Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:49

Qo‘shni davlatlardan qaytgan talabalar hanuz o‘qishga qabul qilinmagan


Samarqand Davlat universiteti.
Samarqand Davlat universiteti.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining shu yil fevral oyidagi buyrug‘i asosida o‘qishlarini qo‘shni davlatlardan ko‘chirish uchun vataniga qaytib kelgan minglab talaba oradan to‘qqiz oy o‘tib ham o‘qishga qabul qilinmagan.

2 - dekabr kuni Ozodlik gaplashgan Jizzax, Xorazm, Samarqand viloyatlaridagi o‘ndan ortiq talaba o‘quv yilining deyarli yarmi tugay deb qolgan bir paytda talabalikka qabul qilinganliklari haqida buyruq chiqmaganini aytishdi.

Oliy o‘quv yurtlari buyruq chiqmagani sababini zarur hujjatlarning asl nusxasi taqdim qilinmagani bilan izohladi.

O‘zbekistondagi ba’zi oliygohlar koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab vaziyatga qaramay o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalardan qo‘shni davlatlardagi o‘zlari tahsil olgan o‘quv yurtlaridan transkript asl nusxalarini olib kelishni talab etmoqda.

Talabalar esa O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardagi koronavirus pandemiyasi sharoitida hujjatlarni oldirish qiyin va tahlikali ekanini aytishadi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxus ta’lim vazirligidan esa pandemiya paytida talabalarni qiynab turgan bu muammo nega hal qilinmayotganiga oid savollarga javob olib bo‘lmayapti.

Holbuki, O‘zbekiston hukumati qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan talabalarga o‘qishni ko‘chirishda hech qanday qo‘shimcha talablar va byurokratik muammolar bo‘lmasligini va’da qilgan edi.

15 - dekabrgacha muhlat

Jizzaxlik Bahodir (ismi talabaning iltimosiga ko‘ra o‘zgaririldi -tahr.) Qozog‘istonning Chimkent shahrida joylashgan Muxtor Avezov nomidagi universitetga o‘tgan yili o‘qishga kirgan.

U minglab o‘zbekistonlik talaba qatori O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida 2019-2020 - o‘quv yilining yarmida Chimkentdagi o‘qishini tashlab, fevral oyida Jizzax Politexnika institutiga hujjat topshirgan edi.

- Mana o‘qishni yarim yili tugay, deb qoldi, haligacha talabalikka qabul qilinganim yo‘q. Hamma yoq koronavirus bo‘lib turgan bir paytda bular chegarani naryog‘idan 15 - dekabrgacha o‘qigan joyimdan spravka yozdirib kelishimni aytishyapti. Olib kelmasangizlar arizalaring ko‘rib chiqilmaydi, deyapti. Bundan tashqari, o‘qishga qabul qilingan buyruqning notarius tasdiqlagan kopiyasi hamda traskriptning asl nusxasini ham so‘rashyapti. "Buni imkoni yo‘qku desak", rektor yordamchisi, "bor, lekin 500 dollar", deydi. Boshida hech kanday muammo bo‘lmaydi, deb va’da berishgandi, - deydi Bahodir.

Hozirda birgina Jizzax politexnika institutiga qo‘shni davlatlardan qaytib kelgan 200dan ziyod talaba qabul komissiyasiga topshirgan arizalariga javob kutmoqda.

Ular o‘qigan joyidan transkript, ya’ni birinchi o‘quv yilida topshirgan imtihonlari haqida muhrlangan qog‘oz hamda talabalar safidan chiqarilgani haqidagi buyruqdan nusxani O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga taqdim etishlari kerak.

1 - dekabr kuni ular institut rektoratidan Telegram kanali orqali ogohlantirish xati olishgan.

Oliygohlar chet davlat OTMlarida o‘qiganini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli emasligini aytib, talabalarni o‘qishga qabul qilmagan.
Oliygohlar chet davlat OTMlarida o‘qiganini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli emasligini aytib, talabalarni o‘qishga qabul qilmagan.

Xatda 15 - dekabrga lozim hujjatlarni taqdim etmagan talabalarning arizasi ko‘rib chiqilmasligi haqida aytiladi.

Jizzax Politexnika instituti sirtqi ta’lim rektori Jo‘rabek Ahmedov talabalarga shunday talab qo‘yilganini Ozodlikka tasdiqladi.

- Vazirlar Mahkamasining ko‘rsatmasi bor. O‘qiganini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirmagunlaricha​ bu yerda ularni talabalikka qabul qilingani haqida prikaz chiqarib bo‘lmaydi, - deydi Ahmedov.

Jizzaxlik Bahodir esa, institut qo‘ygan muhlat ichida hujjatlarni oldirish imkonsizligini aytadi:

- Kim hozirgi koronavirus pandemiyasi vaqtida hayotini, sog‘ligini, qolaversa boshqalar sog‘ligini hatarga qo‘yib, chegarani naryog‘iga o‘tib bu hujjatlarni olib kela oladi. Yo‘llar yopiq, karantin bo‘lib yotibda hamma joy. Rektorga aytsak tushungisi ham kelmaydi, - deydi Bahodir.

