Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:12

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining qayta tuzilishi prezidentning unga ishonmasligini ko‘rsatdi


Qozog‘iston siyosiy elitasini larzaga keltirgan norozilik namoyishlari vaqtida Olmaota hokimiyati oldida yoqib yuborilgan mashina.
Qozog‘iston siyosiy elitasini larzaga keltirgan norozilik namoyishlari vaqtida Olmaota hokimiyati oldida yoqib yuborilgan mashina.

Qozog‘istonda anchagina notinch boshlangan 2022 - yilning dastlabki kunlarida aynan nima sodir bo‘lgani haqida ko‘plab savollar tug‘iladi.

Bir necha kun davom etgan hukumatga qarshi umummilliy namoyishlar hammaga ma’lum bo‘lsa‑da, hukumatning yuqori bo‘g‘inida nima bo‘layotgani noma’lum edi.

Namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalayotgan bir paytda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning vorisi Qasim-Jomart Toqayev tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib, bu kurashda Toqayev g‘olib chiqqani yaqqol ko‘rindi.

Nazarboyevlar oilasining ko‘p narsalardan mahrum qilinayotgani Toqayev va tarafdorlari ularga ishonmayotgani yoki toqat qilmayotganini ko‘rsatsa ham, hukumat tarkibida kim qaysi tomonda ekanligi haqida hali ham aniq gap aytish qiyin.

Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi (KNB) bu borada vaziyatga biroz aniq baho berish mumkin bo‘lgan hukumat tashkilotlaridan biri.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev (o‘rtada) Nur-Sultonda yoqilg‘i narxi oshishi sababli ommaviy norozilik namoyishlari ortidan favqulodda choralar ko‘rish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev (o‘rtada) Nur-Sultonda yoqilg‘i narxi oshishi sababli ommaviy norozilik namoyishlari ortidan favqulodda choralar ko‘rish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda.

5 - yanvar kuni noma’lum guruhlar tomonidan Qozog‘istonning sharqiy va janubiy shaharlaridagi norozilik namoyishlari ommaviy tartibsizlik, zo‘ravonliklarga aylantirilishi ortidan, Toqayev Nazarboyev tarafdori bo‘lgan qudratli amaldor, KNB raisi Karim Masimovni ishdan bo‘shatdi va u keyinchalik hibsga olindi.

Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, norozilik namoyishlari natijasida tartibsizliklar avj olgan bir paytda KNB umuman ko‘rinmagan. Ayniqsa, KNBning Olmaotadagi shtab-kvartirasi talon-toroj qilingan, qurol va hujjatlar o‘g‘irlangan.

Ko‘pchilikdan biri

Hukumatni zo‘ravonlik yo‘li bilan ag‘darishga uringanlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanayotgan Masimov uzoq yildan beri faoliyat yuritadi. U 2016 - yilda KNB boshlig‘i bo‘lgunga qadar Nazarboyev davrida ikki marta Bosh vazir, transport va kommunikatsiyalar vaziri, iqtisodiyot va byudjetni rejalashtirish vaziri, davlat kotibi va Nazarboyevning prezidentlik apparati rahbari lavozimlarida ishlagan.

Karim Masimov
Karim Masimov

Masimov KNB tarkibida ishdan bo‘shatilgan yagona odam emas.

17 - yanvar kuni Nazarboyevning jiyani Samat Abish KNB raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan rasman ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

Unga ko‘ra, Abish Masimov bilan bir vaqtda bo‘shatilgan. Biroq KNB avvaliga buni inkor etib, Abish hali ham o‘z lavozimida ekani, ta’tilga chiqqanini ma’lum qilgan.

Ammo 9 - yanvar kuni KNB raisining yana uch o‘rinbosarlari – Marat Osipov, Daulet Yergojin va Anuar Sadiqulovlar ham ishdan bo‘shatildi, ulardan ikki nafari hibsga olindi.

Osipov 1986 - yilda Qozog‘istonda KGB tarkibida ish boshlagan xavfsizlik xizmati xodimi bo‘lgan.

U 2013–2016 - yillarda Olmaota KNB rahbari bo‘lgan va 2016 - yil yanvaridan Qozog‘iston KNB raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Osipov hali hibsga olinganicha yo‘q.

Yergojin va Sadikulov 13 - yanvar kuni hibsga olingan bo‘lib, ularning o‘tmishi anchagina qiziqarli.

2016 - yil noyabrida Yergojin KNB raisi o‘rinbosari etib tayinlanganda xavfsizlik va huquq-tartibot organlari sohasida biror tajribaga ega emasdi. U bu lavozimga Masimov KNB rahbari bo‘lganidan atigi ikki oy o‘tgach tayinlangan.

Daulet Yergojin.
Daulet Yergojin.

Yergojin asosan energetika sohasida va davlat moliya idoralarida ishlagan. U 2007–2008 - yillarda moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. KNB raisi o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar u yerda yana bir qancha yuqori lavozimlarni faoliyat yuritgan.

Anuar Sadikulov
Anuar Sadikulov

Sadikulov KNBning “Aristan” elita bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan va faoliyatining katta qismini KNB va xavfsizlik organlarida o‘tkazgan. 2020 - yil yanvarida KNB raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

Sadikulov Nazarboyev raislik qilgan davrda Qozog‘iston Xavfsizlik Kengashining ham a’zosi edi.

Keyinroq Nazarboyevning matbuot kotibi 81 yoshli Nazarboyev o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Biroq hukumatdan hech kim buni tasdiqlamadi.

Sadikulov faoliyatining asosiy qismini prezident xavfsizlik xizmatida o‘tkazgan, 2013 - yilda tuzilma boshlig‘i etib tayinlangan, 2014 - yilda KNB raisining o‘rinbosari lavozimini egallagan.

2019 - yilning iyunidan 2020 - yilning yanvarigacha u yana prezident xavfsizlik xizmatini boshqargan.

Osipov ham 1999-2001 - yillarda prezident xavfsizlik xizmatida bo‘lgan.

KNBning yangi rahbari etib Yermek Sagimbayev tayinlandi. U yangi lavozimga o‘tgani munosabati bilan prezident xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini topshirdi.

Osipov va Sadikulovning faoliyati shuni ko‘rsatadiki, KNB va prezident xavfsizlik xizmatidagi mansabdorlar bir xizmatdan ikkinchisiga o‘zgartirib turilgan. Sagimbayevning o‘zi ham prezident xavfsizlik xizmatiga o‘tgunga qadar, 1994 - yildan 2006 - yilgacha KNBda ishlagan.

Sagimbayevning KNBda yaqin aloqalarga egaligiga shubha yo‘q edi. Aynan u Toqayevga qarshi harakatlar boshlanganini birinchilardan bo‘lib payqagan bo‘lishi mumkin. Uning KNB boshlig‘i etib tayinlanishi Toqayevning unga bo‘lgan ishonchi o‘laroq ko‘rilmoqda.

Toqayevni prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlaganidan ikki oy o‘tgach, Sagimbayev prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari bo‘ldi. 2021 - yil 25 - avgustda aynan shu tuzilma rahbarligiga tayinlandi.

KNB raisining birinchi o‘rinbosari Abish va yana uch nafar o‘rinbosarlar ishdan bo‘shatildi.

Mamlakatning eng muhim xavfsizlik xizmatidagi bunday katta almashuvlar g‘alayonlardan keyin Toqayevning KNBga ishonmaganini ko‘rsatdi.

Osipov, Yergojin va Sadikulov ishdan olingan kunning o‘zida‑yoq Toqayev Baxitbek Kosjanov va Asqar Amerxanovni KNB raisining yangi o‘rinbosarlari etib tayinladi.

Kosjanov ham faoliyatini 1994 - yilda KNBda boshlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kosjanov 2012 - yilda sanoat loyihalari uchun xomashyo va infratuzilmani qayta taqsimlashda moliyaviy resurslardan foydalanishni nazorat qiluvchi komissiya tarkibiga kiritilgan.

Keskin qayta tashkil etish

Uning bu komissiyada orttirgan bilimi sobiq va amaldagi mansabdorlar yoki Nazarboyevlar oilasi davlatdan o‘g‘irlagan pullarni aniqlashda juda foydali bo‘lishi mumkin.

Asqar Amerxanov ham 1995 - yilda ish boshlagan KNB xodimi. U 2004 - yilda KNB aksilterror markazi boshlig‘ining o‘rinbosari etib tayinlangan.

2020 - yil 6 - may kuni Toqayev Sagimbayev bilan birga Amerxanovga ham general-mayor unvonini berib, mukofotlagan edi. O‘sha marosimda Masimovga general-leytenant unvoni berilgan.

Toqayev 5 - yanvar kuni Qozog‘iston hukumatining iste’fosini qabul qilgan va 11 - yanvarda hukumat tarkibini isloh qilganida ichki ishlar vaziri Erlan Turg‘umboyev va mudofaa vaziri Murat Bektanov lavozimiga qayta tayinlangan. Bu ularning Toqayevga sadoqati gumon ostida bo‘lmaganidan dalolat beradi.

Ammo ishdan olinganlar sonining ko‘pligidan kelib chiqqan holda aytish mumkin, Toqaev va uning tarafdorlarida KNB noroziliklar paytida hukumatga qarshi harakat qilgan degan shubhalar paydo bo‘lgan.

Toqaevning 11 - yanvardagi milliy xavfsizlik tizimini tubdan qayta tashkil etishi haqidagi bayonotini ham shu bilan izohlash mumkin. Shuningdek , u Milliy gvardiyani “son va sifat jihatidan” kuchaytirishni, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi tarkibida yangi tuzilmalarni shakllantirishni buyurdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG