O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va boshqa rasmiylar Ozodlikning O‘zbekiston suveren boylik fondidan Mirziyoyev qudavachchasiga o‘nlab million dollar mablag‘ ajratilgani haqidagi surishtiruvini javobsiz qoldirarkan, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida Mirziyoyev kuyovlari trendga chiqdi.
Ozodlikning Mirziyoyev oilasiga bevosita aloqador Orient Group kompaniyalari keyingi to‘rt yil ichida prezidentning bevosita ishtiroki va homiyligi ostida o‘z boyligini kamida uch baravarga ko‘paytirganiga oid surishtiruvini YouTubeda bir milliondan oshiq¸ tarmoqlarda esa jami ikki milliondan ko‘p odam ko‘rdi.
Surishtiruv minglab o‘zbekistonliklarni unda ko‘tarilgan mavzuga munosabat bildirishga undadi.
Tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokama qilinayotgan Ozodlik surishtiruviga na u e’lon qilinguncha va na e’lon qilinganidan so‘ng aloqador tomonlardan birortasi rasman¸ ochiq munosabat bildirmadi.
Ozodlik 9 - sentabr kuni Prezident matbuot xizmati¸ Orient Group va O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga surishtiruvdan tug‘ilgan savollarni yozma shaklda jo‘natgan edi. Ayni kuni prezidentning qudavachchasi Oybek Umarov mulkdori bo‘lgan o‘nga yaqin MChJ rahbarlariga ham qo‘ng‘iroq qilib¸ Oybek Umarovni topishga uringan edi.
Surishtiruv e’lon qilinishi bilan tarmoqlarda boshlangan hujumlar aloqador tomonlarning bu surishtiruvga javobning boshqacha¸ tajribada avval ham sinalgan usuli orqali berishga qaror qilganini ko‘rsatadi.
"Trollar" xuruji
15 - sentabr kuni Ozodlik surishtiruv videosini YouTube kanalida premyera qilishni boshlagan ilk soniyalardanoq video mazmuni bilan hali to‘liq tanish bo‘lmagan "foydalanuvchilar" video ostida ayni mazmundagi yuzlab izohlarni qoldira boshladi.
“Ozodlik yolg‘onchi¸ bu bo‘hton¸ prezidentni obro‘sizlantirish uchun uyushtirilgan uydirma”¸ degan izohlar to‘xtovsiz post qilindi.
Ozodlik hammasi ayni mazmundagi bu postlarni takror va takror yozgan akkauntlarning aksariyati 10-13 - sentabr kunlari ochilganini aniqladi. Ozodlik surishtiruvga aloqador tomonlarga yozma va telefon orqali 9 - sentabr kuni murojaat qilgan edi. Bu akkauntlarning na Ozodlik surishtiruvi¸ na undan so‘ng ko‘rinmagani¸ ular ko‘pining bir martalik akkauntlar ekanini ko‘rsatadi.
Tomoshabinlarni Ozodlik surishtiruviga asos bo‘lgan rasmiy fakt va dalillardan chalg‘itishga uringan “sharhlovchilar”ning eng faollari o‘z akkauntiga hukumatni tanqid qilib kelayotgan faollar nomi va suratini qo‘ygan.
Xususan¸ ular orasida muxolifatchi professor Xidirnazar Allaqulov¸ huquq faoli Abdujalil Boymatov¸ faol Namoz Normo‘min¸ mustaqil jurnalist Qudrat Bobojon nomi va surati bilan ochilgan akkauntlar bor.
Eltuz nashri muharriri Qudrat Bobojon o‘z nomi va suratining o‘zbek tilli trollar tomonidan birinchi marta ishlatilmayotganini ta’kidlaydi.
- Oldin ham Facebookda mening nomim va rasmim bilan soxta akkaunt ochib¸ postlar qo‘yishgandi. Endi YouTubega o‘tishibdi. Jamoatchilikni jiddiy surishtiruvda keltirilgan faktlardan chalg‘itish uchun "trollar fabrikasi" ishga solingani ko‘rinib turibdi. Trollarga bizning ism-familiyamizni berish bilan hujum buyurtmachilari ikki quyonni urishmoqchi. Ham Ozodlik¸ ham mustaqil va muxolifatchi faollarni diskreditatsiya qilish. Ayni paytda¸ oramizga nizo solish¸ ya’ni umumiy janjal foni hosil qilishdir¸ - deydi Qudrat Bobojon.
Ozodlik 2018 - yili o‘tkazgan surishtiruv davomida Yoshlar Ittifoqining bir guruh faol a’zolari Facebook tarmog‘ida feyk akkauntlar ochib, trollik qilib kelayotgani oshkor bo‘lgan edi.
Oradan bir yil o‘tib¸ jurnalist Dilbar Ismatullayeva va Alimoff kanali hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruv davomida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida maxsus “trollar fabrikasi” mavjudligi yuzaga chiqqan edi.
Bu surishtiruv davomida Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi ishtirokchisi ko‘p bo‘lgan guruhlar¸ xususan¸ Ozodlikning tarmoqlardagi sahifasiga “Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar” haqida ijobiy postlar qoldirish buyurilgani aytilgan edi.
Surishtiruv TATUdagi "trollar fabrikasi"ni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fayzulla Agzamov boshqarayotganini ko‘rsatgan.
Shu yil iyunida Ozodlik Samarqand va Andijonda talabalar trollik qilishga majburlanayotgani haqidagi yozgan edi.
Bilvosita munosabat?
Ozodlikning “Farg‘onalik kuyovlar: Mirziyoyevning qudavachchasi qanday qilib milliard dollarlik biznes egasiga aylandi?” deb nomlangan surishtiruvi o‘zbek blogosferasida ochiqdan-ochiq tilga olinmadi.