O‘zbekistonning boshqa ba’zi viloyatlaridagi oliygohlarda ham shu ahvol. Xorazmdagi Urganch Davlat universitetiga qo‘shni davlatlardan qaytib kelib, hujjat topshirgan talabalar ham hanuz o‘qishga qabul qilinmagan.

"Oliy ta’lim vazirligi yordam bersin endi bizga!"

Xorazmlik Feruza ham Janubiy Qozog‘istondagi Muxtor Avezov nomidagi xalqaro universitetdagi o‘qishini tashlab vataniga qaytib kelishga majbur bo‘lgani, lekin hanuz o‘qishga qabul qilinmaganini aytadi:

- Hukumatimiz boshida shu ishni boshladimi, bu yog‘iga ham turib bersin. Talabalarni ovvora qilib o‘tirgandan ko‘ra, Oliy ta’lim vazirligi o‘z kanallari orqali hujjatlarimizni oldirib, talabalikka qabul qilinishimizga yordam bersin endi bizga. Ular o‘qishga qabul qilinishimiz haqida, muammo bo‘lmasligi haqida va’da berishgan ediku, - deydi Feruza.

Hukumatning maxsus qarori bilan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan minglab talaba nega hanuz rasman qabul qilinmadi? Nega koronavirus pandemiyasi davrida talabalar sarson qilinmoqda? Vazirlik talabalarga qo‘shni davlatlar oliygohlaridan hujjatlarini oldirishda o‘z kanallari orqali ko‘mak berishi mumkinmi?

Ozodlik bu va boshqa savollarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan javob olishga urindi.

Lekin vazirlik rasmiy saytida keltirilgan matbuot xizmati telefonlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga kun davomida hech kim javob bermadi.

"Umuman o‘qimaganlarini ham aniqladik"

Urganch Davlat universitetining ismi ochiqlanmasligini istagan mas’ul xodimlaridan biri qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlar ishi nega cho‘zilayotganini Ozodlikka bunday izohladi:

- Bizga mingga yaqin talaba qo‘shni davlatlarda o‘qib keldik, deb hujjat topshirgan. Orasida har xili bor. Umuman o‘qimaganlarini ham aniqladik. Agar haqiqatan ham o‘qigan bo‘lsa, o‘qishga olinadi. Shuning uchun talabalar biz so‘rayotgan hujjatlarni olib kelishlari kerak. Agar chindan ham o‘qigan bo‘lsa, hujjatlarni oldirish qiyin emas. Lekin, yana bir narsani aytsam, masofaviy tarzda onlayn o‘qiganlar qabul qilinmaydi. Shuning uchun qanday shaklda o‘qitilgan, deb ham spravka so‘rayapmiz. Ayrimlar Qozog‘iston yoki boshqa joydagi qarindoshlarini o‘rtaga solib, shu hujjatlarni oldirishyapti. Pochta ishlayapti, olib kelishsin, marhamat, - deydi Urganch Davlat universitetining mas’ul xodimi.

Qo‘shni davlatlardan qaytib kelgan mingga yaqin talabadan shu kungacha qanchasi o‘qishga qabul qilindi, degan Ozodlik savolini UrDU xodimi javobsiz qoldirdi.

Qozog‘istondagi oliygohlar esa, original hujjatlarni talabalarga berish uchun ularning o‘zlari yoki ishonchli vakili kelishidan tashqari, o‘tgan yilgi o‘quv yilining ikkinchi yarmi uchun kontrakt pulini to‘liq to‘lashni talab qilmoqda.

Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti xodimining Ozodlikka aytishicha, ko‘pchilik o‘zbekistonlik talabalar fevral oyida o‘qish pulini yarmini to‘lamasdan ketishgan va shu sabab rasman talabalar safidan chiqarilgan.

- Hujjatlar berishda muammo yo‘q. Buning uchun talabani o‘zi kelishi kerak. Kelolmasa, notarius orqali hujjat qilib ishonchli vakilini yuborsa bo‘ldi. Lekin, agar o‘qish pulini to‘liq to‘lamagan bo‘lsa hujjatlar berilmaydi. Ko‘pchiligi pulni to‘lamay, universitetni ogohlantirmay ketvorgan, - deydi universitet xodimi.

Lekin Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan talabalar o‘qish pulini to‘liq to‘laganliklarini aytishadi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan samarqandik talaba esa Qozog‘istondagi oliygohga ham O‘zbekistonga qaytib kelganidan so‘ng Samarqand Davlat universitetida onlayn o‘qish uchun ham pul to‘laganini ta’kidlaydi.

-O‘tgan o‘quv yilining ikkinchi semestri uchun Qozog‘istonga ham to‘laganmiz, bu yerga qaytganimizdan keyin, onlayn o‘qish uchun UrDUga ham to‘laganmiz. Bir semestrga ikki marta pul to‘ladim, lekin haligacha rasman talabalikka qabul qilinmadim, - deydi samarqandlik talaba.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirining fevralda chiqargan buyrug‘i asosida, qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik minglab talaba o‘qishlarini tashlab yurtiga qaytib keldi.

Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning oliy o‘quv yurtlarida,O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus vazirligiga ko‘ra, fevral oyiga qadar 35 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan.

XS
SM
MD
LG