Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 00:04

"Qon va tijorat". "Vagner"ning Markaziy Afrikadagi vahshiyliklari


Markaziy Afrika Respublikasi.
Markaziy Afrika Respublikasi.

Markaziy Afrika Respublikasi, 2023-yil 17-yanvar. 35 yoshli Privat Damabakizi xotini Nelli bilan birga fermasida ishlayotganida ukasi Elvin qo‘ng‘iroq qilib, uylariga harbiy kiyimli qurollangan odamlar kelganini xabar qiladi. Bamabakizilar uyi fermadan 7 kilometr masofada joylashgan Buare shahrida edi.

Elvin “Ozodlik” bilan intervyuda ularni “balaklava kiygan oq tanli erkaklar” deb esladi. Mamlakatning asosiy tili bo‘lmish fransuzchani buzib gapirishgan. Ular ruslar edi, Privat Damabakizini izlab kelishgandi. “Men alag‘da bo‘ldim, akamga qo‘ng‘iroq qilib, nima ish qilgansanki ruslar seni qidirib yuribdi deb so‘radim. Ular juda yomon odamlar”, deydi Elvin.

Privat Elvinga xavotir olmaslikni va hoziroq uyga borishini aytadi. Elvin esa unga politsiyaga murojaat qilishni maslahat beradi.

Bir qancha vaqt o‘tib Privat uyga keladi, harbiy ust-boshli odamlar uni darhol ushlab, avtomat qo‘ndog‘i bilan ura-ura o‘zlari kelgan yuk mashinasiga irg‘itadilar. Elvinning so‘zlariga ko‘ra, ertasiga mahalliy idoralarga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilaverishgach, prokuror Privatning “gunohi”ni aytishadi: u rossiyalik yollanma askarlarning harbiy bazasidan o‘g‘irlangan qandaydir buyum (muhtamalan, radiopriyomnik)ni sotib olgan ekan.

Elvin bilan Nelli shu-shu Privatni ko‘rishmadi. Uni o‘ldirishgan, qiynab o‘ldirishgan, deb o‘ylashadi. Ammo jasadi qayerdaligini bilishmaydi.

Xavfli xavfsizlik xizmati

Tabiiy resurslarga boy, etnik mojarolar, qashshoqlik va yalpi korrupsiyadan abgor ahvolga kelgan Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) allaqachon noqis davlat ramziga aylangan. U, shuningdek, xatarli siyosiy tajriba uchun laboratoriya ham bo‘ldi: butun bir davlat xususiy shirkat tomonidan bosib olindi.

Bu shirkat – 10 yil muqaddam Yevgeniy Prigojin tuzgan, Rossiyaning eng qudratli jangovar kuchlaridan biriga aylangan, Suriyada, Liviyada va ayniqsa Ukrainada harbiy amaliyotlar avangardi bo‘lgan “Vagner” xususiy harbiy shirkatidir. Prigojin XHSHga parallel tarzda biznes tuzilmalar ham tashkil qildiki, ular vaqti kelib Rossiya maktablariga tushlik ovqatlar yetkazib berishdan tortib Afrikada noyob yog‘ochlar savdosigacha – turfa faoliyat sohalariga bosh suqdi.

“Vagner” XHSH Prigojin 2023-yilning avgustida aviahalokatda o‘lganidan beri rasman tugatilgan deyiladi. Shirkatning qurolli tuzilmalari bo‘lib tashlanib, Rossiya Mudofaa vazirligi va boshqa tashkilotlar tarkibiga qo‘shilgan. Biroq Prigojinning serdaromad biznesi deyarli saqlanib qoldi, ayniqsa MARda shirkat olmos va oltin qazib olish, yog‘och tayyorlash, qurol tijorati va boshqa manbalardan yuz millionlab dollar foyda ko‘radi.

2018-yildan boshlab “Vagner” XHSH mamlakat prezidenti Fosten-Arshanja Tuaderning shaxsiy xavfsizlik xizmati vazifasini bajarmoqda, ayni chog‘da uning hukumatini dastaklab keladi.

