Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:13

Qoraqalpog‘iston: Hibsga olinganlarning bir qismi qo‘shni viloyatlarga olib ketilgan


O‘zbekiston hukumati 2-iyul kuni Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarni bostirish uchun hududga qo‘shimcha kuchlar kiritgan.
O‘zbekiston hukumati 2-iyul kuni Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarni bostirish uchun hududga qo‘shimcha kuchlar kiritgan.

Qoraqalpog‘istonda shu yilning 1-2-iyul kunlari tartibsizliklarga aylanib ketgan ommaviy norozilik namoyishlariga aloqadorlikda hibsga olingan yuzlab odamning bir qismi qo‘shni Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi hibsxonalarda ushlab turilibdi.

Bu haqda Ozodlikka Qoraqalpog‘iston huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayanib ma’lum qilgan mahalliy jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni viloyatlarga olib ketilganlar hukumat nazarida tartibsizliklarga yetakchilik qilganlar deb gumonlangan shaxslardir.

"10-15 sutkaga qamalganlar Qoraqalpog‘istonning o‘zida ushlab turilibdi", dedi vaziyatdan xabardor mahalliy jurnalist.

4-iyul kuni O‘zbekiston Milliy gvardiya Axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov Nukusdagi tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlanib 516 kishi hibsga olinganini bildirgan edi.

Нукусда нима бўлди? Расмий версия
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:50 0:00

Bosh prokuraturaga ko‘ra, hibsga olinganlarga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qancha moddasi, jumladan, 159- O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

5-iyul kuni Xalqaro Amnistiya tashkiloti O‘zbekiston hukumatini Nukusda aynan nimalar sodir bo‘lganini zudlik bilan ochiqlab, norozilarga qarshi kuch qo‘llanilishi yuzasidan xolis, mustaqil va diqqat bilan tekshiruv o‘tkazish hamda aybdorlarga nisbatan adolatli sudlovni ta’minlashga chaqirdi.

4-iyul kuni Yevropa Ittifoqi Qoraqalpog‘istondagi zo‘ravonlikliklarni mustaqil tergov qilishga chaqirgandi.

Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahririda respublika maqomining o‘zgartirilishiga qarshi ommaviy norozilik chiqishlari 1-iyul kuni boshlanib, 2-iyul oqshomida xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgan.

4-iyul kuni Oliy Majlis prezident Mirziyoyevning mamlakat Konstitutsiyasi yangi tahriridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini o‘zgarishsiz qoldirish haqidagi taklifini ma’qullagan.

Ushbu moddalar Qoraqalpog‘iston Respublikasining "suvereniteti" (70-modda) hamda "Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqi"(74-modda) ni tasdiqlaydi.

O‘zbekiston rasmiylari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida 18 kishi qurbon bo‘lgan, 38 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan. Norozilik namoyishlari ortidan 516 kishi qo‘lga olingan.

2-iyul oqshomida Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat e’lon qilingandan so‘ng, rasmiylarga ko‘ra, komendantlik soati tartibini buzgan 110 kishi ushlangan.

Qurbonlar soni "to‘liq emas"

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligidagi Ozodlik manbasi tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lganlar soni "to‘liq emas"ligini aytdi.

“Hozircha aniq sonini bilmaymiz. Lekin 18 deb berilgan raqam hali to‘liq emasligini ayta olaman. Bugun Nukus shahrida, Chimboyda, Qorao‘zak, Xo‘jayli tumanlarida o‘lganlarning janozalari bo‘lyapti”, - dedi Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi.

Qoraqalpog‘iston SSVdagi manbaning bildirishicha, tartibsizliklarda yaralanganlar soni 247 kishini tashkil etadi.

“Ularni hammasi o‘zimizni Qoraqalpog‘istonda. Respublika miqyosidagi kasalxonalarga sig‘maganlarni tuman kasalxonalariga joylaganmiz. Hozir ularga yaxshi qaralyapti. Jarohat olganlari ichida ayol-qizlar yo‘q. 247 kishi. 150tasi o‘rta jarohat, qolgani uyiga javob berilgan”, - dedi Qoraqalpog‘iston SSV mulozimi.

