Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:21

Qo‘yliq bozori “rekonstruksiya”ga yopildi. Maqsad savdogarlarni Food City'ga ko‘chirishmi?


Toshkentning Qo‘yliq bozori 5-yanvardan yopilgan.
Toshkentning Qo‘yliq bozori 5-yanvardan yopilgan.

Toshkent shahar hokimiyati o‘tgan hafta shahardagi eng yirik qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori hisoblangan Qo‘yliq bozori rekonstruksiya uchun yopilishini e’lon qildi.

Hokimlik rasmiy bildiruvida bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may qolgani ortidan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo o‘rinlari paydo bo‘lgani aytiladi.

“Bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarning tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda”.

Lekin, rekonstruksiyadan keyin bozor qayta ochiladimi?

Rekonstruksiya qachon tugaydi, pudratchisi kim?

Tadbirkorlarning do‘konlari, ijara huquqlari saqlanib qoladimi?

Bu savollarga javob yo‘q.

Bozor ma’muriyati va Toshkent hokimligi rasmiylari rekonstruksiya davrida savdogarlar Qo‘yliqdan 6,5 km narida O‘rtachirchiq tumanida qurilgan Food City va 30 kilometr uzovlikdagi Yangihayot tumanida qurilgan Tashkent Index savdo markazlariga ko‘chib turishlari mumkinligini aytishgan.

Ular savdogarlarning mulklarini boshqa bozorlarga tekinga ko‘chirib berishni va’da qilishgan.

Bundan tashqari, Food City"ga ko‘chgan savdogarlar ijara to‘lovlaridan 3 oyga ozod qilinishi ham bildirilgan.

2017-yilda Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida tashkil etilgan Food City savdo markazi.
2017-yilda Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida tashkil etilgan Food City savdo markazi.

Savdogarlar Food City'ga ko‘chishga shoshmayotir

Yillar davomida Qo‘yliq bozorida savdo qilib, tirikchilik o‘tkazib kelgan savdogarlar bozorning chekkaroq hududga ko‘chirilgani va u yerda qurilgan yangi do‘konlar narxi qimmatligidan norozi ekanliklarini aytishadi.

“Food city'da 20 kvadrat metr joy 3 yarim million so‘m oyiga. Bundan tashqari 100 mln so‘m garov puli ham qo‘yish kerak. Hozir uch oy bepul deb turib hammani “ilintirib”, rekonstruksiya bahonasida hammani shu yerga ko‘chirmoqchi. Hozir tekin bo‘lgani bilan uch oydan keyin shu pulni to‘lash kerak bo‘ladi-da. Pulini to‘ladik ham deylik, lekin kim boradi O‘rta Chirchiqqa? Savdo bo‘lmasa, tushum bo‘lmasa ijarani qanday to‘lash mumkin? Oyiga 3 yarim million so‘m oz pul emas”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan savdogar.

Toshkent hokimligi rasmiylari esa “Qo‘yliq”dan Food City savdo markazigacha yo‘lkira xaqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilishi, shaharning barcha yo‘nalishlariga bog‘lanadigan jamoat transporti tashkillashtarishni va’da bergan.

Ularga ko‘ra, 60 gektarlik maydonda qurilgan Food city'da muzlatkichli va quruq omborxonalar, mehmonxona, avtovokzal, ochiq pavilyonlar ham bor. Bu esa savdogarlarga ulgurji narxlarda katta va kichik xaridlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Lekin savdogarlar Food City'ga ko‘chishga shoshmayotir.

"Odamlar “Qo‘yliq” bozoriga o‘rganib qolishgan edi. Boshqa joyda oltin g‘ishtdan do‘kon qursangiz ham xaridor bormaydi. Otning kallasiday arenda puli qo‘yib qo‘yganidan keyin narx-navo ham shunga yarasha baland bo‘ladi. Bormaydi hech kim u yerga. Savdogarlar ko‘chishni istamaganidan keyin mana shu rekonstruksiya degan gapni o‘ylab topishdi”, - deydi savdogarlardan biri.

