Qirg‘iziston yuzni to‘liq yopadigan islomiy niqobni taqiqladi. Hokimiyat vakillari ta’kidlashicha, bu taqiq Markaziy Osiyoning boshqa barcha mamlakatlarida maktab va idoralarda uzoq vaqtdan beri taqiqlangan hijobga – islomiy ro‘molga tegishli emas.
Qirg‘iziston musulmon aholisi ko‘pchilikni tashkil etadigan Markaziy Osiyoda niqobni, ya’ni ko‘zlardan tashqari butun tana, soch va yuzni berkitadigan uzun libosni taqiqlagan oxirgi davlat bo‘ldi.
1-fevraldan kuchga kirgan taqiqqa ko‘ra, jamoat joylarida niqob kiygan ayollarga 20 ming so‘m (230 dollar) miqdorida jarima solinadi.
Ayollarning islomiy kiyimlari va erkaklarning soqollari Markaziy Osiyoda uzoq vaqtdan beri hukumat kampaniyalari va jamoatchilik bahslarining asosiy mavzusiga aylangan, chunki bu yerdagi qat’iy dunyoviy hukumatlar islom ta’siri kuchayishidan xavotirda.
Qirg‘iz qonun chiqaruvchilari aytishicha, taqiq xavfsizlik nuqtayi nazaridan zarur – odamlarning yuzini ko‘rish va shaxs aniqlash imkoniyati bo‘lishi kerak. Ammo qarshi chiquvchilar bu taqiq ayollarni o‘zlari xohlagan kiyimni tanlash erkinligidan mahrum qilishini ta’kidlashmoqda.
"An’analarimizning bir qismi"
Taqiq diniy sohadagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarda qayd etilgan. Prezident Sadir Japarov tomonidan 21-yanvarda imzolangan qonunda mahalliy tilda “paranji” deb ataladigan niqob haqida aniq so‘z yuritilmagan.
Biroq u "davlat idoralari va jamoat joylarida shaxsni aniqlashga imkon bermaydigan kiyim"ni taqiqlaydi. Bu Markaziy Osiyoda niqobni ta’riflash uchun qo‘llaniladigan ibora. Ish yuzasidan yoki tibbiy sabablarga ko‘ra taqiladigan yuz niqoblari bu taqiqdan mustasno.
Qonun chiqaruvchilar va hukumatparast din arboblarining ta’kidlashicha, bu taqiq hijobga, ya’ni soch va bo‘yinni yopib, yuzni ochiq qoldiradigan islomiy ro‘molga taalluqli emas.
Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi maktab va idoralarda hijob kiyishga ruxsat beradigan yagona davlatdir.
"Ro‘molga hech qanday cheklov qo‘yilmaydi. Onalarimiz va opa-singillarimiz har doim urf-odatlarimiz va dinimizning bir qismi sifatida ro‘mol o‘rab yurishgan," dedi parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev o‘tgan yili qonun loyihasini taqdim etayotganda.
Niqob Fors ko‘rfazi arab davlatlarida keng tarqalgan. Qirg‘izistonda niqob kiyish an’anasi bo‘lmasa-da, so‘nggi yillarda ba’zi konservativ ayollar orasida bu libos tobora ommalashib bormoqda.
Qizg‘in bahs
Qirg‘izistonda niqob masalasi ustida ko‘p yillardan beri qizg‘in jamoatchilik muhokamasi davom etib kelmoqda. Uning ommalashuvi qariyb o‘n yil oldin davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan "Qayoqqa ketmoqdamiz?" nomli kampaniyaga sabab bo‘lgan edi.
2023-yilda deputat Sharapatkan Majitova janubiy O‘sh viloyatiga borganida, mahalliy ayollarning ko‘pchiligi butun tanani qoplaydigan niqob kiyib yurganidan shokka tushdi va bunga qarshi yangi kampaniyaga boshchilik qildi.
Majitova parlament majlisida: "O‘shda har to‘rtinchi ayol niqob taqadi va ularning soni kundan-kunga ortib bormoqda", dedi.
Majitovaning tashviqoti erkaklarning soqolini ham nishonga oldi, chunki bu diniy konservatizm belgisi sifatida qaraladi. U hukumat va parlamentni niqob va uzun soqollarni taqiqlashga chaqirdi va ularni "xavfsizlikka tahdid" deb baholadi.
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi "hijob [musulmon ayollar uchun] majburiy, lekin niqob majburiy emas" deya bayonot berdi.
Biroq tanqidchilar taqiq niqobdagi ayollarni jamiyatdan uzoqlashtirishi va yakkalab qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Niqob tutgan 38 yoshli uy bekasi “Ozodlik” radiosi qirg‘iz xizmatiga ushbu taqiq uning hayotini murakkablashtirishini aytdi.
Ikki farzandning onasi ismini oshkor etmaslik sharti bilan so‘zlab, olti yil avval turmush qurganida Rossiyada ishlayotgan erining iltimosiga ko‘ra niqob taqishni boshlaganini aytdi.
"Endi taqiq qo‘yildi, nima qilishimni bilmay qoldim. Erim uyga qaytganida nima deyishini tasavvur qilolmayman," deydi janubiy Qorasuv shahrida yashovchi ayol.
"Taqiq haqida internetdan o‘qiganimdan beri iloji boricha uydan tashqariga chiqmaslikka harakat qilyapman. [Zarur hollarda tashqariga chiqsam] yuzimni tibbiy niqob bilan yopib olyapman," deya qo‘shimcha qildi u.
Xavfsizlik nomi bilan
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, jumladan, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston maktab, idora va davlat muassasalarida hijobni taqiqlagan.
Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston huquq-tartibot organlari ko‘cha va bozorlarda uzun soqol qo‘ygan erkaklarni to‘xtatib, ularni soqolini olishga majbur qilish uchun reydlar o‘tkazib turadi.
Islomning har qanday tashqi belgilariga cheklovlar ko‘pincha xavfsizlikni ta’minlash va an’anaviy qadriyatlarni himoya qilish bahonasida amalga oshiriladi.
Markaziy Osiyo rasmiylari o‘z mamlakatlarining milliy liboslari ayollar uchun islomiy kiyim talablariga javob berishini ta’kidlashadi.
Turkmaniston hijobni rasman taqiqlamagan, biroq ayollardan ish joyida va ommaviy tadbirlarda turkman milliy kiyimlarini kiyishni talab qiladi. Ba’zi hijob kiygan ayollarga rasmiylar tomonidan ro‘mollarini yechish buyurilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Tojikiston muntazam ravishda ayollar uchun tojik an’anaviy kiyimlarini targ‘ib qiladi, shu bilan birga islomiy liboslarga ishora qilib, tojiklarga "yot" bo‘lgan kiyimlarni taqiqlaydi.