Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:31

Qarshida aholi noroziligidan so‘ng ham o‘nlab odam viloyat hokimi qabuliga kirolmadi (VIDEO)


Qashqadaryo viloyat Xalq qabulxonasi.
Qashqadaryo viloyat Xalq qabulxonasi.

Qashqadaryo viloyat hokimi Zoir Mirzayevning qabuliga kelgan 100 yaqin odam hokimning shaxsan o‘zi qabul qilmagach, g‘alayon ko‘tardi.

Asosan ayollardan iborat bo‘lgan shikoyatchilar norozilik sifatida Xalq qabulxonasi oldidagi avtomobil yo‘lini to‘sishga harakat qildi.

Shundan so‘ng ichkariga kiritilgan shikoyatchilarni hokimlik vakillari qabul qilmoqchi bo‘ldi, ammo odamlar faqat hokimning o‘zi qabul qilishini talab qildi.

Odamlarning noroziligi kuchayishi ortidan Zoyir Mirzayev ikki soat kechikib, soat 12 da fuqarolarni qabul qildi.

Har oyning so‘nggi jumasi viloyat hokimining qabul kuni

Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasi oldiga yig‘ilgan o‘nlab odam 29 - yanvar kuni ertalabdan, tartibda belgilanganidek, viloyat hokimi Zoir Mirzayevning shaxsan o‘zi qabul qilishini talab qildi.

Effect.uz saytining Youtubega qo‘ygan videosida odamlarning qabul kuni bo‘lishiga qaramasdan, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev kelmaganidan noroziligi aks etgan.

“Hokimning qabul kuni bo‘ladi, keling, deb chaqirishdi. Mana, soat 12, 1 bo‘ldi, hokim qabul qilmadi. Bolaliklar deysizmi, ikkiqatlar, nogironlar deysizmi, hammasi kelib o‘tiribdi. Xalqni odam demaydi, bu Zoir Mirzayev. Qachongacha Qashqadaryo xalqi qiynaladi. Prezidentimiz ozmuncha gapirib ketdilarmi?”

“Uchta nogiron farzandim bor, kelib, kutib o‘tiribman shu yerda”.

“Bir yildan beri shu ahvol, uy ololmaymiz, mahalladan ish qilolmaymiz", deydi videoda ayollar.

So‘ngra hokim kelmaganidan sabr kosasi to‘lgan odamlar avtomobil yo‘lini to‘sa boshlaydi. Mashinalar to‘xtovsiz signal chaladi. Voqeaga ichki ishlar organi xodimlari aralashib, odamlarning qo‘lidan sudrab, yo‘lni ochadi.

Xalq qabulxonasi mulozimlari keyin odamlarni ichkariga taklif qiladi. U yerda ham odamlar faqat viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning shaxsan o‘zi qabul qilishini talab qiladi:

“Qarang xalq havasaki, o‘ynagani kelgani yo‘q. Iltimos, hokimga telefon qiling, qani keladimi yoki kelmaydimi?”

“Meni temir daftardan chiqarish uchun parnik qurib bergan. Qayerdan to‘layman men parnikni pulini? Bank har kuni telefon qilib qamayman, deydi.”

Boshqa odamlar o‘z muammolarini to‘xtamay ayta boshlaydi. Ikki nafar mulozim nima qilishini bilmay hayron turadi. Ulardan biri tinmay gapirayotgan odamlarga qo‘lini paxsa qilib, tamom qabul bo‘lmaydi, deydi.

Odamlar esa shikoyatini aytishda davom etaveradi:

“Biz yillab chopib yuribmiz, uy bermaydi. Pulimiz bor, lekin kambag‘allarga emas, moshinasi bor gala boylarga uy beradi. Chaqiring, chaqiring hokimni! Biz yemaymiz hokimni, faqat dardimizni aytamiz!”

Mulozimlar, “biz sizlarning muammolaring hal qilgani kelganmiz”, deyishi bilan odamlar yana baqira boshladi, “iltimos hokim bilan qabul qilinglar!”

Videoning keyingi lavhasida Zoyir Mirzayevni kutishdan charchagan ayollar viloyat hokimligiga borishni taklif qiladi, ammo unga hech kim ergashmaydi:

“Nima uchun bizning bolalar sovuqda svetsiz, gazsiz o‘tirishi kerak, bularning bolalari esa charog‘on issiq uyda o‘tirishi kerak? Bu hokim kim uchun, shu binoga hokimmi, mana bu archalarga hokimmi?

Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasi
Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasi

Hokim uch soat qabul qilib ketdi, o‘nlab odam qabulga kirolmay qoldi

Voqea guvohlarining aytishlaricha, 29 - yanvar soat 12.30da viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yetib kelib fuqarolarni qabul qilishni boshlagan, lekin uch soatdan so‘ng, qabulni o‘rinbosarlariga topshirib, chiqib ketgan.

Ozodlikka yuborilgan videoda Zoyir Mirzayev organ va Milliy Gvardiya xodimlari qurshovida binodan chiqib ketayotgani, odamlar unga qarab talpinayotgani ko‘rinadi.

Қашқадарё вилояти ҳокими Зойир Мирзаев ҳамма шикоятчиларни ҳам қабул қилмасдан чиқиб кетаётган пайти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:31 0:00

Odamlar yillab hal bo‘lmagan muammosi yuzasidan hokim bilan uchrashmoqchi edi

Qarshi shahar Qarliq bo‘g‘ot MFYda yashaydigan Nilufar Nazarovaning aytishicha, uning to‘rt farzandidan ikki nafari birinchi guruh nogironi, ammo kambag‘allar uchun qurilgan arzon uylardan ololmayotganidan shikoyat qilib viloyat hokimi qabuliga kirmoqchi bo‘lgan:

“Fotima va Zuhra qizimga noto‘g‘ri privivka qilishganidan keyin nogiron bo‘lib qolgan. Imkoniyati cheklanganlar uchun qanchadan-qancha ijtimoiy uylar ajratildi. Bizlarga shunday uylardan bermayapti, uyi borlar, boylar olib yotibdi. 2015 - yildan beri arz qilmagan joyim qolmadi. Bugun viloyat hokimi qabuli kuni deb borgan edim, kelmadi. Ayollar to‘polon qilib ko‘chani to‘sganidan keyin keldi, lekin 10-15ta odamni qabul qilib ketvordi. Mening muammom yana men bilan qoldi”.

Qarshi tumani, Saroy MFYda yashaydigan Shahnoza Aliyeva ham 29 - yanvar kuni viloyat hokimi qabuliga kira olmagan:

“Yer masalasida shu paytgacha bormagan joyim qolmadi. Xalq qabulxonasiga borsam juma kuni hokim o‘zi qabul qiladi, keling dedi. Lekin hokim kech keldi. Odamlar yo‘lni yarim soat to‘sib qo‘yishganidan keyin keldi, qirqta ham odamni qabul qilmay yana ketdi. Bizning dardimizni hech kim tinglamayapti”.

"Yo‘lni to‘sishganidan xabarim yo‘q"

Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasi mudiri Faxriddin Jumayev Ozodlik bilan suhbatda viloyat hokimi qabuliga kelgan shikoyatchilar navbat saqlamay tartibni buzganini iddao qildi:

- Hech qanaqa to‘polon bo‘lgani yo‘q, odamlar chiqib o‘zlari videoga tushibdi, hech qanaqa ortiqcha gap bo‘lgani yo‘q. Tasdiqlangan grafik bo‘yicha qabul 10 dan boshlanadi. Viloyat hokimi bilan birga qabul qildik. Hokim soat 12.00da kelib qabulni boshladi, ungacha muovinlari kelib qabul qilayotgan edi. Yo‘lni to‘sishganidan xabarim yo‘q, chunki xonadan chiqolganim yo‘q. Hokim soat 15gacha qabul qildi, qolganiga sayyor qabullar bor. Albatta, har bir odamning muammosi tinglanadi, imkon boricha amaliy yordam beriladi. Lekin yana bir qatlam odamlar borki, qabul jarayoniga kelib ana shunday to‘polonlarni chiqaradi-da, o‘zlari ketib qolaveradi. Odamlar ham sal madaniyatga o‘rgansin, navbat, tartib degan gaplar ham bor-da.

29 - yanvar kuni kechga borib, Qashqadaryo viloyati hokimligining bu voqeaga munosabati ham mahalliy nashrlarda e’lon qilindi:

“Ijtimoiy tarmoqlarda “Qarshida ko‘plab odamlar bosh ko‘tardi. Ularga hokim kerak” nomi ostida video tarqatilgan. Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Viloyat hokimligining tegishli rejasiga ko‘ra, Zoyir Mirzayev qabuli har oyning oxirgi juma kuni soat 10:00dan 13:00gacha etib belgilangan. Shuningdek, doimiy ravishda tuman va shahar markazlari hamda chegara qishloqlarda sayyor qabullar ham o‘tkazilishi belgilangan. Misol uchun, yaqinda Koson tumani markazida, o‘tgan hafta esa Qamashi tumanining chegara qishloqlarida qabullar tashkil etildi. Rejaga ko‘ra, bugun ham viloyat hokimi qabuli bo‘lib o‘tdi. Videoda aks etgan holat aslida tashqarida qabulga kirishga navbatsiz va karantin qoidalariga amal qilmagan holda kirishga uringan fuqarolar o‘rtasida kelib chiqqan. Videomurojaat bilan chiqqan fuqarolar ham navbati bilan qabulga kirishgan”.

Huquq faollari marhum prezident Islom Karimov davrida aholi shikoyatlari hokimiyat idoralari tomonidan javobsiz qoldirib kelinganini shikoyat qilishgan. Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, prezident virtual qabulxonasi- portal va xalq qabulxonalari tashkil etilgan. Prezidentning o‘zi hukumat majlislarida barcha bo‘g‘indagi rahbarlarni "tepadan pastga tushib", xalq bilan muloqot qilishga undab keladi. Ammo bu kabi muloqotlar hamma vaqt ham samarali bo‘lmayotgani o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlar va Ozodlikka yo‘llayotgan shikoyatlaridan ma’lum.

Masalaning boshqa bir jihati - mamlakatdagi boshqaruv usuli va joylarda izdan chiqqan ijtimoiy infrutuzilma. Xususan, bu yilgi energetika inqirozi mahalliy hokimliklarning ayrim muammolar qarshisida ojiz qolayotganini ko‘rsatgan. 19 - yanvar kuni Xorazmning Urganch tumanida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan shikoyat qilib chiqqan aholi bilan muloqotda viloyat hokimi Farhod Ermanov gaz muammosini hal qilolmasligini tan olgan.

XS
SM
MD
LG