Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:56

Qirg‘izistonda Suriya va Iroqdan qaytganlar jamiyatga moslashishga qiynalmoqda


Iroqdan olib kelingan qirg‘izistonlik bolalar yoshiga qarab maktab va bog‘chalarga qatnamoqda. Ammo ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qo‘shishda muayyan qiyinchiliklar mavjud.

2017 - yilda ikki yashar farzandi bilan Suriyadan kelgan 28 yoshli Gulmira Qirg‘izistonda turmushi qiyin kechayotganidan, maxsus xizmatlar bosim o‘tkazayotganidan noliydi.

“Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi (MXDQ) xodimlari istalgan paytda kelib, tintuv o‘tkazishadi. Bizga hech qanaqa psixologik yordam ko‘rsatilmadi. Kelganimizdan beri muttasil stress holatidaman. Meni “Hizb ut-Tahrir”ga a’zolikda gumon qilishyapti. Uyimizdan birorta noqonuniy narsa topishgani yo‘q, shunday bo‘lsa ham telefonim bilan kiyim-kechaklarni olib ketishdi”, deydi u.

Markaziy Osiyo tajribasi

Gulmira kabilarning ahvoli va ularni jamiyatga moslashtirish masalalari Bishkekdagi xalqaro konferensiyada muhokama qilindi.

Anjumanda qo‘shni mamlakatlar vakillari Yaqin Sharqdagi urushda qatnashgan fuqarolari va ularning oila a’zolarini reabilitatsiya qilishdagi tajribalarini o‘rtoqlashdi.

Xususan, O‘zbekiston besh marta “Mehr” amaliyotini o‘tkazib, Suriya va Iroqdan 400 dan ziyod ayol va 300 nafar bolani olib kelishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekistondagi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori Vasila Alimova birinchi kelganlar og‘ir tushkun ahvolda bo‘lishganini va jamiyatda kamsitilganini, ammo hozirda bunaqa muammolar yo‘qligini so‘zlab berdi.

“Hozirda kamsitish deyarli yo‘q. Jamiyat va ijtimoiy xizmatlar ularni birovning ta’siriga tushib qolgan jabrdiyda o‘laroq qabul qildi. U yoqlarda tug‘ilgan ayrim bolalar o‘qish va yozishni bilmaydi. O‘yinchoq o‘rnida qurol o‘ynagan ular. Ta’lim-tarbiya uchun sharoit bo‘lmagan. Hozir pedagog va psixologlarimiz o‘z qobiliyatlarini kashf etishda ularga yordam bermoqda. Bolalarning jamiyatda o‘zini qulay his eishi juda muhim”, dedi o‘zbekistonlik mutaxassis.

Qozog‘istonning “Huquq” jamoat fondi rahbari Olga Ril Yaqin Sharqdan keltirilgan bolalar uchoqlar pillapoyasidan tushgani hamon bolalar bog‘chalari va o‘qitish markazlariga qabul qilinganini aytdi.

“Ushbu muassasalardagi tayyorlov kurslari ularda o‘zlariga ishonch paydo qilib, jamiyatga moslashishni o‘rgatdi. Eng muhimi, ular o‘qishga chanqoq, ko‘pchiligi yoshiga mos sinf o‘quv dasturiga yetib olish uchun tirishib o‘qiyapti. Hatto kechmishlarini kitob qilib yozayotgan bolalar bor”, ta’kidlaydi Ril.

Qirg‘izistondagi vaziyat

Qirg‘iziston mart oyida “Meerim” missiyasi doirasida Iroqdagi qochqinlar jamlog‘idan 79 bolani mamlakatga olib kelgan edi. Mehnat va ijtimoiy ta’minot vaziri o‘rinbosari Janil Aliboyevaga ko‘ra, bolalar qarindoshlariga qaytarilgan va joriy o‘quv yilidan maktab va bog‘chalarga qatnay boshlagan.

“Qaytarilgan bolalarni jamiyatga moslashtirish va qo‘shish haqida gapirishga hali erta. Ammo bu yo‘nalishda ishlar davom etyapti. Hozircha faqat monitoring qilyapmiz”, degan vazir o‘rinbosari.

Jenevadagi Bulan instituti rahbari Cho‘lpon O‘rozbekova “shunchaki uchoq yuborib, ayollar va bolalarni qaytarib kelishning o‘zi etarli emas”ligini aytadi.

“Bu ishning boshlanishi xolos. Reabilitatsiya va reintegratsiya 5-6 yilni oladi. Davlat unga tayyor bo‘lishi kerak. Bu odamlar postkonflikt shikast olgan, ular bilan ishlash og‘ir. Radikal g‘oyalarga astoydil berilganlari bor oralarida. Qozog‘iston bilan O‘zbekistonda imom va mullalar ishtirokida samarali ish olib borilyapti. Agar Qirg‘iziston fuqarolarini qaytarishni xohlasa, psixologlar, teologlar, pedagoglar, ijtimoiy xizmat xodimlari va boshqa mutaxassislarni tayyorlashi lozim. Hanafiy mazhabining mohiyatini, islom tinchlik dini ekanligini ularga anglata oladigan bilimdon imomlar kerak”, deydi O‘rozbekova.

XS
SM
MD
LG