Ayrim blogerlar unga Ezop tilida munosabat bildirdi.
O‘tkir satirasi va achchiq tanqidi bilan boshqa o‘zbek blogerlaridan ajralib turuvchi @Tentakminds Telegram-kanali muallifi surishtiruvga¸ uni tilga olmay turib sharh qoldirdi.
“Oldin kelinlar edi, endi kuyovlar bo‘ldi, tizim ishlasa bo‘ldi-da, qayerdan qanday pul kelishining ahamiyati yo‘q”¸ deb yozdi @Tentakminds.
Telegramdagi ayrim kanallarda o‘zbekistonlik jurnalist Said-Abdulaziz Yusupovning prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarov haqida aytgan gaplari go‘yo Ozodlik surishtiruviga Umarov lageridan berilgan javob sifatida tarqamoqda.
Tarmoqlarda tarqagan qisqa videoda Yusupov¸ Otabek Umarovni “chodirining qozig‘igacha tillodan bo‘lgan boy yigit”¸ o‘zbek yoshlari uchun butun boshli IIV qila olmagan ishlarni qilgan "qahramon" sifatida tasvirlaydi.
Ozodlikda jurnalist Dilshoda Matchonovaning "Siyrat" ko‘rsatuvida yangragan bu so‘zlarning aynan o‘z surishtiruviga javob ekanining tasdig‘i yo‘q. Ayni paytda video Ozodlik surishtiruvi e’lon qilingan 15 - sentabr kuni YouTube portalida paydo bo‘ldi.
2019 - yil sentabrida Jinoyat Kodeksining firibgarlik va pora berish moddalari bilan ayblanib, 6.5 yilga mahkum etilgan va o‘tgan yil iyulida ozodlikka chiqarilgan Yusupov bundan avval prezidentning kenja kuyovini o‘zbek yoshlari ergashishi kerak bo‘lgan “kumir” deb atagandi.
U soliq to‘lovchi hisobidan oylik oladigan yuqori martabali davlat xizmatchisi bo‘lgan Umarovning qanday qilib “chodirining qozig‘igacha oltindan bo‘lgan boy yigit”ga aylangani haqida gapirmagan.
Troll bo‘lmaganlar sharhlari...
Ozodlik surishtiruvi O‘zbekistonda keyingi besh yil ichida ochiq amalda bo‘lib kelayotgan manfaatlar to‘qnashuvining bevosita Birinchi oilaga borib taqalishini o‘rtaga chiqardi.
Bu esa¸ 2016 yili “O‘zbekistonni dabdala qilgan o‘g‘ri va kalamushlar¸ xususan¸ “to‘da-to‘da bo‘lib xalqqa xiënat qilgan farg‘onalik kelinlar”ni yo‘qotishni va’da qilgan Shavkat Mirziëevning o‘z asosiy va’dasi ustidan chiqmaganini ko‘rsatdi.
Mirziyoyevning bu kabi va’da va katta-katta bayonotlari bilan amaldagi ishlari o‘rtasidagi jarlik manzarasi tarmoqda memga aylanib ulgurgan.
Ozodlik surishtiruvi munosabati bilan oddiy o‘zbekistonliklar yozayotgan sharhlarda jamoatchilikning bu ikkiyuzlamachilikdan hafsalasi tobora pir bo‘layotganini ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi shu yil fevralida Ozodlikning Toshkent viloyatida prezident Mirziyoyev uchun maxsus qurilgan maxfiy Shovvozsoy rezidensiyasi haqidagi surishtiruvida ko‘tarilgan savollarni avvaliga javobsiz qoldirgandi.
Ozodlik surishtiruvi Mirziyoyev va oilasi uchun qurilgan maxfiy dam olish majmuasi va sun’iy suv ombori davlat g‘aznasiga kamida 1 milliard dollarga tushganini aniqlagan.
Surishtiruvdan bir necha kun o‘tib, qurilish buyurtmachisi bo‘lgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ maxsus rezidensiya va suv omborini o‘z ichiga olgan maxfiy oromgoh Mirziyoyev uchun qurilganini rad etishga uringan, ammo Ozodlik "Temir yo‘llari"ning rasmiy raddiyasidagi video soxtalashtirilganini o‘rtaga chiqargandi.
Joriy yilning 19 - mart kuni prezident Mirziyoyevning sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov "O‘zbekiston temir yo‘llari" Shovvozsoy borasida yolg‘on axborot va soxta video tarqatganini tan oldi.
Allamjonovning bayonoti prezident Mirziyoyevning "Shovvozsoy" rezidensiyasi mavjudligi tan olingan bayonotida bir kun o‘tib yangradi. 18 - mart kuni Prezident matbuot xizmati xodimi bo‘lgan mahalliy blogerning savoliga javoban Mirziyoyev: «Bu «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning davlat korxonasi. Hech kim u yerda turib, yashab yoki birovga o‘tkazilgani yo‘q. U davlatning joyi”, deb aytgan edi.
Prezident Mirziyoyevning raddiyasiga qaramasdan, "Shovvozsoy" O‘zbekiston hokimiyatining yuqori eshelonlaridagi korrupsiya, nepotizm va manfaatlar to‘qnashuvining ramziga aylandi. Ozodlikning prezident kuyovlari haqidagi oxirgi surishtiruvi ortidan ko‘plab tarmoq foydalanuvchilari yana bir bor "Shovvozsoy"ni yodga oldi va Mirziyoyev prezidentligi davrida korrupsiyaning gullab-yashnayotganiga e’tibor qaratdi.