Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2024, Тошкент вақти: 06:40

Qirg‘iziston Qozog‘istonga suv berishni to‘xtatdi. Bu O‘zbekiston uchun xavotirlimi?


Qirg‘izistonning Kirov suv ombori.
Qirg‘izistonning Kirov suv ombori.

Qirg‘iziston Kirov suv omborida suv sathi keskin pasaygani ortidan Qozog‘istonga suv yetkazib berishni to‘xtatdi.

22-avgust holatiga ko‘ra, suv omborida 14,5 million kub metr suv qolgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 92,1 million kub metrga kam.

Qozog‘iston Qirg‘izistondan suvni asosan uch daryo – Chu, Talas va Norin orqali oladi.

Qirg‘izistonga qo‘shni davlatning barcha janubiy viloyatlari, jumladan, Jambil viloyati 80 foizga Qirg‘iziston hududidan keladigan suvga qaram.

Kirov suv omboridan oqim to‘xtashi oqibatida Qozog‘istonning Jambil viloyati qishloq xo‘jalik yerlari butunlay suvsiz qolishi mumkin.

Qozog‘istonning Bayzak, Jambil, Korday, Merken, T. Risqulov va Talas viloyatlarida sug‘orish suvi yetishmasligi va anomal issiq tufayli allaqachon favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Ўзбекистонда сувсизлик. Яқинлашаётган фалокатнинг ечими борми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:47:14 0:00

Bu haqda Jambil viloyati hokimligi saytida 22-avgust kuni xabar berildi.

Xabarda aytilishicha, hozirda jabrlangan fermerlarning zararini qoplash uchun Qozog‘iston hukumatining favqulodda zaxirasidan mablag‘ ajratish masalasi hal qilinmoqda.

Sug‘orish suvi yetishmasligi va ob-havoning haddan isib ketishi sababli bu yil hosilning nobud bo‘lishi o‘tgan yilga nisbatan 25-30 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Qozog‘istonda suv iste’molining 65 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Mamlakat yer usti suvlarining qariyb yarmi (44, 9 kub kilometr) qo‘shni davlatlar - Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘izistondan keladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Kirov suv omborida suv kamayishi O‘zbekiston uchun xavotirli emas.

O‘zbekiston ekin yerlari Qirg‘izistondagi To‘qtog‘ul omboridan suv ichadi.

Qirg‘iziston, Talas. Kirov suv ombori.
Qirg‘iziston, Talas. Kirov suv ombori.

To‘qtog‘ulda ham suv kamaygan

Qirg‘iziston Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, To‘qtog‘ulda ham suv sathi 9 milliard kub metrga tushgan.

Ammo, Qirg‘iziston hozircha Norin daryosidan O‘zbekistonga oqadigan suvni to‘xtatgani yo‘q.

O‘tgan va oldingi yillarda suv omborida 10-11 milliard kub metr, to‘rt-besh yil avval esa 13-14 milliard kub metrga yaqin suv to‘plangan edi.

Agar suv sathi kritik 5 yarim milliard kub metrdan pasayadigan bo‘lsa O‘zbekiston Norin daryosi suvisiz qolishi mumkin.

To‘qtog‘uldagi suv sathining pasayishi, bir tomondan, mamlakatda elektr energiyasi iste’moli ortib borayotgani bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, daryolarda suv yetishmasligi ta’siri o‘laroq ko‘rilmoqda.

Qirg‘iziston uchun Norin daryosida suv ozligi elektr energiyasi yetishmovchiligini keltirib chiqargan.

Qirg‘iziston Energetika vaziri Talaybek Ibrayevning aytishicha, mamlakatda bu yil 3 mlrd kvt soat elektr energiya etishmaydi, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatgich 5-6 milliard kvt soatga yetishi mumkin.

Mutaxassislarga ko‘ra, Kirov omborida ham To‘qtog‘ul omborida ham suv oxirgi uch-to‘rt yilda ko‘ngildagidek yig‘ilmayapti.

To‘qtog‘ul suv ombori.
To‘qtog‘ul suv ombori.

Qirg‘izistonga elektr qayg‘u

To‘qtog‘ul suv omboridagi jiddiy vaziyat yil boshidan buyon Qirg‘iziston jamoatchiligini tashvishlantirib keladi.

To‘qtog‘ul suv ombori 19 milliard kub metr suvga mo‘ljallangan. 2007-2008- yillarda undagi daraja 7-8 milliard kub metrgacha pasayib ketgandi, shu sababli aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashda cheklovlar joriy etildi.

Energetiklarning ogohlantirishicha, agar suv sathi 6-6, 5 milliard kub metrga tushsa, mamlakat bosh GESi avariya holatiga tushib qoladi.

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, joriy yilning mart oyida suv omboridagi suv hajmi ana shu keskin darajaga yaqin edi.

To‘qtog‘ul SSSR zamonida qo‘riq yerlarni o‘zlashtirib, keng paxtazor va g‘allazorlarga aylantirish rejasiga moslab barpo etilgan, undagi suv asosan O‘zbekiston va Qozog‘iston dalalarini sug‘orishga mo‘ljallangan.

Qurg‘oqchilik

O‘tmishda Qirg‘iziston o‘z suv zahiralarining 80 foizini O‘zbekiston va Qozog‘istonga berar edi.

O‘zbekistonning asosan paxtachilikka ixtisoslashgan Sirdaryo va Jizzax viloyatlari aynan Qirg‘iziston va Tojikistondan oqib keladigan suvga qaram.

Rasmiy statistikaga qaralsa, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun chuchuk suvning 67 foizi sarflanadi.

Bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l bo‘lgan Orol dengizining qurishi ham O‘zbekistondagi paxta monokulturasi oqibati sifatida ko‘riladi.

Suvsizlikning yana bir omili iqlim o‘zgarishi.

Tojikiston va Qirg‘iziston tog‘laridagi muzliklar ham iqlim isiyotgani sababli jadal erimoqda.

Rasmiylar allaqachon qator muzliklar kichraygani yo chekinganini aytishgan.

Kelasi yarim asr davomida bu jarayon tezlashishi mumkin, demoqda mutaxassislar.

Sovet ittifoqi parchalanishi ortidan Markaziy Osiyo mintaqasida suv va energiya manbalarini geosiyosiy vosita sifatida qo‘llash va yoki qo‘shnilarga ta’sir vositasi sifatida ishlatishga urinishlar kuzatildi.

O‘tmishda Qirg‘iziston va Tojikistonning gidroinshoot loyihalariga qarshilik qilgan prezident Islom Karimov mintaqada ehtimoliy "suv urushlari"dan ogohlantirgandi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan O‘zbekiston qo‘shnilarning bu loyihalarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.

2022-yilning 17-noyabrida Qirg‘iziston parlamenti O‘zbekiston chegarasidagi Kampirobod suv omborini hamkorlikda boshqarish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi.

Shartnomaga asosan Kampirobod suv ombori egallagan 4485 gektar yer O‘zbekiston hududi sifatida tan olingan. Qirg‘iziston hukumati buning evaziga O‘zbekistondan 19 ming gektar yer olinganini bildirgan.

O‘zbek rasmiylari Kampirobod suvi Farg‘ona vodiysining qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orishda hayotiy ahamiyatga ega ekanini aytishgan va o‘zbek tomoni Qirg‘izistonga ko‘p yer berib yuborgani haqidagi tanqidlarni rad etganlar.

XS
SM
MD
LG