Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:31

“Qo‘rquv yo‘q, ishonch bor”. Ukraina biznes ahlining Rossiya bilan urush xavfiga munosabati (VIDEO)


Yevropa biznes assotsiatsiyasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ukrain tadbirkorlarining uchdan bir qismi Rossiya mamlakatga bostirib kirishi ehtimolini hisobga olib “ehtiyot rejasi”ni tayyorlab qo‘ygan, yana 40 foiz tadbirkor shu reja ustida ishlamoqda. Sharqiy viloyatlardagi aksar tadbirkorlar esa biznesini vaqtincha “muzlatish”ga qaror qilgan.

Biznes ahli Rossiya bilan katta urush bo‘lishiga ishonadimi? Urush chiqqan taqdirda qanday harakat qiladi va, umuman, chegaradagi vaziyat Ukraina iqtisodiyotiga qanday ta’sir etmoqda.

Butun mamlakat “Rossiya hujum qilarmikan, yo‘qmi?” deb bosh qotirib o‘tirgan paytda lvovlik tadbirkor Mixail Gambashidza o‘z sport zalini ochishga qaror qildi. “Nastoyashcheye vremya” muxbiri bilan suhbatda u urushdan qo‘rqmasligini aytdi.

“Hadeb hissiyotga berilmay, sevgan kasbingiz yoki ishingiz bilan shug‘ullansangiz, qo‘rquv bo‘lmaydi. Menda qo‘rquv yo‘q, ishonch bor. Dolg‘ali zamonlarga chidash berishni o‘rganish kerak”, deydi u.

Urush boshlangudek bo‘lsa, nima qilasiz, degan savolga Mixail qisqa va lo‘nda javob beradi: “Ko‘ramiz. Avval boshlansin-chi”.

Xarkovda ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi Igor Balaka butkul boshqacha kayfiyatda. Ayrim ekspertlar taxmin qilishicha, Rossiya qo‘shinlari tajovuzi aynan Xarkovdan boshlanishi mumkin: prezident Zelenskiy ham yaqinda “Washington Post” gazetasiga bergan intervyusida xuddi shuni aytgandi. Rossiya armiyasi hali bostirib kirmagan bo‘lsa-da, Igor allaqachon o‘nlab savdo kelishuvlaridan mahrum bo‘lib ulgurdi.

“Kattagina sarmoya yotqizishni rejalagan investorlar ham ketishyapti. Mana, tunov kuni 40 million dollarlik developerlik loyihasi bo‘yicha ishlarni to‘xtatdik, loyiha keyinga qoldirildi”, deydi tadbirkor.

Kiyevda o‘tkazilgan so‘rov yakunlariga ko‘ra, biznesmenlarning 45 foizi mojaro chiqqan taqdirda ham ishlashga tayyorligini, 15 foizi urush boshlangach G‘arbiy Ukrainaga ko‘chib ketmoqchi ekanini bildirgan. Qariyb 10 foiz tadbirkor mamlakatni tark etishga hozirlanmoqda, ammo ular bu yerdagi korxonalari va obyeektlarini o‘zlarida saqlab qolishni xohlashadi. So‘rovda qatnashgan tadbirkorlardan atigi 7 foizi o‘z biznesini tugatishini aytgan.

Ukrainadagi minglab shirkatlar a’zo bo‘lgan Yevropa biznes assotsiatsiyasi rahbari Anna Derevyanko so‘rov natijalariga izoh berarkan, “hammasi joyida, yirik biznes bo‘layotgan voqealarga munosabat bildiryapti”, deydi.

So‘rovga ko‘ra, ukrain shirkatlarining qariyb uchdan ikki qismi (58 foizi) Ukraina va Rossiya chegaralaridagi mavjud inqirozga qaramay ish o‘rinlarini saqlab qolishni rejalamoqda. Yana 14 foizi zo‘r berib yangi xodimlarni qabul qilmoqda, taxminan shuncha shirkat esa personalning bir qismini bo‘shatishga to‘g‘ri kelishini tan olgan.

“Biroq ko‘plab shirkatlar yangi investitsiya va loyihalarni, to vaziyat qanday rivojlanishi aniq bo‘lgunicha to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi”, deydi Derevyanko.

Investitsiya banklarining rahbarlari katta biznes o‘zining Ukrainadagi istiqbolini yaqin-yaqingacha anglay olmaganini ta’kidlashmoqda. Xuddi shu sababga ko‘ra milliy valyuta kursi tushib ketgan.

“Grivna kursi iqtisodiy pasayish sabablari bo‘lgani uchun emas, balki investorlarda qattiq xavotir bo‘lgani uchun 29 ga quladi. Xavotirlar o‘tib ketgach, muayyan verbal deeskalatsiya yuz berdi va kurs orqaga – muayyan iqtisodiy shartli darajaga qaytdi”, deya tushuntiradi moliyaviy tahlilchi Sergey Fursa.

So‘ralgan barcha ekspertlar bir fikrda yakdil: Ukraina bozori hozirda psixologik tanlanish davrini boshidan kechirmoqda, ya’ni kimning asablari mustahkam bo‘lsa, o‘sha qoladi.

O‘tgan kuni Ukraina moliya vaziri inqirozdan o‘tib olishda mamakat iqtisodiyotiga Xalqaro valyuta fondi yordam berishiga ishontirdi: Ukraina undan ikki transh bilan jami 2.2 mlrd dollar olishga umid qilmoqda. Shuningdek, AQSh ham kafolat sifatida mablag‘ ajratmoqchi.

Moliya vaziri qo‘shimcha qilishicha, vahima qilayotganlarning aksariyati – Ukraina bozoriga qisqa muddatga sarmoya tikkan tadbirkorlardir, uzoq vaqt qolish niyati bilan mamlakat bozoriga kirganlar esa vahimaga berilayotgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG