Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:33

Qashqadaryoda prezident uchun asralgan 500 gektar maydondagi paxta nobud bo‘lish arafasida(VIDEO)


Koson tumanidagi "Shodi Saidov" fermer xo‘jaligining ko‘rsatish uchun sentabr oyidan buyon terdirilmagan paxtazori - 13 - noyabr, 2020 yil
Koson tumanidagi "Shodi Saidov" fermer xo‘jaligining ko‘rsatish uchun sentabr oyidan buyon terdirilmagan paxtazori - 13 - noyabr, 2020 yil

Qashqadaryo viloyati Koson tumani Qarshi-Buxoro magistral yo‘li yoqasidagi paxta sentabr oyidan buyon hokimlik tomonidan terdirilmadi.

Fermerlarning aytishlaricha, viloyat hokimi prezident Mirziyoyevning Koson tumaniga tashrifi ehtimoli borligi sabab, uning "ko‘zini quvontirish uchun" paxtani termay turish haqida farmoyish bergan.

Orada bir marta yoqqan qor va ikki marta yoqqan yomg‘ir oqibatida paxtaning sifati pasayib, to‘kilib ketmoqda.

Fermerlarga ko‘ra, viloyat hokimi paxtani klasterga 1 - sinfga qabul qildirish va shunga yarasha haq to‘lashga va’da bergan.

Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev bunday holat bo‘lganini inkor qildi.

Viloyat hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Қашқадарёда президентга кўрсатиш учун тердирилмаган 500 гектар пахта ёмғир тагида қолиб тўкилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-13 - noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Koson tumanidagi fermerlarning aytishlaricha, ularning sentabr oyidayoq yetilib bo‘lgan paxtasi shu kungacha "prezidentga ko‘rsatib maqtanish" maqsadida terdirilmagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan kosonlik fermerning aytishicha, u paxtaga uch marta odam solgan, lekin har safar terimchilar quvib chiqarilgan:

Prezident paxtasi terilgan dalani ko‘rib xafa bo‘ladimi yoki xursand?

“Tuman hokimi muhtaram prezidentimiz keladi deb, elga ruxsat bermadi. Uch-to‘rt marta odam soldim, hudud rahbari, hokimlik vakillari kelib haydab chiqardi. Bu paytgacha biz paxtani terib, shartnomani ham bajarib bo‘lardik. Hozirgacha bir tonna ham topshirganim yo‘q. Prezident paxtasi terilgan dalani ko‘rib xafa bo‘ladimi yoki xursand? Fermerlarni qaqshatadigan bunaqa ko‘zbo‘yamachilikning kimga keragi bor? Mana kecha yana yomg‘ir yog‘di, paxtamni ko‘rib yuragim ezilib ketyapti, axir qancha mehnat qildik uni yetishtirish uchun...”

Hokimlik ta’qibidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan kosonlik boshqa fermerga Ozodlik qo‘ng‘iroq qilganida, u dalasida ekanligini aytdi:

Bir teatr tomoshasi uchun fermerlar o‘nlab million so‘m zarar ko‘ryapti.

“Mana aka, dalamning o‘rtasida turibman. Paxta uvol bo‘ldi, paxta rasvo bo‘ldi. Nahotki bitta odamga yaxshi ko‘rinish uchun qariyb o‘nta fermerni qaqshatish shart bo‘lsa, bu fermerning ortida qancha ishchisi, ishchisining orqasida qancha qorako‘zi bor. Endi paxtamni birinchi sortga kim ham olardi. Viloyat hokimi va’da bergani bilan klaster olmaydi. Kreditni yopa olamizmi, yo‘qmi, fermerlarning boshi qotib qolgan. Bir teatr tomoshasi uchun fermerlar o‘nlab million so‘m zarar ko‘ryapti, sifatli paxta sifatsizga aylanib qoldi. Mana o‘sha yo‘l, bizdan boshlab to Qoraqumgacha, Muborak territoriyasigacha bo‘lgan paxta shunday turibdi”.

Fermer Ozodlik iltimosiga ko‘ra, sentabrdan beri yo‘l yoqasida terilmay yotgan fermerlar paxtasini videoga olib berdi.

Ko‘zbo‘yamachilikdan fermerlar yuz million so‘mlab zarar ko‘radi

Fermerning aytishicha, 13 - noyabr kuni prezident Koson tumaniga kelmaydigan bo‘lganidan so‘ng, paxta terimiga ruxsat berilgan:

Agar 100 tonna paxtamni eson omon terib olsam, past sortga olsa 100 million so‘m zarar ko‘raman ekan.

“Kecha yomg‘ir yog‘di, prezident kelmaydigan bo‘lganidan so‘ng, bitta fermer paxta terish mashinasini olib kelib dalaga kiritgan edi, loyga botib qoldi. Loydan chiqaman deb uringanda ag‘darilib, setkalari sinib ketdi. Hozir kran olib kelib, chiqarib olishmoqchi bo‘lishyapti. Yerga kirsangiz,loyga botib qolasiz. Endi yer qachon quriydi-yu, qachon teramiz, yaxshi qurimagan paxtani hech kim hayotda birinchi yoki ikkinchi sortga olmaydi. Uchinchi va to‘rtinchi sortlarning narxi esa 800-1000 so‘m arzon. Agar 100 tonna paxtamni eson omon terib olsam, past sortga olsa 100 million so‘m zarar ko‘raman ekan. Ko‘ramiz, tuman, viloyat hokimi klasterga birinchi sortga oldira olarmikin yoki yo‘q?”.

Ozodlik aniqlagan “Xolmirzo Umid”, “Doniyor Yo‘ldoshev”, “Shodi Saidov” fermer xo‘jaliklarining ham yuzlab gektar yerdagi paxtasi sentabr oyidan buyon terdirilmagan.

Ozodlik bu holatga munosabat olish uchun Koson tumani hokimi Arol Boyqarayev bilan bog‘landi. Hokim paxta terilmasdan prezidentga ko‘rsatish uchun olib qo‘yilganini inkor etdi:

“Yolg‘on gap bu, yolg‘on. Hech narsa bo‘lgani yo‘q!”

Ozodlik muxbiri ushbu holat aks etgan, bugun olingan videotasvirlar borligini aytganidan so‘ng, hokim aloqani uzib qo‘ydi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi mulozimi hamma prezident ishtirok etayotgan majlisda bo‘lgani sabab hech kim bilan bog‘lanish mumkin emasligini aytdi.

O‘zbekistonda ko‘zbo‘yamachilik tarixi

Prezident va Bosh vazirga "terilmagan paxta hali ko‘p" qabilida ko‘zbo‘yamachilik qilish marhum prezident Islom Karimov davridan buyon O‘zbekistonda an’anaga aylangan.

Shavkat Mirziyoyevning o‘zi 2015 - yilda Bosh vazir bo‘lib ishlagan davrda uning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyati Qo‘shtepa tumanidagi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng, o‘z chiqishlarida bir necha bor ko‘zbo‘yamachilik holatlarini tanqid qili.

“Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling”, degan edi prezident 2018 - yil 13 - aprel kuni Sayxunobod tumanida qilgan chiqishida.

Ammo bu tanqidlarga qaramay, prezident boradigan hududlar yo‘llarini shosha-pisha asfalt qilish, tomlarni bo‘yash, byudjet xodimi ishchilarini ko‘cha tozalashga chiqarish, xo‘jako‘rsinga parnikxonalar qurish, yetilgan paxtani terdirmay terish kabi o‘nlab ko‘zbo‘yamachilik holatlari haqida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tumanlarga borganda qiyg‘os ochilgan paxtazorda tushgan rasmlari mahalliy nashrlarda e’lon qilingach, izoh qoldirganlarning aksari bunday paxtazorlar prezident kelib-ketguncha terilmay turishi haqida fikr bildirgan.

Ozodlikning Instagram sahifasida Mirziyoyevning paxtazor o‘rtasida tushgan suratiga shunday sharhlar qoldirilgan:

"Bir vaqtlar, 2007 - yilda bizning tumanga Karimov keladi deganda, kollejlardan bollarni opchiqib, terilgan paxtazor chanoqlariga paxta ekib chiqqanimiz esimda".

"Manam TVda ko‘rib, prezident kelishiga xo‘jako‘rsin qip qo‘yishibdimi degandim. Hamma joyda paxta terib bo‘lindiku".

"Ustoz-shogird an’anasi davom etadi!"

XS
SM
MD
LG