boshqalarning ham e’tiborini tortdi. Partiya ajoyib tarzda yurish qildi va sentabrdagi Duma saylovlarida ovozlarning 19 foizini qo‘lga kiritdi. 2016 - yilda 13 foiz ovoz olgan edi. Navalniy tarafdorlari taktik ovoz berish kampaniyasini o‘tkazganini hisobga olganimizda ham bu katta ilgarilash sanaladi.
Saylov tizimining hukmron partiyaga qulay tuzilganiga qaramay, kommunistlar Davlat Dumasida qo‘shimcha yana 15 ta o‘rinni qo‘lga kiritib boshqa raqib bloklardan o‘zib ketdi.
Qizil va boshqalar
Uzoq vaqt murosasoz bo‘lib kelgan Kommunistik partiya ancha tashvish keltiradigan ko‘rinadi. E’tiborli voqealardan biri oxirgi ikki haftada partiyaning Moskvadagi saylovlarda yetakchiligini yo‘qqa chiqarish uchun elektron ovozlar o‘chirib yuborilganidan g‘azablangan partiya rasmiylari “adolatli saylovlar uchun” miting o‘tkazdi. Zyuganovning o‘zi bu mitingda qatnashmadi, u Putin va Dumadagi boshqa partiya liderlari bilan uchrashuvda edi.
Omma e’tibori uchun kurash
Kommunistlar 2020 - yil oxirlaridan yana ommaviylasha boshladi.
2018 - yilgi prezidentlik saylovida kommunist nomzod sifatida Putin bilan bellashgan magnat Pavel Grudinin o‘z fermasidagi ishchilarning hayoti va sovetlar xatolaridan o‘rganish haqida gapirgan edi. Saylovoldi nutqlaridan birida u Putin boshqaruvini Leonid Brejnev davridagi turg‘unlikka qiyoslagandi. U Kommunist partiya ro‘yxatida uchinchi o‘rinda turgan bo‘lsa ham, Kreml kutganidan ko‘ra yaxshiroq natija ko‘rsatgan edi. Ammo oxirgi saylovda uni, o‘zining aytishicha, unga tegishli bo‘lmagan xorijdagi mulklarni bahona qilib, saylovga nomzodini qo‘yishmagan.
Yana bir nomzod janubi‑g‘arbiy Rossiyadagi Saratovdan 36 yoshli Nikolay Bondarenko bo‘lib, uning “YouTube”da 1.6 milliondan ortiq obunachisi bor. U pensiyalarning oshirilishi yetarli bo‘lmaganini ko‘rsatish uchun bir oy 3500 rubl (50 dollar) ga yashab tajriba ham o‘tkazgan va natijalarini e’lon qilgan edi.
Shu yil boshlarida Bondarenkoni Navalniyni qo‘llab o‘tkazilgan namoyishda qatnashganlikda ayblab qo‘lga olishdi. U Duma spikeri Vyacheslav Volodin bilan saylovda bellashishi lozim edi, ammo uning nomzodini kamroq bahsli hududga o‘tkazib yuborishdi.
Na Bondarenko, na boshqa birortasi Putin bilan bellashish u yoqda tursin, Kommunist partiyaning o‘zini nazoratga ola biladigan qudratga ega emas. Hozircha, partiya Zyuganov rahbarligida Kreml bilan ahil yashamoqda.
Stalinizatsiyani ma’qullovchi murosasiz bu odam tizim ichida muxolifat sifatida qulay o‘rnashib olgan bo‘lib, ba’zida o‘z tarafdorlariga ma’qul kelish uchun ichki muammolarni gapirib qoladi, tashqi siyosat kabi bahsli sohalardan o‘zini chetga tortadi. Qarigani, obro‘si ketganiga qaramay, u partiya nazoratini qo‘ldan bermoqchi emas.
Ammo bu partiya hamon Kremlning bemalol bo‘lishiga xalal beradi. Kommunist partiya ichdan turfa xil, undagi ayrim guruhlar Kreml elektoratining bir qismini yeb ketishi mumkin. Shuningdek, bu partiyaning ijtimoiy va tarixiy ildizi uni “xorij ta’sirida” deb ayblashlariga imkon bermaydi. Kamiga Sovet Ittifoqini sog‘inuvchilar anchagina topiladigan mamlakatda kommunistlar osongina e’tirof qozonishi mumkin. Ularga qarshi keskin repressiya jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Londondagi Birlashgan xizmatlar instituti tadqiqotchisi Mark Galeottining aytishicha, bu partiya Rossiyada Kremlga bog‘liq bo‘lmagan yagona kuchli siyosiy mashinaga ega. Bu qudratdan foydalanadigan lider partiya tepasiga keladimi yoki yo‘q, aniq emas.
Kreml tavakkal qilishi ehtimoli past. Partiyaning dangalchi a’zolari ham Putin, ham Zyuganovning bosimiga uchraydi. Zyuganov lavozimini topshirishga qaror qilsa, Moskva imkoniyatdan foydalanib, partiyani sotsial‑demokratik jabhadan uzoqlashtirib, o‘ziga foydaliroq va murosasizroq qanotda ushlab turadigan odamni o‘tqazishga urinadi. Isyonchilar chekka hududlarga jo‘natiladi. Kremlning rejasi kamida shu. Ammo 2024 - yilgi prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, partiya reja bo‘yicha harakat qiladigan ko‘rinmayapti.