Qo‘yliq bozori so‘nggi o‘n yilliklar davomida ulgurji xaridorlar va iste’molchilar uchun mahsulotlar narxini belgilashda muhim oriyentir bo‘lib kelgan.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov Qo‘yliq bozori ixtiyoriy majburiy "rekonstruksiya"ga olingach, ulgurji xaridorlar va iste’molchilar uchun juda muhim oriyentir yo‘q bo‘lib qolishidan xavotir bildiradi:

“Hududlarlardan go‘sht, meva-sabzavot keltiruvchi va Toshkentda ulgurji xarid qiluvchi tadbirkorlarda doimiy uchrashuv va bitim joyi buzildi, kommunikatsiyalarga putur yetdi. Iste’molchilar yangitdan nisbiy afzal bozorlarni qidirishni boshladi.

Masalan, pabliklarda o‘sha maqtalgan Food city'dagi narxlar TTZ bozordagi narxlar bilan bir xil ekani, shu kunlarda eng arzon bozor Farhod bozori bo‘lib qolganini yozishmoqda.

Demak, biznesgayam, iste’molchilargayam narx ishoralari kerak. Nima uchun, Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘sha Food City'dagi narxlarning minimal va maksimal ko‘rsatkichlarini e’lon qilib borishni tashkil etishi mumkin emas? Yo narxlar Qo‘yliqdagidan ancha muncha qimmat bo‘lib ketgani uchunmi? Unda iste’molchilar o‘zi uchun qaytadan kashf etayotgan yangi oriyentir Farhod bozoridagi narxlar e’lon qilib borilsin. Qiyin emasku”, deb yozdi Otabek Bakirov Telegram-kanalida.

Food City'ga 2017-yilda Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida tashkil etilgan Food City Tashkent egalik qilishi aytiladi. Shirkatning asosiy faoliyat turi — noturar joylar boshqaruvi va ijara.

Parpiyevlarga aloqador Food City

Food City Tashkent ta’sischilari “Procab” va “Trastbank” shirkatlaridir. Ochiq manbalardagi hujjatlarga ko‘ra, ularning ta’sischilaridan biri Davlat soliq qo‘mitasi sobiq raisi, ayni paytda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyevning o‘g‘li Dilmurodjon Batirovich Parpiyevdir.

Food City Tashkent ta’sischilari Dilmurodjon Parpiyev egalik qiluvchi “Procab” va “Trastbank” shirkatlaridir.
Food City Tashkent ta’sischilari Dilmurodjon Parpiyev egalik qiluvchi “Procab” va “Trastbank” shirkatlaridir.

“Qo‘yliq” bozori buzilishi yoki ko‘chishi haqida haqida rasmiy va norasmiy xabarlar 2021-yilning dekabr oyidan beri aylanadi.

O‘shanda Toshkent shahar hokimligi «Qo‘yliq» dehqon bozori yo‘l kengaytirilishi sabab boshqa joyga ko‘chirilishini ma’lum qilgandi.

Bozorda savdo qiluvchi tadbirkorlar bu qarorga norozilik bildirgan.

Qo‘yliqdan tashqari Toshkentdagi boshqa bozorlar ham “ta’mir”ga yopilmoqda.

Sergelidagi Mashina bozori ham ta’mirlanib, boshqa hududga ko‘chirilishi haqida savdogarlar ogohlantirilgan.

Ammo Toshkent shahar hokimligi bu haqda rasmiy ma’lumot bergani yo‘q..

Tarmoqlarda Sergeli Avtomobil bozorini rekonstruksiya qilish boshlangani, bozor parallel ravishda o‘z faoliyatini ham olib borayotgani aytiladi.

Shaharda qancha eski bozorlar borligi, ularning nechtasi qayta ta’mirlanishi haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmadi.

Hukumat 515 ta bozorni "tartib"ga solmoqchi

Ayni paytda O‘zbekistonda hukumat mamlakatda 515 ta bozorni «tartibga keltirish» rejalarini e’lon qildi.

9-yanvar kuni prezident Mirziyoyev tarixiy shaharlardagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanga aylantirish bo‘yicha dastlabki loyihalar bilan tanishtirilgan.

Avvalroq, prezident 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bozorlarni O‘zbekistonning «tashrif qog‘ozi»ga aylantirish zarurligini aytgandi.

Taqdimotda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berilgani aytildi.

Жаҳонгир Ортиқхўжаев “Қўйлиқ” бозорини кўчирмоқда. Бозорчилар норози
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:30 0:00

Bozorlarni “Food city” yoki “Tashkent Index”ga ko‘chirish harakatlari birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. 2021-yil dekabrida Qo‘yliq dehqon bozoridagi savdogarlar bozorni ko‘chirish harakatlariga norozilik sifatida yo‘l to‘sishgandi.

XS
SM
MD
LG