Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:33

Qirg‘izistonda saylovlar: yangi qonun, eskicha tizim


22 - iyun kuni Qirg‘iziston parlamentiga “Prezident va Jogorku Kenesh deputatlari saylovlari haqida”gi qonun loyihasi muhokama uchun topshirildi. Hujjat prezidentning joriy yil 23 - martdagi farmoni bilan tashkil qilingan ekspertlar ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. Qonun mualliflari qatorida davlat rahbarining o‘zi ham bor.

Ekspertlar ishchi guruhi tarkibiga prezident apparati xodimlari, vazirliklar vakillari, Jogorku Kenesh deputatlari va ekspertlar kirgan, rahbarlikka Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Nurjon Shayldabekova tayinlangan.

Guruh a’zolari prezidentga loyihaning ikki variantini — proporsional-prefensial va aralash saylov tizimlarini taklif qilishgan. Sadir Japarov ikkinchisini ma’qul topgan.

MSK raisi o‘rinbosari va ishchi guruh a’zosi Abdijapar Bekmatov qonun loyihasi ustida ish olib borish jarayoni haqida shunday deydi:

Abdijapar Bekmatov
Abdijapar Bekmatov

“Ishchi guruh bir necha variantni taklif qildi. Dunyoda amalda bo‘lgan barcha saylov tizimlarini ko‘rib chiqdik. Mentalitetimizni va bosib o‘tgan yo‘limizni e’tiborga olib, aralash tizimga to‘xtaldik. Ammo bu hammasi tugadi, degani emas. Hujjat Jogorku Keneshda muhokama qilinishi kerak. Deputatlar uning kamchiliklarini va xalqaro amaliyotni hisobga olib, to‘g‘ri qaror qabul qilishlaridan umidvorman.”

Qonun loyihasi Jogorku Keneshning 35 deputati bir mandatli okruglarda majoritar tizim asosida, qolgan 55 nafari esa partiyalar ro‘yxatlari bo‘yicha proporsional tizim asosida saylanishini nazarda tutadi.

Proporsional tizim bo‘yicha saylangan 55 deputat partiya qurultoylarida tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra o‘z mandatlarini oladi. Qisqasi, bu borada 2020 - yilgi parlament saylovi tizimi amalda qolmoqda.

Parlament deputati Abduvaxap Nurboyev hamda uning hamkasblari Oltinbek Sulaymonov va Janarbek Akayev — preferensial saylov tizimi tarafdori. Ularning qonun loyihasi Jogorku Keneshda birinchi eshituvdan o‘tdi.

Avvalroq, 30 - mart kuni Oltinbek Sulaymonov “Ozodlik”ning qirg‘iz xizmati bilan suhbat chog‘ida prezident Sadir Japarov bilan uchrashganini va davlat rahbari preferensial saylov tizimiga qarshi emasligini aytgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar guruhining taklifi qonun loyihasiga kiritilmagan.

Xalq deputati Abdivaxap Nurbayev saylovchi partiya ro‘yxatidagi aniq bir nomzodga ovoz berishi ham mumkinligi nazarda tutilgan bandni prezident nega qo‘llab-quvvatlamaganiga ajablanadi:

“Ekspertlar ishchi guruhi tarkibini prezident apparati tanlagan. Aynan qaysi mezonlar bo‘yicha tanlashganini bilmadim, harqalay itoatgo‘ylarni saralab olishgan. Ishchi guruh shakllantirilayotganidan kech xabar topdik. Aks holda, tarkibga kirishga urinib ko‘rgan bo‘lardim. Bungacha hukumat partiyalar ro‘yxatini nazorat qilardi. Shunday hollar bo‘lganki, prezidentlar “keraksiz” odamlarni ro‘yxatdan o‘chirganlar. Biz taklif qilgan tizim hukumatga xush kelmaydigan odamlarning Jogorku Kenesh deputatligiga saylanishiga imkon beradi. Ular ro‘yxatda 120-o‘rinda bo‘lishi, ammo saylov natijalariga ko‘ra birinchi o‘ringa chiqishlari mumkin.

Nurboyev “saylovda ishtirok etayotgan partiya 55 ta mandatning faqat 50 foizinigina olishi mumkin”, degan me’yorni joriy etishni taklif qilgan edi. Taklif rad etildi, endilikda esa hukumat yetovidagi partiyaning burungi monopoliyasi qayta bo‘y ko‘rsatishi va xalqning noroziligi kuchayishi xavfi tug‘ilmoqda.

35 ta bir mandatli okruglarga kelsak, ularning har birida 85 mingdan 115 ming nafargacha saylovchi bo‘ladi. Mazkur tizim deputat vakolatlari muddatidan avval tugatilgan har bir holatda yangi saylov o‘tkazishni nazarda tutadi.

MSK a’zosi Aqilbek Sariyev qonun loyihasidagi unga tushunarsiz bandlarga to‘xtaladi:

Aqilbek Sariyev
Aqilbek Sariyev

“Qog‘oz ko‘p narsaga chidashi mumkin. Amaliy qismni hisobga olmaymiz mayli. Ammo 35 deputatni majoritar, 55 nafarini esa partiyalar ro‘yxati bo‘yicha saylash tizimini tanlashda qaysi mantiqqa tayanishgan? Buni hech kim tushuntirib bermayapti. Natijada 100 ming nafar saylovchiga bitta mandat to‘g‘ri kelmoqda. U yog‘i nima bo‘ladi? Bu tumanlarni bo‘lib tashlaydi va nizo chiqishiga olib keladi. Qonun mantig‘iga ko‘ra biz bitta mandatni 100 ming saylovchiga bog‘lab qo‘ymoqdamiz. Mandat elektorat bilan ishlaydi. U (ya’ni, deputat) esa o‘z navbatida butun Qirg‘iziston uchun qonunlarni ishlab chiqishi lozim.”

Qirg‘iziston partiyalar ro‘yxatlari bo‘yicha saylash tizimiga 2007 - yilda o‘tgan edi. V chaqiriq Jogorku Keneshga saylov partiya ro‘yxatlari va proporsional tizim asosida o‘tkazilgan. Ekspertlar o‘shanda fuqarolar o‘z deputatlarini saylash huquqidan mahrum etilgani, ularni partiyalar rahbarlari tayinlay boshlaganini aytishgandi. 2020 - yili ayni tizim bo‘yicha o‘tkazilgan parlament saylovi pirovardida mamlakatda hokimiyat almashishiga sabab bo‘ldi.

Bir mandatli tizim bo‘yicha Jogorku Kenesh ikki marta – 1995 va 2005 - yillarda saylangan. Siyosatshunos Oybek Tenizboyev majoritar tizim yosh nomzodlarga to‘siq bo‘lishiga ishonchi komilligini aytadi:

Oybek Tenizboev
Oybek Tenizboev

“Qirg‘iziston majoritar tizimni o‘zida sinab ko‘rgan. Bu qanday oqibatlarga olib kelgani barchamizga ma’lum. O‘shandan beri ko‘p narsa o‘zgarmadi baribir. Har bir hududda biron mahalliy boyvachcha yoki ildizi baquvvat klan vakili albatta topiladi. Va ular pul va obro‘-e’tiborlarini ishga solib deputatlikka saylanib olishadi. Qolaversa, bir mandatli okrug yoshlarga deputat bo‘lish imkonini qoldirmaydi. Chunki o‘z hududlarida ular katta obro‘ va ta’sir kuchiga ega emas. Yoshlardan birontasi ko‘p ovoz olganda ham, agar tagini surishtirsangiz, u qandaydir boyvachchaning bolasi yoki qudratli urug‘ vakili bo‘lib chiqadi.”

Hujjat allaqachon tayyor bo‘lsa-da, uning qachon qabul qilinishi aniq emas. Prezident mazkur qonun tasdiqlanganidan so‘nggina yangi saylov kunini tayinlaydi. Qonunchilikka ko‘ra, parlamentga saylov kuni – u o‘tkazilishidan 3 oy oldin belgilanadi.

Saylov qonunchiligi o‘zgarishiga doir qonun loyihasi uch o‘qishda, Jogorku Kenesh deputatlarining kamida 80 nafari qo‘llab-quvvatlagan taqdirda qabul qilinishi kerak. Binobarin, bunga uch oyga yaqin vaqt ketadi. Jogorku Kenesh nizomiga ko‘ra esa deputatlar 30 - iyundan yozgi ta’tilga chiqadilar.

“Jogorku Kenesh reglamentlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, parlament a’zolari iyul oyida saylovchilar bilan uchrashadi. Ammo muhim qonunlarni muhokama qilish uchun navbatdan tashqari yig‘ilish chaqirish imkoniyati mavjud”, deya masalaga oydinlik kiritadi parlament deputati Aynuru Altibayeva.

Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh deputatlari 5 yilga saylanadi. Parlamentning hozirgi, VI chaqirig‘i vakolatlari 2020 - yil oxirida yakunlangan. Ammo hokimiyat almashishiga olib kelgan to‘polonlar hamda murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat tufayli deputatlar faoliyatini davom ettirmoqda.

XS
SM
MD
LG