4-iyul kungi brifingda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi komendanti, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev halok bo‘lganlarning 14 nafari fuqarolar bo‘lib, ulardan 13 nafari "alkogol va giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgani"ni aytgan.

Yana 4 nafar huquq-tartibot organlari xodimi xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Voqealar borasida rasmiylar berayotgan ma’lumotlarni hozircha mustaqil manbalardan tasdiqlash imkoni yo‘q.

Namoyishlar arafasida mobil internetga cheklovlar o‘rnatilgani xabar qilingan, 1-iyuldan boshlab esa statsionar internet ham cheklangan. 5-iyul kuni Nukusda bo‘lgan Gazeta.uz muxbiri Shuhrat Latipovning yozishicha, internet hanuz cheklangan, Nukusdagi aksariyat terminal va bankomatlar ishlayamapti, davlat xizmatlari ko‘rsatilmayapti.

O‘likxona oldidagi navbatlar

"Gazeta.uz" muxbiri aholi shifoxonalar, o‘likxona va IIBdan yaqinlarini qidirayotgani haqida yozdi.

"Bedarak yo‘qolgan yaqinlarini izlayotgan odamlar ichki ishlar organlari va shifoxonalardan so‘ng bu yerga, yaqinlarini vafot etganlar orasida bo‘lmasligidan umid qilib kelmoqda.

Soat taxminan 13:20 larda markaz (Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Qoraqalpog‘iston filiali) binosi oldida 25 nafarga yaqin odam bor edi, ular navbatma-navbat deraza oldiga kelishar va so‘nggi kunlarda bedarak yo‘qolgan yaqinlarining ma’lumotlarini aytishardi. Odamlar doim almashib turardi — ma’lumotlarni bergandan so‘ng ular yaqinlarini qidirishda davom etish uchun ketishardi, ularning o‘rniga boshqalar kelardi", deb yozdi "Gazeta.uz" muxbiri Shuhrat Latipov.

Nukusdagi vaziyat

Ayni paytda Nukus yashovchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, favqulodda holat amal qilayotgan shahar chegarasida blokpostlar o‘rnatilgan.

"Shahar tinch. Qoraqalpog‘iston chegarasida, hamma yerida nazorat punktlari. Xorazm va Buxorodan maxsus qo‘shinlarni, Milliy gvardiyani olib kelib tashlagan. BTRlar turibdi. Komendantlik soati vaqtida Qoraqalpog‘istonga kirish taqiqlab qo‘yilgan. Internet uzib qo‘yilgan" dedi Ozodlik bilan anonim tarzda suhbatlashgan nukusliklardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xorazm va Qoraqalpog‘iston orasida savdo- sotiq ham to‘xtagan.

"Eng chekka Amudaryo, Mang‘it, Ellikqal’a tumanlari Xorazmdan keladigan oziq-ovqat hisobiga kun ko‘radi. Hozir mol kelishi to‘xtagan, kiritmaydi. O‘zi asli u tumanlarda hech qanaqa miting harakatlari bo‘lmagan. U yerda asosan o‘zbeklar yashaydi, lekin ularda ham komendantlik soati amal qilyapti", dedi nukuslik suhbatdosh.

Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligining Ozodlik suhbatlashgan yuqori martabali mulozimi vaziyat yaxshilansa komendantlik soati muddatidan oldin bekor qilinishi mumkinligini aytdi.

“Nukusda hozir vaziyat tinch. Majlisda aytildi, agar vaziyat hozirgiday yaxshi bo‘lib tursa, komendantlik soati ertaroq bekor qilinadi”, - dedi nomi ochiqlanmasligini so‘ragan Qoraqalpog‘iston IIV mulozimi.

XS
SM
MD
LG