Qirg‘izistonda aliment undirishning yangi mexanizmi taklif qilinmoqda. Erkak o‘z bolalarini boqishni istamas ekan, bunga uning qarindoshlarini majbur qilish kerak, deb hisoblaydi deputat Doston Bekeshov. Uning aytishicha, bu yerda gap oilaviy kafillik haqida bormoqda, ya’ni er aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan taqdirda bu majburiyatni uning oilasi o‘z zimmasiga oladi.
Nastoyashcheye vremya telekanali huquq faollari hamda sobiq erining o‘z farzandlari uchun mas’uliyat his qilishiga yillardir erisha olmay kelayotgan yolg‘iz onalar bilan ushbu g‘oya haqida so‘zlashdi.
“Uydan ketishga qaror qildim, chunki ko‘p yillardan beri menga qo‘l ko‘tarardi. O‘zim uchun qo‘rqdim, nogiron bo‘lib qolishim mumkinligini o‘yladim”, deydi Nozgul (ism o‘zgartirilgan).
38 yoshli bishkeklik ayol yuzi ko‘rsatilmasligi va ovozi o‘zgartirilishi sharti bilan intervyuga rozi bo‘ldi. U sobiq eri unga achchiq qilib bolalari uchun aliment to‘lamay qo‘yishidan qo‘rqadi. Ayolning uch o‘g‘li bor: kattasi 15, kenjasi 5 yoshda. Nuqson bilan tug‘ilgan o‘rtancha o‘g‘liga alohida qarov kerak. Nozul erining mushtumzo‘rligiga 14 yil toqat qilganini, bir yil muqaddam ajrashish uchun ariza berganini so‘zlab berdi. Aytishicha, turli idoralarga o‘nlab shikoyat va ariza berganidan so‘nggina aliment undirishga muvaffaq bo‘lgan.
“To‘lamasdi. Kerak bo‘lsa qarindoshlaring yordam bersin, deb aytardi. Balki muhtojlikda qiynalsa, uyga qaytadi deb o‘ylagandir”, hikoyasida davom etadi Nozgul.
31 yoshli Oyzot Qodirbek qizi esa eridan qo‘rqishiga qaramay, boshidan kechirganlarini ochiq-oydin gapirishga jur’at etdi. Bu suhbatdoshimiz 19 yoshida erga tekkan, farzand ko‘rgan, ammo tez orada beva qolgan. Eri avtomobil avariyasida o‘lgan. Shundan so‘ng uni marhum erining ukasiga tegishga ko‘ndiradilar. Keyingi turmushidan Oyzot yana to‘rt farzand ko‘radi.
“Nikohimizdan so‘ng olti oy o‘tar-o‘tmas menga qo‘l ko‘taradigan bo‘ldi. Men darhol ajrashmoqchi edim. Biz Jalolobodda, qaynona buvimning uyida turardik. Kampir bilan oramiz yaxshi edi, meni qolishga ko‘ndirgan ham u. Ochig‘i, boradigan joyim yo‘q edi. Xullas, sabr qilib yashadim. Erim ichib olsa meni urar, bo‘ynimdan bo‘g‘ib qiynardi. Hatto o‘zimni o‘ldirish haqida o‘ylay boshlagandim”, deydi Oyzot Qodirbek qizi.
Ikki yil muqaddam Oyzot bolalarini olib, Jaloloboddan Bishkekka qochadi. Hozirda u “Sezim” markazida xuddi shunaqa vaziyatda qolgan ayollarga ko‘maklashmoqda. Suhbatdoshimiz dastlabki vaqtlar juda og‘ir bo‘lganini aytadi. Shahar chekkasida isitiladigan bir xonani ijaraga olibdi, bolalarim ovqat va kiyim-boshdan qiynalishdi, deydi u. Oyzot ularni boqish uchun duch kelgan ishga yopishadi: dalada qop tashiydi, bozorlarni supuradi, ko‘pqavat uylarda farroshlik qiladi. Sobiq eri farzandlariga yordam berishni xohlamayotgan emish.
“O‘tgan yili alimentga berganman, lekin to‘lamayapti. Qarzi 60 ming somcha yig‘ilib qoldi. Bolalarining taqdiri uni sira bezovta qilmaydi. Nima yeb, nima ichishyapti, deb o‘ylamaydi ham. Shunday ekan, aliment to‘lash majburiyatini erning qarindoshlariga yuklaydigan qonun qabul qilinishiga qarshi emasman”, deydi Oyzot.
Oilaviy kafillik nomli ushbu mexanizmni joriy etish taklifi deputat Doston Bekeshovdan chiqqan. Deputat fikricha, sobiq er mas’uliyatdan qocha, daromadlarini yashirsa yoki ishlamasa, bolalarining moddiy ta’minotini uning qarindoshlari o‘z bo‘ynilariga olishlari kerak.
“Men ushbu institutni ixtiyoriy rozilik xati imzolash yo‘li bilan joriy etishni taklif qilyapman. Oila buzilgan taqdirda, erning qarindoshlari birgalashib bolaning ta’minoti bilan shug‘ullanadi. Nega buni taklif qilyapman? Chunki bola ularga begona emas: jiyan yoki nabira bo‘ladi. Ular o‘z qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilishlari lozim”, ta’kidlaydi Bekeshov.
Deputat taklifiga ko‘ra, mazkur kafolat xatini kuyovning oilasi nikoh qayd etilishidan oldin imzolashi kerak. Agar bosh tortsalar, u yog‘i kelinga havola qilinadi.
Huquq faollari fikricha, g‘oyaning o‘zi yomon emas. Ammo ular “bunaqa tartib xuddi nikoh shartnomalari kabi hayotga tatbiq etilmay qolib ketadi”, deya shubhalanishmoqda.
“Nikoh shartnomasi to‘g‘risida qonun bor. Lekin hali biron joyda shunaqa shartnoma tuzilganini eshitmadim. Jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlikka duch kelib, biz murojaat qilgan ayollardan so‘rayman: “Nega boshidan shartnoma tuzmagansiz?” Ular bo‘lsa erlari: “Menga ishonmaysanmi, meni sevmaysanmi? Nega hozirdan yomon niyat qilasan?” deya shartnoma tuzishdan qaytarganini aytishadi. Bizning mentalitet shunday. Ammo deputatlar taklifini qo‘llab-quvvatlayman”, deydi “Sezim” krizis markazi direktori Bibisora Risqulova.
Oilaviy kafillik – hozircha, deputat jamiyatga muhokama uchun taklif qilgan g‘oya, xolos. Agarda jamoatchilik qo‘llab-quvvatlasa, Bekeshov uni qonun loyihasiga aylantirishga tayyor. Deputatga ko‘ra, ushbu mexanizmni joriy etish orqali aliment undirish muammosini hal qilish mumkin bo‘ladi. Zero, undagi ma’lumotga qaraganda, mamlakatda o‘z farzandlariga aliment to‘lamay yurgan erkaklar soni allaqachon 100 mingga yetgan.