Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:10

Qirg‘iziston: Deputatlarning telefonlari tinglangan. Ombudsmen izoh so‘ramoqda


Qirg‘iziston akiykatchisi (ombudsmeni) Tokon Mamitov siyosatchi va faollarning telefonda so‘zlashuvlari eshitilishi va ularning “Telegram”dagi akkauntlariga buzib kirilishi masalasida ikkinchi marta Bosh prokuraturaga so‘rov yubordi.

Nazorat idorasi ombudsmenga javob berganicha yo‘q. So‘zlashuvlarni tinglagan Ichki ishlar vazirligi esa bu “yashirin eshituvlar” natijalari maxfiyligini iddao qilmoqda. Advokatlar ish bilan tanishishda qiyinchiliklarga duch kelishayotganidan shikoyat qilishyapti. Bosh prokuratura va IIV bildirishicha, telefonda so‘zlashuvlar qonun doirasida tinglangan.

Ombudsmen instituti yoyinlagan xabarnomada Tokon Mamitov avvalroq Jogorku Kenesh spikeri, Bosh prokuratura, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hamda IIV rahbarlariga murojaat qilgani urg‘ulanadi.

Ombudsmen instituti ma’lum qilishicha, akiykatchi Bosh prokuraturaga qayta murojaat qilarkan, ko‘rsatilgan 100 nafar siyosatchi, deputat va partiya faollariga, ayniqsa, sud qarorida sanab o‘tilgan Jogorku Kenesh deputatlariga oid barcha fakt va materiallar, ular maxsus huquqiy maqomga egaligiga qaramay tergov sudyasi tomonidan o‘rganilgan yoki yo‘qligini, shuningdek, QR IIV tergovchisi tomonidan tergov sudyasiga respublikaning 100 fuqarosi so‘zlashuvlarini eshitishga asos beradigan mukammal ma’lumot taqdim etilgan yoki yo‘qligini aniqlashtirishni iltimos qilgan.

Qirg‘iziston huquqni muhofaza qilish organlari faollar, jamoat arboblari va deputatlarni yashirincha tinglayotgani haqida avgust oyi oxirlaridagina ma’lum bo‘lgan edi, holbuki, ayon bo‘lishicha, “tergov tadbirlari” 5-6-9 - oktabrdagi tartibsizliklar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida 6 - yanvardan 10 - fevralgacha o‘tkazilgan ekan.

Birmuncha vaqt o‘tib Klara Sooronqulova hamda Rita Qorasartovalarning “Telegram” akkauntlariga buzib kirilib, ularning shaxsiy yozishmalari va audioxabarlari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Bundan tashqari, yurist Saniya To‘xtag‘oziyevaning akkauntiga ham buzib kirishdi. Ular bu ishlar ortida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi turgan bo‘lishi mumkin, deya shubhalanmoqda.

Huquqbon Rita Qorasartova Bosh prokuratura ushbu voqealarga loqayd qarayotganidan noroziligini aytadi:

“Bosh prokuraturaning vazifasi – qonun ustuvorligini ta’minlash. Ular aytishi kerak, har bir insonning shaxsiy hayoti daxlsiz va unga aralashish mumkin emas, deya. Telefonda so‘zlashuvlarni yashirincha tinglab qonunni buzishdi. Yuz nafar kishining har biri bo‘yicha sabab va asoslarni talab qilish lozim. Qo‘yib berilsa, bitta jinoyat ishini ro‘kach qilib yuzta emas, minglab odamni eshitishadi. Biz kutyapmiz, qani, Bosh prokuratura loaqal ogohlantirish berarmikan.”

Telefonda so‘zlashuvlar maxfiy tinglanishi masalasini Jogorku Kenesh deputatlari ham ko‘tarib chiqishdi. Qolaversa, telefonlari tinglangan fuqarolar orasida qonun bo‘yicha daxlsizlik maqomiga ega bo‘lmish deputatlar ham bor. Huquqni muhofaza qilish idoralarining bu tutumi ularning xatti-harakatlari qonuniyligini katta shubha ostiga qo‘yadi.

Masalaning shu jihatlari xususida Jogorku Keneshning 8 - sentabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bosh prokuror o‘rinbosari Turusbek Ishenaliyev quyidagicha tushuntirish bergan edi:

“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Jogorku Kenesh deputatini ko‘zdan kechirish mumkin emas xolos. Bundan tashqari, u faqat bosh prokuror iltimosnomasi va Jogorku Kenesh roziligi bilangina javobgarlikka tortiladi. Telefonda so‘zlashuvlarini eshitish esa umumiy qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.”

Suhbatlari tinglangan sobiq va amaldagi deputatlar, siyosatchilar, faollar va huquqbonlardan ayrimlari so‘nggi prezident sayloviga nomzodini qo‘ygan shaxslardir. Ular orasida Abdil Segizboyev, Adaxon Madumarov, Klara Sooronqulova hamda Qursan Asanovlar bor.

Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, telefonlar 6 - yanvardan 10 - fevralgacha tinglangan.

Prezident saylovi 11 - yanvar kuni bo‘lib o‘tdi, unda Sadir Japarov g‘alaba qozondi. Saylovga qadar u bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi lavozimini egallab turdi, saylov kampaniyasi boshlanishi oldidan vaqtincha lavozim bo‘shadi.

Jogorku Kenesh deputati Mirlan Jeenchoroyevga ko‘ra, qonun hurmat qilinadigan mamlakatda prezidentlikka nomzodning suhbatlari tinglanishi katta janjalga olib kelgan bo‘lur edi.

“Bu ish sud ruxsati bilan qilinmoqda. Men sudning qarorini qonunga xilof deb bilaman. Chunki tinglanganlar orasida nafaqat deputatlar, balki prezidentlikka nomzodlar ham bo‘lgan. Boshqa mamlakatlarda prezidentlikka nomzodga bunaqa muomala qilinsa, butun xalq bosh ko‘targan bo‘lardi. Hatto prezident saylovi natijalarini bekor qildirishardi. Shunday ekan, Bosh prokuratura huquqiy baho berishi kerak”, deb hisoblaydi parlament a’zosi.

Boz ustiga, Jeenchoroyev fikricha, so‘zlashuvlarni tinglashga ruxsat bergan Bishkekning Birinchi may tumani sudi sudьyasi Chingizbek Berdimurodovni lavozimidan olib, javobgarlikka tortish lozim. Bu haqda u bir oy muqaddam parlament yig‘ilishida aytgan edi.

O‘shanda Birinchi may tumani sudi qaror qabul qilishda sudya qonundan chetga chiqmaganini iddao qilgan.

“Sudya qonuniy va xolis qaror chiqargan. Idoralararo tergov guruhi 2020 - yil oktabr oyida yuz bergan tartibsizliklar bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlarini sudga qadar yuritish doirasida tergov tadbirlari o‘tkazish haqida iltimosnoma kiritgan. Iltimosnomani ko‘rib chiqishda idoralararo tergov guruhi va Bosh prokuratura rahbarlari ishtirok etgan. Tergov sudyasi iltimosnomani qanoatlantirgan, bu qarorni o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan”, deyilgan edi sud idorasi bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 14 - sentabr kuni IIV Qursan Asanov hamda moliyachi Almaz Sariboyevlarni “hokimiyatni kuch bilan bosib olishga tayyorgarlik ko‘rish uchun boshqa shaxslar bilan til biriktirgan” degan gumon bilan qo‘lga olgan edi. Unga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 309-moddasi (“Hokimiyatni kuch ishlatish yo‘li bilan bosib olish”) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Bu voqeadan oldinroq Qursan Asanov bilan Almaz Sariboyevning so‘zlashuvlari audioyozuvi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Qursan Asanovning advokati Chinara Jakupbekova 6 - oktabr kuni Rossiya va Qozog‘istondan ikki ekspert audioyozuv yig‘ma, ya’ni qalbaki, degan xulosaga kelganini aytdi.

IIV esa, o‘z navbatida, boshqa ekspertiza tayinlashini, Asanovning advokatlari tashabbusi bilan o‘tkazilgan ekspertizada boshqa materiallar qiyoslab o‘rganilmaganini iddao qildi.

Bishkekning Birinchi may tumani sudida 8 - oktyabr kuni 2020 - yilning 5-6-9 - oktabr kunlari sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Mazkur jarayonda sudlanuvchilarni himoya qilayotgan advokatlar, telefonda so‘zlashuvlar natijalari konfidensial ma’lumot sifatida alohida ajratilganligi sababli jinoyat ishi materiallari bilan tanisha olishmayapti.

Shu munosabat bilan, qamoqda saqlanayotgan sobiq prezident Almazbek Atamboyevning advokati Zamir Jooshev (uning telefoni ham tinglangan) Ichki ishlar vazirligini sudga bermoqchi.

Qirg‘izistonda telefon suhbatlari eshitilgan muxolifatchi siyosatchilarni qamash hollari oldin ham bo‘lgan.

Xususan, 2016 - yilda suhbatlari audiotasmasi e’lon qilinganidan so‘ng “Eldik parlament” (“Xalq parlamenti”) harakati etakchilari hibsga olingan. O‘shanda Qubanichbek Qodirov, Bektur Asanov, Ernest Karibekov, Doston Sarigulov, Bekbo‘lat Talgarbekov, To‘rabay Kolubayev, Marat Sultonov, Aleksandr Gusev va Toyg‘onbek Qalmatov hokimiyatni bosib olishga uringanlikda ayblanib, sudga tortilgan. Keyinroq ulardan ayrimlari oqlanib chiqqan.

XS
SM
MD
LG