Onaning ko‘nglidagi ulkan gumon
Farg‘onalik Nigora Qambarova yarim yil oldin qamalgan 21 yashar o‘g‘li Muhammadqodir Po‘latovning jasadini qabul qilib olganidan beri o‘ziga kelolmayapti. Oxirgi marta uni sog‘lom holda ko‘rganiga bor-yo‘g‘i 20 kun bo‘lgandi:
"24-yanvarda uzoq muddatli uchrashuvga borgandim. Uch kecha, to‘rt kunduz, ya’ni-27 yanvargacha birga bo‘ldik. Sog‘ligidan shikoyat qilmagandi. Bitta xonada bo‘lganmiz. Yotoqxonaga o‘xshash joy, tashqariga chiqishga ruxsat berilmaydi. Bolam boshi og‘risa ham, tishi og‘risa ham menga aytardi. Hech kimga aytmasa ham, menga aytardi. Hayrlashayotganimizda ham sog‘lom edi", - dedi Qambarova Ozodlik bilan suhbatda.
MMA jangchisi sifatida tanilgan Muhammadqodir o‘tgan yili yozda qamalib, bezorilik uchun 3 yilga sudlangan. Jazo muddatini dekabrdan beri Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi 14-sonli koloniyada o‘tayotgandi.
Muhammadqodirning oila a’zolari bilan keyingi qisqa muddatli uchrashuvi 24-martga belgilangan edi. Lekin 15-fevral kuni koloniyada u vafot etgani haqida “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Feysbukda ma’lum qildi.
Marhumning onasi aytishicha, qamoqxona ma’muriyati o‘g‘lining o‘limi haqida vaqtida xabar bergan emas.
“Juma kuni, 14-fevralda ertalab uyg‘onganda qusib yuboribdi. Shifokor chaqirishganmi, nima qilishgan, menga qorong‘i. Olmaliqning qaysi bir shifoxonasiga olib borishibdi. Menga "kechasi soat 2 da o‘tib qoldi" deyishdi. Qog‘ozga esa soat 12 da o‘tgan deb yozishibdi. Lekin bizga vaqtida xabar berishmagan. 15-fevralda ertalabki namozni o‘qiyotganimda telefon bo‘ldi. Katta qizim qo‘ng‘iroqqa javob berdi. Qo‘ng‘iroq qilganlar qizimdan kimligini, turmushga chiqqan-chiqmaganini so‘rab, keyin "ukangiz Po‘latov Muhammadqodir olamdan o‘tdi" deyishibdi. Aytishlaricha, o‘g‘lim o‘limi oldidan ularga "ota-onamga emas, opamga xabar qilinglar, ota-onamning qon bosimi bor" degan ekan. Bu gapni ularga kasalxonada aytganmi, qamoqxonada aytganmi, bir xudoga ayon”, - dedi ona.
Koloniya ma’muriyati ta’kidicha, mahkum Muhammadqodir Po‘latov 14-fevral kuni miokard infarkti va pankreatitning og‘ir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etgan. Mahkumning onasi esa farzandining badanida qiynoq alomatlari mavjudligi, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar borligini iddao qilyapti:
"Hamma joyini tikib tashlashibdi. Qaysi organlariga tegishdi, nimalar qilishdi, bilmayman. Boshini tikishibdi, qornini ochib, yana tikishibdi. O‘g‘limning yuragining pastida chap tomonida elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar turibdi. Sababi, men ham 26 yildan beri tibbiyot sohasida ishlayman. Qulog‘ining ostida esa panjaning izi turibdi. Choklanib, tikilibdi u yeri ham".
Olmaliqdagi 14-sonli koloniya O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamentiga qarashli. Hozircha vazirlik holat yuzasidan munosabat bildirmadi.
Bosh prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlari Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan olib borilayotganini 18-fevralda ma’lum qildi. Rasmiy bayonotda Muxammadqodir Po‘latov Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida vafot etanligi yozilgan.
"Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan holat yuzasidan tushuntirishlar olingan va o‘lim sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, yurak ishemik kasalligini o‘tkir shakli, yurak mushaklarida qon ketishi “miokard infarkti”dan vafot etganligi ko‘rsatilgan", - deb yozilgan Bosh prokuraturaning bayonotida.
Huquqbon Abdurahmon Tashanov marhumning yaqinlarining ko‘nglida ulkan gumon qolganini Feysbukka yozdi:
“Qo‘limizda ekspertiza hujjatlari bo‘lmagani bois mahkumning qiynoqdan o‘lim topganiga dalolat qila olmaymiz. Ammo koloniya ma’muriyatining jasadni yorib, so‘ng yaqinlariga topshirgunicha bo‘lgan jarayonda ularga xabar bermaganligi mudhish xatodir. Chunki onaning ko‘nglida ulkan gumon qoldi, 20 kun avval soppa-sog‘ ko‘rgan norg‘ul bolasining o‘ligini dabdurustdan qo‘liga tutqazishsa, onaning ahvolini tasavvur qilavering!” .
Muhammadqodir Po‘latov o‘tgan yili avgustda Farg‘onadagi do‘konlardan birining egasi bilan bo‘lgan janjaldan keyin qamalgan.
Uning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili - ombudsman nazoratiga olinib, holatga doir ma’lumotlar o‘rganilmoqda. Marhumning yaqinlari ishni adolatli surishtirishni talab qilyapti.
"O‘g‘lim qanday vaziyatda o‘lganini aniqlab berishsin. Adolat yuzaga chiqsin. U mening yolg‘iz o‘g‘lim edi. Kelin olish harakatida edik. Mening o‘g‘limni endi hech kim tiriltirib, bag‘rimga olib kelib bermaydi. Lekin boshqa onalar men tortgan dardni tortmasin, men ko‘rgan jabrni ko‘rmasin. Hibsxonadagi odamlar bunday qiynoqlarni ko‘rmasinlar!" - deya so‘zini yakunladi Nigora Qambarova.
Qamoqdagi yana bir o'lim
Bu mudhish voqea ortidan yana bir mahkumning vafoti haqida ma’lum qilindi. Bosh prokuratura 18-fevralda tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, xalq orasida “Tovoqsoy qamoqxonasi” deb ataladigan 7-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkum devor bosib qolishi oqibatida vafot etgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati qaydicha, 11-fevral kuni Toshkent viloyati hududida joylashgan 7-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tagan mahkum Mustafa Tursinbayev bir qavatli bino devorlarini buzayotgan vaqtda devor qismi qulagan. Oqibatda mahkum devor ostida qolgan.
1983-yilda tug‘ilgan mahkum darhol shifoxonaga yetkazilgan, ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay 16-fevral kuni shifoxonada olamdan o‘tgan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Toshkent maxsus prokuraturasi tergov olib borayotgani bildirilgan. Ombudsman bu holatni ham nazoratga olgan.
18-fevral kuni Turkman Xelsinki fondi qamoqda vafot etgan mahkum qoraqalpoq faoli, YouTube'dagi "Nukus Onlayn" kanali muallifi, bloger Mustafa Tursinbayev ekanini ma’lum qildi.
Tursinbayev 2023-yilda bloger Salamat Seyitmuratov bilan birga qamalgan. O‘tgan yili sud ikkala blogerni ham “tovlamachilik”da aybdor deb topib, besh yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Tursinbayev o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan. Huquq faollari va diaspora vakillari uni siyosiy sabablarga ko‘ra qamalgan deb hisoblashadi.
2024-yil iyun oyida Toshkent viloyati Bekobod shahri IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etgani ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Rasmiylarga ko‘ra, fuqaro ichki ishlar idorasiga kirish yo‘lagida sog‘lig‘i yomonlashgani oqibatida vafot etgan. Faollar esa erkakning o‘limiga IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani sabab bo‘lganini bildirishgan.
Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining 2024-yildagi hisobotida "O‘zbekiston qamoqxonalarida jinoyatchilikda gumonlangan shaxslarga nisbatan qiynoqlar hali ham keng ko‘lamda qo‘llanilayotgani, bu ishni amalga oshirgan mas’ullar esa jazosiz qolayotgani" ta’kidlangan.
AQSH davlat departamentining o‘tgan yilgi hisobotida ham O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli yaxshilanmagani, ya’ni o‘zgarmagani ta’kidlangan. Hisobotida qiynoqlar va kuch ishlatar idoralar xodimlari tomonidan qo‘llangan noqonuniy munosabat hamda tahqirlarga alohida e’tibor qaratilgan.