Bu orada “Vagner” XHSHning MARdagi voris bo‘linmalari hech qanday qonunga rioya qilmaydigan va jinoyati uchun jazolanishdan hayiqmaydigan harbiy politsiyaga aylandi. “Vagnerchilar” prezident Tuader va a’yonlarining kriminal rejimini qo‘llab-quvvatlash orqali davlatni bosib olish rejasini amalga oshirdi, mamlakatning tabiiy boyliklariga sherik bo‘lib o‘z harbiy qudratini oshirdi, aholisini terror yo‘li bilan talash va bo‘ysundirish bilan shug‘ullandi”, deyiladi AQSHdagi The Sentry nohukumat tadqiqot tashkilotining 2023-yilgi hisobotida. Rus yollanma askarlaridan jabr ko‘rganlar bu bo‘linma tinch aholini dahshat solishini tasdiqlashlari mumkin.

MAR poytaxti Banga shahridan ikki soatlik yo‘lda joylashgan qishloqda yashovchi Adam “rus tilida gaplashuvchi niqobli oq yigitlar” uning do‘konini talon-toroj qilishganini so‘zlab berdi. “Poytaxtdan sal uzoqroqda juda ko‘p odam jabr ko‘ryapti, aftidan, kattalar buni bilmasa kerak. Ular menga qilgan yomonligini turli joylarda ko‘plab odamlarga ham qilishgan”, deydi suhbatdoshimiz.

Украина урушида Россия томонида жанг қилган ўзбекистонлик собиқ маҳбус билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:32 0:00

Tiyiqsiz berahmlik

2018-yili, “Vagner” XHSH mamlakatga qadam bosganida uning rasmiy maqsadi “Tuader hukumati xavfsizlik kuchlarini o‘qitish va tayyorlash” edi. “Vagnerchilar” Sewa Security Services nomli shirkatni tashkil qilishdi, sobiq yollanma askarlardan iborat yirikroq kuchlar keyinchalik “Afrika korpusi” nomi bilan Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibiga kirdi.

Ayrim baholarga ko‘ra, faoliyati “eng gullagan” davrda MARda “Vagner” XHSHning 2300 nafargacha jangchisi bo‘lgan. O‘tgan yili sentyabrda prezident Tuader shirkatning shturmchi guruhi sobiq komandirini o‘ziga xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi qilib oldi.

Ayrimlar diniy va etnik nizolar ortidan boshlangan ko‘pyillik mojaro va MAR boyliklari uchun kurash jilovlanganini Rossiya harbiylarining xizmati deb biladi. Biroq so‘nggi yillarda faollar, jurnalistlar va ekspertlar “Vagner” XHSH askarlari qo‘l urgan qotilliklar, qiynoqlar, jinsiy tajovuzlar va talonchiliklarga oid bir dunyo dalil to‘pladilar.

Dunyodagi zo‘ravonlik hodisalarini qayd etib boruvchi Armed Conflict Location & Event Data notijorat tashkiloti (AQSH) ma’lumotiga ko‘ra, rus yollanma jangchilari 2018–2024-yillarda 100 dan ortiq to‘qnashuvda ishtirok etib, tinch aholiga nisbatan 360 dan ziyod zo‘ravonlik aktini sodir etgan. Bu voqealarda kamida 786 kishi nobud bo‘lgan.

2021-yilda isyonchi guruhlar koalitsiyasi prezident Tuaderni ag‘darib tashlamoqchi bo‘ladi. “Vagnerchilar” o‘shanda hukumat kuchlariga katta yordam bergan edi. Shundan so‘ng Rossiyaning MARdagi elchisi Vladimir Titorenko “barcha isyonchilar va banditlar bitta qolmay qirib tashlangunicha rus askarlari mamlakatda qolishi”ni aytgan.

Human Rights Watch 2022-yilgi hisobotida 2019–2021-yillarda “oq tanli, ruscha gapiradigan odamlar”ning jinoyatlaridan jabrlangan 30 dan ortiq kishining hikoyalarini keltirgan edi.

Shirkatning MAR va boshqa mamlakatlardagi faoliyatini o‘rgangan BMT ishchi guruhi bir qancha guvoh rus zobitlari ayollar, erkaklar va qizlarni jinsiy zo‘rlagani haqida ifoda berganini ma’lum qilgan. “Ko‘plab jabrdiydalar ulardan qo‘rqqani uchun hukumat idoralariga shikoyat qilishmaydi”, deya urg‘ulagandi guruh.

