Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:50

Qashshoqlik va qatag‘ondan qochib. Turkmanistonlik yuzlab etnik qozoq tarixiy vataniga ko‘chib keldi (VIDEO)


Turkmanistondan ko‘chib kelayotgan qozoqlarni kutib olish, 2021 - yil 13 - may.
Turkmanistondan ko‘chib kelayotgan qozoqlarni kutib olish, 2021 - yil 13 - may.

Joriy oyda 250 dan ortiq etnik qozoq Turkmanistondan Qozog‘istonga ko‘chib keldi.

13 - may kuni kechqurun Janao‘zen temiryo‘l stansiyasida Turkmanistondan kelgan qozoqlarni ulardan oldin ko‘chib kelgan qarindoshlari kutib oldi.

“Men o‘z vatanimga bir umrga qaytib kelganim va bolalarim bilan uchrashganimdan juda xursandman”, – deydi Zeynesh ismli keksa ayol.

Uni chegaraning narigi tomonida qarindoshlari va do‘stlari kuzatib qo‘ygan.

Yaqinda qozoq zaminidan qo‘nim topgan yana bir turkmanistonlik Ajargulning hikoya qilishicha, ko‘chish qarori oson bo‘lmagan. U Qozog‘istonda yangi hayot boshlayotganidan mamnun ekani, ammo ko‘plab qarindoshlari Turkmanistonni tark eta olmaganidan afsusda ekanini aytadi.

“Ular qolishdi. Xo‘sh, men ko‘chib kelib to‘g‘ri qildimmikan, deb o‘ylab qolaman. Lekin, ochig‘i, men bu kunni bir yildan ko‘proq kutdim”, – deydi u.

2020 - yilga qadar immigratsiya hujjatlari har ikki mamlakat tomonidan ma’qullangan 400 dan ortiq etnik qozoq Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishi kerak edi. Ammo ularning ko‘chishi koronavirus pandemiyasi sabab kechikdi.

Nihoyat 200 kishidan iborat birinchi guruh joriy yil fevralda Qozog‘istonga yetib bordi. Ikkinchi guruh esa 13 - may kuni poyezdda safarga otlandi.

So‘nggi guruhdan o‘rin olganlar Qozog‘istonga ko‘chib kelishga Turkmanistondagi qashshoqlik, ish haqi pastligi va erkinliklar yo‘qligi turtki bo‘lganini ma’lum qilishdi. Ammo ularning aytishicha, bu borada asosiy omil Qozog‘istonga oldinroq ko‘chib ketgan oila a’zolari bilan birlashish istagi bo‘ldi.

Ajargul Qozog‘istonning neftga boy Mang‘istau viloyati Janao‘zen shahrida qolishni rejalashtirayotganini aytdi. Chunki uning qarindoshlari bir necha yildan beri Kaspiy dengizi bo‘yidagi ushbu shaharda yashab keladi.

Qozog‘iston rahbariyati tarixiy vataniga ko‘chib kelgan etnik qozoqlarga fuqarolik beradi. O‘tgan asrning 90-yillaridan beri Qozog‘istonga O‘zbekiston, Xitoy va boshqa qo‘shni davlatlardan taxminan 1 million etnik qozoq ko‘chib kelgan.

So‘nggi manzil – Mang‘istau

Turkmanistondan ko‘chib kelgan ko‘plab etnik qozoqlar ishsizlik darajasi yuqori bo‘lishiga qaramasdan, aynan Mang‘istau viloyatida yashashni ma’qul ko‘rmoqda.

“Boshqa viloyatlarga borishni istamaydilar, chunki ularning Mang‘istauda allaqachon o‘rnashgan, yer sotib olgan va uy qurgan ko‘plab qarindoshlari bor”, – deydi yangi mehmonlarga yordam berib kelayotgan faol Rayhon Daribayeva.

Rayhon Daribayeva¸ “Munayli tumani fuqarolik tashabbusi” deb nomlanuvchi nodavlat guruh rahbari
Rayhon Daribayeva¸ “Munayli tumani fuqarolik tashabbusi” deb nomlanuvchi nodavlat guruh rahbari

Qozog‘iston hukumati moddiy yordam, arzon narxda uy-joy va boshqa imtiyozlarni taklif qiladi. Biroq davlat imtiyozlari bir shart bilan beriladi: ular Qozog‘istonning ishchilar yetishmayotgan shimoliy hududlariga ko‘chib o‘tishlari kerak.

Hamma ham og‘ir va qahraton qishi bilan tanilgan shimolga borishni xohlamaydi. Ammo mamlakatning boshqa hududlarida yashashga qaror qilganlarga hukumat yordam ko‘rsatmaydi. Daribayevaning so‘zlariga ko‘ra, boshqa joyga ko‘chishga qaror qilganlarning aksari oyoqqa turib olgunicha qarindoshlari yordamiga tayanadi.

2000-yillar boshida Turkmanistondan ko‘chib kelgan Daribayeva “Munayli tumani fuqarolik tashabbusi” deb nomlanuvchi nodavlat guruhni tashkil etdi. Guruh boshqa mamlakatlardagi etnik qozoqlarga emigratsiya va ko‘chish masalalarida maslahat beradi.

Turkmanistonlik etnik qozoqlar 20 yildan ortiq vaqtdan beri Qozog‘istonga ko‘chib kelmoqda. Ular odatda Turkmanistondagi uylari va mol-mulklarini sotadilar. Ammo so‘nggi guruh a’zolari moliyaviy ahvoli og‘ir ekanini aytmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan bir necha kishi 2019 - yilda ko‘chish bo‘yicha hujjatlarni qo‘lga kiritganidan keyin ishini tashlab, uyini sotganini hikoya qildi. Ular bir necha oy ichida Qozog‘istonga ko‘chib o‘tamiz, deb umid qilishgan. Ammo pandemiya tufayli mulklarini sotib topgan pullari evaziga kun ko‘rishga majbur bo‘lishgan.

“Men bor-budimni sarfladim va oxirida qorin to‘yg‘azish uchun qarz olishga majbur bo‘ldim”, – deydi ko‘chib kelgan ayollardan biri.

Ortda qolganlarning taqdiri nima bo‘ladi?

Yangi ko‘chib kelganlar Turkmaniston aholisi boshdan kechirayotgan qiyinchiliklar haqida ham gapirib berishdi.

“Turkmanistonda ish topish juda qiyin. Ko‘pchilik na ish, na daromadga ega. Maosh juda kam. Men tanigan ko‘plab odamlar oyiga taxminan 20 dollar ishlab topadi. Porasiz ish topolmaysiz”, – deydi yoshgina juvon.

Uning aytishicha, Turkmanistonda nafaqat etnik ozchilik vakillari, balki ko‘plab turkmanlar ham imkoni bo‘lsa mamlakatni tark etishni xohlaydi. Xususan, chet elda tahsil olayotgan turkman talabalar vataniga qaytmaslikka harakat qiladi.

Turkmaniston ulkan energiya boyliklariga ega bo‘lishiga qaramay, mamlakatda qashshoqlik avj olgan, chunki tabiiy gaz eksportidan tushadigan mo‘may daromad oddiy xalqqa yetib bormaydi.

Yangi ko‘chib kelganlar, shuningdek, tarixiy vatanda erkinroq hayot kechirishga umidvor. Qozog‘iston namunali demokratik davlat sanalmasa-da, Turkmanistonga nisbatan ochiqroqdir. Shimoliy Koreyaga qiyoslanadigan Turkmaniston esa dunyodagi eng repressiv davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda hukumat aholi kundalik hayotining barcha jabhalarini nazorat qiladi.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka intervyu bergan ayollardan biri Turkmanistondagi qarindoshlari xavfsizligidan xavotirda ekanini aytadi. Boshqalar ham ayni jihatdan tashvishda.

Mang‘istau viloyatining Munayli tumaniga endigina ko‘chib kelgan qozoq oila safar oldidan Turkmaniston xavfsizlik xizmati xodimlari ularni suhbatga chaqirganini so‘zlab berdi. Ular mobil telefonga o‘rnatilgan proksi-server orqali Turkmanistonda bloklangan veb-saytlar, ilovalar va ijtimoiy tarmoqlarga kirgan-kirmaganini tekshirgan.

Yangi ko‘chib kelganlarning aksari boshqa mamlakatda bo‘lishlariga qaramay, Turkmanistondagi asl vaziyat haqida muxbirlarga so‘zlab berishdan bosh tortdilar. Ularga xavotiriga ko‘ra, tanqid sabab Turkmaniston hukumati ularning mamlakatda qolgan qarindoshlaridan o‘ch olishi mumkin.

XS
SM
MD
LG