Qirg‘izistonlik yozuvchi O‘ljaboy Shokir mamlakatda transgenderlarga bag‘ishlangan birinchi badiiy asarni chop ettirdi. Uning qissasi bo‘lgan voqealarga asoslanadi – muallif muammolarni o‘z o‘g‘lining taqdiri orqali yoritgan.
Alik Shokirov – transgender. U qiz bola bo‘lib tug‘ilgan, ammo o‘zini hamisha erkak kabi his qilgan. Bularning barini idrok etish unga oson ko‘chmagan. O‘smirlik chog‘larida u chuqur tushkunlik holatini, o‘z joniga qasd qilish xayollarini, qarindoshlari bilan ziddiyatlarni boshidan kechirgan.
Oradan yillar o‘tib otasi O‘ljaboy Shokir ko‘nglidagi gaplarni ochiq so‘zlashga jazm qildi: u transgender o‘g‘li va shu tufayli oilasi boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklar haqida kitob yozdi.
“O‘g‘lim ayollar ismi yoki kiyim-kechagini haqorat deb biladi. Bolaligidan beri shunday. Ammo ota-onalarga xos xudbinlik bilan unga zug‘um qilganmiz, “Qiz bola mana bunday kiyinishi kerak”, deb majburlaganmiz. Stereotiplar bilan yashaganmiz-da. Qissada ana shu muammolarni odamlarga yetkazishga harakat qildim. Va LGBT vakillari ham barcha kabi odamlar ekanini, ular aslo tabiatning xatosi emasligini tushuntirishga urindim”, deydi O‘ljaboy Shokir.
“Odam+” asarini yozishi uchun O‘ljaboy Shokirga o‘g‘li Alikning do‘stlari bilan tanishuvi turtki bo‘lgan. Yozuvchining aytishicha, ularning aksariyatidan hatto eng yaqin qarindoshlari ham voz kechgan ekan. Shunda yozuvchining ko‘ngliga adabiyot vositasida odamlarni bag‘rikenglikka o‘rgatish fikri kelibdi.
“Azal-azaldan musavvirlar, faylasuflar, yozuvchilarni qamoqqa tiqishga harakat qiladilar. Chunki ular hamisha jamiyatning oldingi safida turgan. Agarda san’at va adabiyot jamiyatda rezonans chiqarmasa, u aslo san’at yoki adabiyot emas. Agar yozishdan qo‘rqsang, dovot-qalamni qo‘yib, boshqa kasbning etagidan tutganing ma’qul”, so‘zida davom etadi O‘ljaboy Shokir.
Alikka bag‘ishlangan kitobda otasi bir necha ismnigina o‘zgartirgan xolos. Qolgan hamma narsa – o‘g‘lining shaxmat musobaqasidagi ajoyib g‘alabasi, uning o‘z vujudidan nafratlangan kezlari haqidagi lavhalar – bari real voqealardir. Asar shu qadar haqqoniy chiqdiki, o‘ziga atab yozilgan qissani o‘qishga o‘g‘ilning yuragi betlamadi.
“O‘qisam, o‘sha kunlarga qaytishim mumkindek tuyulaverdi. Dahshatga tushdim. “Ota, o‘qiy olmayman, o‘qishni istamayman, dedim. U qistamadi”, deydi Alik Shokirov.
LGBTga bag‘ishlangan Qirg‘izistonda birinchi asar xalqaro donorlar ko‘magida rus, qozoq va o‘zbek tillariga o‘girilib, bir necha ming nusxada nashr qilindi.
“Mavzu, haqiqatan ham, juda yopiq. Bu haqda gapirishni yoqtirishmaydi. Gapirganlar peshonasiga yorliq yopishtirilishi xavfi har doim mavjud. Hatto LGBT-hamjamiyatni himoya qiluvchi huquqbonlarni ham ayab o‘tirishmaydi. Adib bu muammo har birimizga daxldorligini oddiy odamlarga aynan badiiy adabiyot orqali yetkazib berishga qaror qilib, menimcha, juda to‘g‘ri qilgan”, deydi “Smart Jaran” assotsiatsiyasining loyihalar koordinatori yordamchisi Sayqal Malik qizi.
O‘ljaboy Shokir “Odam+” asarini yozishga ikki yil sarfladi. Ammo kitobga nuqta qo‘yilgan emas. Yozuvchi uni trilogiyaga aylantirishga va har bir yangi qismda ushbu murakkab mavzuda ochiq so‘zlashni davom ettirishga va’da bermoqda.