Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:28

Qamalib chiqqan sardobalik: haqqini talab qilganlarni qamataman, deb oshkora qo‘rqitish boshlandi


Sardoba toshqinida zarar ko‘rganlarga prezident va’da qilgan uy va pulni talab qilib, Toshkentga borgan sardobaliklar, noyabr, 2020
Sardoba toshqinida zarar ko‘rganlarga prezident va’da qilgan uy va pulni talab qilib, Toshkentga borgan sardobaliklar, noyabr, 2020

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yashaydigan 30 yashar Ixtiyor Ochilov o‘tgan yil may oyida suv ombor toshqinida zarar ko‘rganlarga prezident va’da qilgan yordam puli xasta onasiga hanuz berilmaganini aytmoqda.

Aytishicha, avvaliga o‘zi va keksa onasiga atalgan uyni ham, Toshkentga borib, Prezident qabulxonasi, Vazirlar Mahkamasi va Xalq qabulxonalariga 5 oy murojaat qilgachgina olgan va bu orada 7 sutka hibsga ham tashlangan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, I. Ochilov Sardoba toshqinida uyi va mulkini yo‘qotgan, so‘ngra haqqini talab qilish asnosida hibsga tashlangan 3 sirdaryolikdir. Mahalliy hokimiyat rasmiylari bu hibslar borasida Ozodlikka hozirgacha izoh bergani yo‘q.

Ozodlik bilan suhbatda Ixtiyor Ochilov, 2020 - yilning 1 - mayida Sardoba suv omboridagi texnogen falokat ortidan o‘zi va onasining uyiga o‘ta jiddiy shikast yetgani, mol-mulki oqib ketganini aytmoqda.

Uning aytishicha, jabrlanganlarga prezident va’da qilgan uy joy va yordam pulini olish uchun oylab turli davlat idoralariga qatnagan va bu asnoda hibsga ham tashlangan:

- Sardoba tuman IIBga chaqirib, mahalla kotibasi ustingizdan shikoyat qildi, haqorat qilibsiz, deb 7 sutkaga qamashdi. Uyga yoki birorta yordam beradigan tanishlarga murojaat qilishimga ham ruxsat berishmadi, telefonni olib qo‘yishdi. Sud qilib, darrov qamab yuborishdi, deydi Ochilov.

U, qariyb 5 oy yugurgach, yangi qurilgan "prezident uylari"dan o‘zi va onasiga uy berilgani, o‘zi 40 million so‘mlik sertifikatni ham olganini aytmoqda. Ammo, onasiga ajratilgan yordam puli hanuz berilmagan.

- Onamning "Do‘stlik" mahallasida uyi bor edi, kasal bo‘lgani uchun yangi uchastkamda men bilan yashardi. Onamga va’da qilingan 40 million so‘mlik sertifikat hali ham berilgani yo‘q. Hozir onam xasta, davolatishga pul yetkazolmayapmiz. O‘zingiz tasavvur qiling, hamma hovlisida dehqonchilik qilib, daromad qilardi. Dehqonchiliklar, mol qo‘ylarni hammasini suv oqizib ketdi, hech kimda daromad yo‘q. Menga shu pul onamni davolatishim uchun juda zarur, lekin haliyam berilgani yo‘q, - dedi Ochilov.

Aytishicha, hibsga tashlangan birgina o‘zi emas va shikoyatchilarni qamayotgan mahalliy hokimiyat shu yo‘l bilan aholini qo‘rqitmoqda:

- Qamalgan bitta men emas. Hozir tinmasdan haqqini talab qilib yurganlarni shu yo‘l bilan qo‘rqitishga o‘tib olishdi. Tuman hokimiyati "byudjetda pul tugadi!" deb telefonni qo‘yib qo‘yapti. Xalq qo‘rqyapti. Vazirlar mahkamasiga borsak, kirgizmasa! Prezidentga borsak, kirgizmasa! Qamab qo‘ysa! Xalq qo‘rqib qolgan, hamma yoriq tushgan uyida qo‘rqib o‘tiribdi endi, - deydi Ochilov.

Quyida Ixtiyor Ochilov bilan suhbatni tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:13 0:00
Бевосита линк

Sirdaryolik faollar dekabrdan buyon viloyatda uy-joy talab qilganlar yoki o‘zlariga atalgan uylarni mahalliy amaldorlar o‘zlashtirganini da’vo qilganlarni hibsga olish bilan qo‘rqitish amaliyoti kuzatilayotganini qayd etmoqda.

Jumladan, sirdarlik huquq faoli va bloger Xayrullo Qilichevga ko‘ra, uy-joy talab qilib, mahalliy va respublika tashkilotlariga qatnab yurganlardan kamida 2 nafari hisga tashlangan.

Biri Sardoba tumanida yashaydigan ayol bo‘lib, u 3 sutkaga hibs qilingan. (Ozodlikda bu ayol shaxsiga oid ma’lumotlar bor, hozircha oshkor qilinmayotir - tahr.)

Yana biri Sardoba suv ombori falokatida zarar ko‘rgan va 7 sutkaga hibs qilingan 34 yashar oqoltinlik Murodjon Mamarayimovdir. 14 - yanvar kuni Ozodlik bu oqoltinlik haqida xabar bergan edi.

Mamarayimov hibsga olinishidan biroz avval, uning jabrlanganlarga atalgan uy-joylar mahalliy amaldorlar tomonidan o‘zlashtirib yuborilganiga oid faktlarga ega ekani haqidagi videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Qilichev vaziyatning bu darajaga kelishiga sabab, korrupsiya iddaolarida asos borligi va muhimi buni jabrdiydalar ko‘rib-bilib turganida, deb hisoblaydi.

Ozodlik bilan suhbatda Qilichev, eng boshida ba’zilarga asossiz, ba’zilarga tanish-bilishchilik, korrupsiya yo‘li bilan uy va pul tarqatish holatlari kuzatildi, shu bois yordam puli yoki uy-joyni to‘liq ololmaganlar shikoyatidan qaytmayotir, deb ta’kidladi.

Natijada shikoyatidan qaytmaganlarni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning "mayda bezorilik" yoki "hokimiyat vakiliga bo‘ysunmaslik" aybi ko‘zda tutilgan moddalari bilan ayblab, 3 sutkadan 7 sutkagcha muddatga hibs qilish amaliyoti boshlandi.

Xayrullo Qilichev, Sirdaryo viloyati hokimligiga shu kunga qadar zarari qoplanganlar soniga oid rasmiy ma’lumot so‘rab, murojaat qilgani va shu kunda javob kutayotganini aytdi.

Uylari vayron bo‘lgan o‘nlab sardobalik, hukumat ajratgan 40 million so‘mlik yordam puli va yangi uy berilmagani da’vosi bilan bunga qadar Toshkentga 6 marta yurish qilgandi.

Joriy yilning 1 - may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen falokat oqibatida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi minglab aholi uylarini suv yuvib ketib, boshpanasiz qolgan edi.​

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jami 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

28 - dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida "Sardoba ishi" bo‘yicha 17 kishi ustidan yopiq mahkama jarayoni boshlangan.

Ayblov xulosasida o‘tgan yil 1 - may kuni Sardoba suv omborida yuz bergan fojia doirasida jami 45 milliard so‘mlik (taqriban 4 million 280 ming AQSh dollari-tahr.) zarar aniqlangani va buning bir qismi undirilgani aytilgan.

XS
SM
MD
LG