Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:24

Qirg‘izistonda radikal guruhlar faollashmoqdami?


So‘nggi kunlarda Qirg‘iziston kuchishlatar tuzilmalari Qizilqiya va O‘zgan shaharlarida Suriyadagi terror tashkilotlariga aloqador bo‘lgan qurollangan radikal guruhlar a’zolari qo‘lga olingani to‘g‘risida ketma-ket bayonot berdi.

Qirg‘iz ekspertlari fikricha, Suriya, Afg‘oniston va Ukrainadagi vaziyat terror tashkilotlarining o‘z manfaatlarini olg‘a surishiga katta turtki bo‘layotgani ortidan bu kabi guruhlar faollashmoqda.

25-avgust kuni Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qizilqiya shahrida jihodchilar guruhining uch a’zosi qo‘lga olinganini bildirdi.

"Jamoat rahbari Qizilqiya shahri turg‘uni bo‘lib, u "Abu Nur" tahallusi ostida faoliyat yuritgan. U bilan birgalikda qo‘lga olingan qizilqiyalik P.A.I., ham qamoqda o‘tirib chiqqan. U guruhning ma’naviy ustozi hisoblangan va S.Buryatskiyga oid terrorchilik chaqiriqlari mavjud audio-video materiallarini tarqatadi. Qo‘lga olingan uchinchi shaxs K.D.R., esa “Jengo‘” tahallusli jinoyat olami vakili Do‘so‘novning jinoiy guruhi a’zosi hisoblanadi. U guruh a’zolarining jismoniy tayyorgarligi uchun mas’ul bo‘lgan. "Abu Nur" guruhi Suriyadagi jangarilarga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida bir necha yil davomida qaroqchilik bilan shug‘ullanib kelgan”, - deyiladi Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tarqatgan ma’lumotda.

Bayonotda ta’kidlanishicha, qo‘lga olingan shaxslarning uylari tintuv qilinganida granatalar, o‘q-dorilar va diniy adabiyotlar topilgan.

O‘sh shahar militsiyasi esa 23-avgust kuni O‘zgan tumanida “Jamoat at-Tavhid val-Jihod” xalqaro terror tashkilotining 1996-1999-yilda tug‘ilgan ikki a’zosi ushlanganini bildirgan edi.

“O‘sh Ichki ishlar boshqarmasi bir necha oy davomida mazkur fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olib turgan. Ularning terroristik tashkilotlar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan chiqqan teroristik guruhlarga qo‘shilgan odamlar bilan aloqadorligi va ulardan doimiy tarzda buyruq olib, u yerga moddiy yordam ko‘rsatish uchun pul yig‘ib yurgani ham ma’lum bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarimizga ko‘ra, bular Suriyaga borib, o‘sha terror guruhlari bilan birga Suriyadagi davlat kuchlariga qarshi kurashda ishtirok etmoqchi bo‘lgan. Biroq Turkiyadan Suriyaga o‘ta olmay qaytib kelishgan. Shu ma’lumot ortidan, ularni Qirg‘iz Respublikasi hududida ozodlikda yurishi havfli ekani va ularning qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkinligi inobatga olinib, maxsus otryad hodimlari bilan birga qo‘lga olingan”, - deydi O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov.

Qirg‘iziston kuchishlatar tuzilmalari so‘nggi besh oyda terror uyushtirishni rejalashtirayotgan qator gumonlanuvchilar qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabarlarni ham matbuotga sizdirgan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ularning barchasi Suriyada maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangarilar ekanini iddao qilgan.

Jumladan, 24-martda “Jamoat at-Tavhid val-Jihod”ning Suriyadagi yetakchilari topshirig‘i bilan Qirg‘izistonga terror sodir etish uchun kelgan xudkush qo‘lga olingani xabar qilindi.

7-iyul kuni Bishkekda Qurbon hayiti namozi o‘qilishi chog‘ida portlash uyushtirishni rejalashtirgan ikki nafar chet el fuqarosi, 9-iyulda Jalolobodda bu ikki shaxsga ko‘maklashishi lozim bo‘lgan “Jamoat at-Tavhid val-Jihod”ning bir a’zosi qo‘lga olingani ma’lum qilindi.

Qirg‘izistonda “Jamoat at-Tavhid val-Jihod” faoliyati sud hukmi bilan 2016-yilning 17- mart kuni taqiqlangan.

-“Jamoat at-Tavhid val-Jihod” salafiy-takfiriy tashkilotlar jumlasiga kiradi. Sud hukmi bilan u Qirg‘izistonda taqiqlangan. Ular “Islomiy davlat” terror tashkiloti bilan afillangan. Umuman olganda, hozirgi diniy vaziyat Afg‘onistondagi vaziyat sababli Qirg‘izistondagina emas, Markaziy Osiyo hududida ham og‘irlashib boryapti. Terror tashkilotlarining Qirg‘izistonda tashkil etilgan yashirin guruhlari asta-sekinlik bilan faoliyatini kuchaytirishni boshlayotgani sezilmoqda,- dedi diniy masalalar bo‘yicha ekspert Qanatbek Murzaxalilov.

Qirg‘izistonlik ekspertlar mamlakatda “Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalarida bo‘lgani kabi ekstremistik va terror tashkilotlari faollashayotgani”ni aytmoqdalar. Ekspertlarga ko‘ra, Suriya, Afg‘oniston va Ukrainadagi vaziyat terror tashkilotlarining o‘z manfaatlarini olg‘a surishiga katta turtki bermoqda.

-Terrorchilik harakati Qirg‘izistonda juda kuchayib bormoqda, deb ayta olmayman. Biroq dunyodagi so‘nggi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, aytish mumkinki, faoliyati sustlashgan terror tashkilotlari uchun qayta jonlanish ikoniyati paydo bo‘lmoqda. Masalan, bugungi kunda dunyoning e’tibori, ayniqsa, qudratli davlatlarning diqqati Ukrainaga qaratilgan. Bunday holatda Suriyadagi sustlashib qolgan tashkilotlar ikkinchi yoki uchinchi darajali e’tibor doirasiga tushib qolgani ortidan oz bo‘lsa-da jonlanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda, -dedi xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert, tarix fanlari doktori Bolot Abdraxmanov.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert Artur Medetbekov Afg‘onistondagi terroristik tashkilotlar saflarida Qirg‘iziston fuqarolari ham oz emasligini ta’kidlagan holda, ularning ta’siri mamlakat ichkarisida sezilayotganini aytdi:

-Qirg‘izistonda ekstremistlar va terrorchlarga qarshi kurash sifat jihatidan ancha yaxshilandi, shunga qaramay, mamlakatda terrorchilik xavfi mavjud. Chunki so‘nggi yillarda ko‘plab yoshlarimiz Suriya va Iroqdagi jangarilarga qo‘shilib ketdi. Unga qadar, 1990-yillari “O‘zbekiston Islom harakati” deb atalgan harakatga qo‘shilib, Afg‘onistonga ketganlar ham bor.

Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2003-yildan 2017-yilga qadar rasman 21 ta diniy tashkilot faoliyati taqiqlangan. Sud instansiyalari ularni ekstremistik va terror tashkiloti deb topgan.

XS
SM
MD
LG