Линклар

Шошилинч хабар
05 феврал 2025, Тошкент вақти: 12:43

Qo‘shmachilikda gumonlangan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga yo‘llandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan 35 yoshli O‘g‘ilxon Soliyeva kuni kecha Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Bu haqda ma’lum qilgan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ayol boshqa bir o‘zbekistonlikning hujjatlarini qonunga xilof ravishda olib qo‘yib, “shahvoniy maqsadlarda sotib yuborgan”ini bildirgan.

Qo‘shmachilikda gumonlanayotgan Soliyeva O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirligi hamkorligida amalga oshirilgan amaliyot chog‘ida qo‘lga olingani aytilmoqda.

Diplomatik idora ushbu shaxs xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yoxud IIOning quyi hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishni so‘ragan.

Qo‘shmachilik ayblovi bilan Turkiyada qo‘lga olingan shaxslar O‘zbekistonga ilk bora deportatsiya qilinayotgani yo‘q. Deylik, 2024-yilning may oyida odam savdosida ayblanib, qidiruvga berilgan va jinoyat olamida “Monya” laqabi bilan tanilgan Munisaxon Alijonova qo‘lga olingani haqida xabar qilingan. Shuningdek, o‘tgan yilning yanvar oyi oxirida qo‘shmachilikda gumonlangan uch nafar o‘zbekistonlik ayol Toshkentga deportatsiya qilingani ma’lum.

XS
SM
MD
LG