BMT monitoring guruhiga ko‘ra, “vagnerchilar” keng qo‘llaydigan qiynoq usullaridan biri bu odamning tanosil a’zolariga sim ulab, elektr toki bilan qiynashdir.

“Rossiya kuchlari xavfsizlikni yaxshilashdagi xizmatlarini inson haqlarini poymol etish bilan chippakka chiqarmoqda”, degan edi BMT mulozimi Yao Agbetse 2022-yilning avgustida e’lon qilingan hisobotida. Yuzlab guvohlarning ifodalari rus harbiylarining “tiyiqsiz rahmsizligi”dan dalolat berayotir.

“Sizlar bilan gaplashyapmanu bu gaplar ularga yetib borishini o‘ylab vahimaga tushyapman, – deydi o‘tgan yilning noyabrida “Ozodlik”ka intervyu bergan Elvin Damabakizi. – Erta yoki indin boshimga nimalar kelishini bilmayman”.

2024-yil 9-avgust tonggida Adam yashaydigan Mbayki qishlog‘iga ikkita pikap va bir nechta mototsiklda hukumat harbiylari kelib, erkaklarning hujjatlarini tekshirishga kirishadi, Adamni va yana bir necha kishini qurol saqlashda gumon qilib uradilar. Ular bilan izma-iz yetib kelgan “badaniga suratlar chizib olgan, rus tilida so‘zlashuvchi oq yigitlar” esa talonchilikni boshlab yuboradilar. Adamning do‘konidagi barcha mollarni olib chiqib, mashinaga ortadilar. “Poyafzal, chodirlar, elektr plitalar, guruch, yog‘ va boshqa yeguliklar bor edi. Ship-shiydam qilib hammasini tortib olishdi”, deydi Adam.

So‘ngra kolonna qo‘shni qishloqqa yo‘l oladi va u yerda ham talon va zo‘ravonlikni davom ettiradi. Adamga ko‘ra, o‘sha qishloqlik amakivachchasi qochishga uringanida tutib olib, yarador holida mashinaga ortishadi. Ammo keyin qishloqdan chiqishda bo‘g‘ziga pichoq tortib, daraxtga osib ketadilar. “Katta yo‘l yaqinida uni o‘ldirib, jasadini daraxtga osib qo‘yishgan ekan”, deydi suhbatdoshimiz.

Пригожиннинг учоғи ҳалокатга учради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:57 0:00

“Dodimni kimga aytay?”

Bangi shahridan shimolda joylashgan Sibute qishlog‘i turg‘uni bo‘lmish Igor Ngaisse ismli suhbatdoshimiz esa 2020-yil dekabrda rus askarlari isyonchilar bilan otishma chog‘ida uning xolasi Albertinani o‘ldirishganini so‘zlab berdi. O‘sha voqeadan so‘ng mahalliy politsiya komissaridan yordam so‘raganida komissar uni yuqori martabali rus zobiti bilan uchrashtiribdi. Zobit esa Ngaissega tovon sifatida 5000 MAR franki (taxminan 8 dollar) taklif qilibdi. Ngaisse buni haqorat bilib, rad qilibdi. “Dodimni kimga aytay? Menga quloq soladigan kim bor? Bu mamlakatda bo‘layotgan ishlarni tushunmayapman”, deydi u.

“Vagnerchilar”ning inson huquqlarini poymol qilishidan jabr ko‘rayotganlar soni o‘sishda davom etmoqda. Afsuski, bu borada muvofiqlashtirilgan surishtiruvlar va samarali javobgarlik choralari yo‘q”, deydi BMTning yollangan jangchilar bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Yelena Aparas.

MARda ruslar o‘ta ayovsiz qo‘rqitish taktikasi bilan shuhrat qozonganlar, ular hatto o‘zlarining shu yerlik shogirdlarini ham ayamay jazolashadi. Bunga hukumat qo‘shinlari xizmatiga kirib, “vagnerchilar” qo‘lida ta’lim olgan “Antibalaka” nomli bo‘linma qo‘mondoni Xose Befio taqdiri yorqin misol bo‘la oladi.

BMT kuzatuvchilari fikricha, bir qancha zo‘ravonlik jinoyatlariga aloqador bo‘lgan Befio keyinchalik hukumat va uning rus ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortadi. Tog‘asi Bachira Itumanjiga ko‘ra, Xose rus yollanma askarlarining ayrim jinoyatlariga qarshi chiqqan ekan.

2024-yil 23-iyul tunida ruslar Befio va uning yordamchisini uyidan o‘g‘irlab ketadilar. Tog‘asi ularning jasadlarini ertasiga o‘sha atrofdagi eski fabrikadan topadi: ikkisining ham kallasi kesib olinib, bir-birining qo‘liga tutqazib qo‘yilgan holatda edi... Jasadlarning suratlari butun mamlakatga tarqaladi. BMT kuzatuv misiyasi ham ushbu holatni qayd etgan.

Fabrika tevaragida yashovchi aholi bu ruslarning ishi ekanini tasdiqlaydi. Itumanji aytishicha, ruslar Befioning uch yosh bolasini ham o‘g‘irlab ketib, bir necha kun saqlaganlar. Bolalar oilasiga qaytarilganida esa uchovining ham tishlari qoqib olingan edi...

“Ular terrordan qurol o‘laroq foydalanishadi, chunki butun hududni, barcha aholini nazoratda saqlashga kuchlari yetmaydi. Shu bois odamlarni bo‘ysundirish va hukumat uchun chaqimchilik qilishga majbur etish maqsadida qo‘rquv uyg‘otish usullarini keng qo‘llashadi”, deydi Xalqaro inqiroz guruhi hamda Belgiya tahlil markazi eksperti Sharl Bussel.

Uning aytishicha, Befio va yordamchisining boshsiz jasadlari atay suratga olinib, tarqatilgan. “Bu boshqa dala komandirlariga mujda edi. Qaranglar, “Vagner” XHSHga bergan va’dasini unutganlar mana shu ko‘yga tushadi, deya ularni ogohlantirishdi”, deydi Bussel.

Huquq faollari va BMT vakillari tomonidan yig‘ilgan ko‘pdan-ko‘p dalillarga qaramay, Rossiyaning Moskva hamda Bangadagi rasmiylari “vagnerchilar” mamlakatda jinoyatlar sodir etayotganini inkor etishmoqda. “Rossiya harbiy maslahatchilari qotilliklar va talon-torojda ishtirok etishmagan, bunday bo‘lishi mumkin emas. Bu navbatdagi yolg‘on”, degan edi Kremlning matbuot kotibi Dmitriy Peskov BMTning 2021-yilgi hisobotiga javoban.

Вагнерчи муҳожирлар қабристони. Яна икки нафар ўзбекнинг урушда ўлгани хабари чиқди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:57 0:00

“Ozodlik” rus harbiylarining jinoyatlariga doir xabarlar yuzasidan izoh so‘rab MAR Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi, ammo javob ololmadi. Prezident Tuader ofisi vakili ham javob berishdan bosh tortdi, faqat “Rossiya bilan hamkorlik a’lo darajada rivojlanayotgani va Markaziy Afrika Respublikasini dunyoga yomon otliq qilib ko‘rsatishni istovchi G‘arb bundan bezovta bo‘layotgani”ni aytdi, xolos.

Rossiya MARdan harbiy kuchlarini hali-beri olib ketadiganga o‘xshamaydi. Aksincha, Tuader ma’muriyati aloqalarni yanada chuqurlashtirishga intilmoqda. O‘tgan oy MAR prezidenti Moskvaga borganida unga izzat-ikrom ko‘rsatishdi – poyiga qizil gilam to‘shaldi, Kreml devori tagida uning uchun faxriy qorovul paradi o‘tkazildi.

Bu voqeadan bir oy avval esa MAR poytaxti Bangada Yevgeniy Prigojin va 2023-yil avgustda u bilan aviahalokatda o‘lgan Dmitriy Utkin (XHSHning birinchi komandiri, “Vagner” aslida uning jangovar laqabi bo‘lgan)ning yangi haykallari paydo bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG