Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:56

Qirg‘iz-tojik chegarasida yana o‘q otildi. Tojikistonning bir harbiysi halok bo‘ldi


Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 970 kilometrlik chegara bo‘lib, shundan atigi 519 kilometri belgilangan, qolgan qismi bahsli hisoblanadi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 970 kilometrlik chegara bo‘lib, shundan atigi 519 kilometri belgilangan, qolgan qismi bahsli hisoblanadi.

10-mart kuni qirg‘iz-tojik chegarasida o‘q otildi. Qirg‘iziston chegara xizmatining bildirishicha, otishma oqibatida qirg‘iz tomonidan hech kim jabrlanmagan. Ozodlik radiosi tojik xizmati esa, otishmada bir nafar tojik xarbiysi halok bo‘lgani va yana bir fuqaro yaralangani haqida xabar berdi.

Qirg‘iziston chegara xizmati 10-mart kuni yuz bergan otishmada Tojikistonni aybladi.

Rasman bildirilishicha, tahminan soat 10:50da Tojikiston chegarachilari Qirg‘izistonning Botken tumaniga qarashli Teskey qishlog‘ida chegaraning aniqlanmagan qismida harakatlanish qoidasini buzgan. Qirg‘iz chegarachilari ulardan tartibga amal qilishni talab etgan.

Rasmiy ma’lumotda dahanaki janjal ortidan tojik chegarachilariga boshqa askarlar ham yordamga kelgani va ular ko‘pchilik bo‘lib chegaradan o‘tishga harakat qilgani, ammo qirg‘iz chegarachilari bunga to‘sqinlik qilgani ta’kidlangan.

Qirg‘iz tomoni ma’lumoti bo‘yicha, shundan so‘ng ikki tomon 10 daqiqaga yaqin o‘zaro otishma sodir etgan. Qirg‘iz tomonidan jabrlanganlar yo‘q.

Tojikiston rasmiy organlari mazkur voqea yuzasidan hozircha rasmiy munosabat bildirmadi.

Ozodlik radiosi tojik xizmati esa o‘z manbalariga tayangan holda, otishma paytida bir nafar tojik chegarachisi halok bo‘lgani va bir fuqaro yaralangani haqida xabar berdi.

Otishmadan so‘ng ikki tomon chegara rahbarlari muzokara o‘tkazgan. Qirg‘iziston chegara xizmatining ma’lum qilishicha, tomonlar sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan o‘zaro mustaqil tezkor tergov o‘tkazishga hamda uning natijasini 12-mart kuni Chegara xizmatlari rahbarlari uchrashuvida taqdim etishni kelishib olgan.

Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi chegarada bahsli uchastkalar ko‘p. Ana shu mavhumlik sababli qo‘shni mamlakatlarning aholisi va chegarachilari yer, suv va kommunikatsiyalarni talashib tez-tez to‘qnashadi. Va shu mojarolar chog‘ida o‘qotar qurol qo‘llanishi va insonlar qurbon bo‘lishi hollari ham ko‘p uchraydi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi eng yirik to‘qnashuv 2021-yilning aprel oyi oxirlarida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda “Golovnoy” suv taqsimlash obyekti joylashgan hudud uchun janjal qurolli to‘qnashuvga aylanib ketgan edi.

Bir necha kun davom etgan qurolli nizo oqibatida qirg‘iz tomonidan 154 kishi jabrlandi, 36 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘ldi. Tojikiston hukumati esa rasman 19 qurbon berganini va 87 kishi yarador bo‘lganini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 970 kilometrlik chegara bo‘lib, shundan atigi 519 kilometri belgilangan, qolgan qismi bahsli hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG