Qozog‘istonda bosh vazir topshirig‘i bilan uchinchi mamlakatlarga kartoshka olib chiqib ketilishiga olti oylik cheklov joriy qilindi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri sayti ma’lumot tarqatdi.
“Qo‘shni mamlakatlar, ayniqsa, O‘zbekiston tomonidan talab ortgani va eksport narxlari yuqorilab ketgani tufayli joriy yilda kartoshka eksporti 1,5 baravarga − 411 ming tonnadan 605 tonnagacha oshib ketdi. Qayd etilishicha, talabning o‘ta oshishi ichki bozorga ta’sir ko‘rsatdi. Deylik, so‘nggi haftada eksportga yo‘nalgan ishlab chiqaruvchilarda narx keskin ko‘tarilib ketgani (170 tengedan 270 tengega) qayd etilgan”, deyilgan xabarnomada.
Mazkur cheklov Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari uchun taalluqli emas, biroq bu yo‘nalishdagi eksport ham nazorat ostida bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda, o‘tgan haftadan boshlab Qozog‘istonda kartoshka eksporti uchun fitosanitariya sertifikatlar berilishi to‘liq to‘xtatilgan.